O‘zbekiston o‘z avtomobillarining Qozog‘iston bozoriga qaytishiga umid qilmoqda

Image copyright bibi.uz
Image caption O‘zbekiston o‘z avtomobillariga muqobil bozorlar qidirayotgani aytiladi

Ostonada ikki davlat hukumat hay‘atlari o‘zbek avtomobillarining Qozog‘iston bozorlariga chiqarilishi masalasini muhokama qilganlar.

Podrobno.uz saytining O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligiga iqtiboson tarqatgan xabarida aytilishicha, muzokaralarda o‘zbek tomonidan vazir o‘rinbosari Akmal Kamolov, Qozog‘istondan esa Sanoat va yangi texnologiyalar vazirining o‘rinbosari Albert Rau ishtirok etishgan.

Tomonlar Qozog‘istonning shu yil 1 yanvardan e‘tiboran mamlakatga olib kirilayotgan yengil avtomobillarga texnik parametrlar bo‘yicha kiritgan cheklovlarini muhokama qilganlar.

O‘zbek tomoniga ko‘ra, Qozog‘iston cheklovlar haqida O‘zbekistonni rasman xabardor qilmagan, oldindan maslahatlashuvlar o‘tkazmagan va moslashish uchun muhlat bermagan.

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, muzokaralarda ayni masalada har ikki tomon uchun ma‘qul yechim topishga kelishilgan.

Qozoq tomoni O‘zbekiston qo‘ygan masalalar yuzasidan eng qisqa muddatda javob berishga rozi bo‘lgani xabar qilinadi.

Ayni paytda Bojxona Ittifoqining yana bir a‘zosi Rossiya o‘zbek avtomobillariga hozircha hech qanday cheklov kiritmagan.

Rossiyadagi GM Uzbekistan shirkati vakilining BBCga aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar Rossiyaga muammosiz olib kirilmoqda.

Xavfsizlik muammolari

Texnik reglamentga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha, Bojxona ittifoqiga olib kirilayotgan avtomobilda hech bo‘lmaganda old xavfsizlik yostiqchasi bo‘lishi, tormoz tizimi bloklanib qolishining oldini oluvchi tizim, bolalar o‘rindig‘ini o‘rnatishga mo‘ljallangan qotirma va immobilayzer – o‘g‘irlashga qarshi elektron uskuna bo‘lishi shart.

Biroq Qozog‘istonda sotiladigan GM Uzbekistan mashinalari bu talablarga javob bermaydi.

2013 yilda Qozog‘istonda 13 371 dona o‘zbek avtomobillari sotilgan. Neksiya o‘tgan yili eng ko‘p sotilgan mashinalar uchligiga kirgan va 10 mingdan ko‘proq sotilgan.

Qozog‘istonga import qilinadigan ayrim Rossiya mashinalari ham ushbu talablarga javob bermaydi.

Biroq Bojxona ittifoqiga a‘zo davlatlarga texnik treglamentda ko‘rsatilgan talablar 2015 yildan boshlab qo‘yila boshlaydi.

Qozog‘iston mashhur Neksiya hamyonbopligi bilan xaridorlarning qiziqishini uyg‘otadi.

Boshlang‘ich komplektli Neksiyalar 8 800 dollardan boshlanadi.

Bu O‘zbekistonning o‘zidagi narxlardan ancha arzondir.

O‘zbek avtomobillariga qozoq tomoni kiritgan cheklov hozircha O‘zbekiston bozoridagi avtomobil narxlariga ta‘sir ko‘rsatmagan.