BBCga aytaman: Andijonda go‘sht narxi nega qimmat?

Andijondan maktub yo‘llagan BBCUzbek.com o‘quvchisi viloyatda go‘sht narxining qimmatligidan yozg‘iradi.

Andijonda bir kilogramm mol go‘shti suyagi bilan hozir 22 ming sumga chikkan. Taliq go‘shtning narxi esa 26 ming so‘m.

Qo‘y go‘shti 24 ming so‘m. Plastik kartaga go‘sht olishni aytmasa ham bo‘ladi.

Bu go‘sht naqd pulga beriladigan go‘shtdan ancha farq qiladi, sifati va suyagining og‘irligi bilan.

Hozir go‘sht narxi oshishining sababini so‘rasangiz, qoramol kamayib ketgan ekan.

Fermerlar qoramol ham topshirishlari kerak. Ular qoramolni fermadan emas, balki aholi qoramolini arzon-garovga tortib olib, qayta xalkning o‘ziga yetkazib berayotir.

Hozir aholi ham o‘z qoramolini zo‘rg‘a boqayotgan vaqtda, uni arzon-garovga berib yuborishi juda qiyin bo‘layapti.

Respublikada chorvachilikni rivojlantirish to‘g‘risida va qoramolga yetkazib beriladigan beda va boshqa omuxta yem mahsulotlar to‘g‘risida bir qancha qaror va qonunlar chiqishiga qaramay, go‘shtning narxi oshib borayapti.

Viloyatda 90 ta atrofida sun‘iy qochirish punktlari bor. Lekin ular ko‘ngilgidagidek ishlamaydi. Masalan, bir yilda 50 ming 900 bosh sigir va urg‘ochi tanalarni sun‘iy urug‘lantirish topshirig‘i belgilangan bo‘lsa, o‘rta hisobda 9 ming 700 bosh sun‘iy urug‘lantirilgan bo‘ladi.

Bu ketishda albatta qoramol kamayib ketadi-da.

Bu holni faqat ko‘zbuyamachilikka yig‘ilishlarda aytiladi, ammo keskin choralar kurilmaydi.

Bundan tashqari, yaylovlar ham qisqarib ketayapti. Masalan, Ulug‘nor tumanida o‘rtacha 5 gektarcha, Bo‘z tumanida 18-20 gektar, Jalolquduqda 60 gektarcha bedazorlar qolgan.

Beda aslida ozuqa ekinlarining 50 foizini tashkil etishi kerak.

Yana bir yilda viloyatda makka silosi uchun jami 7000 gektarcha joyga makkajo‘xori ekish rejalashtirilgan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i bu ko‘rsatkich 25-30 foizga bajarildi, xolos.

Tuman hokimlari ozuqa ekin maydonlarining hakikiy hisobini ham bilishmaydi.

Shuning uchun qoramollar axlatxonalarda, ayrim vaqtlarda paxta dalalarida boqilmoqda.

Ozuqa tannarxi juda kimmat.