"Hurriyat 2014": O‘zbekistonda e‘tiroz bildirish mumkinmi?

Image copyright none

Kimdir, "albatta mumkin", desa hayron bo‘lmayman. Negaki, kunda kunoro e‘tirozlarga ko‘zimiz tushadi, eshitamiz, guvoh bo‘lamiz.

Eski yil tugadi-yu, hali oylik maosh olmasingizdan turib, gaz yoki elektr energiyasi nazoratchisi uyingizga bostirib kelib o‘tgan yildan qolgan qarzni va boz ustiga, bu yilgi to‘lovni oldindan to‘lab qo‘yishimiz haqida do‘q urganda, ko‘zlarimiz javdirabgina, yalingandan battarroq bo‘lib, ne-ne ilinj va iltijo bilan: "Akajon, oylik olganimiz yo‘g‘idi. Yarim yilga to‘lasam maylimi?" deya qo‘rqa-pisa e‘tiroz bildirishimiz mumkin-ku?!

Yoki, ana boring, o‘g‘limiz yoki qizimiz qishki poyabzalidan suv o‘tayotganidan nolisa: "Nima, men senga millionermiman? Hali ikki sezon o‘tmasdan batinkangni rasvo qilibsan!" deya e‘tiroz bildira olamizmi? Xotin qurmag‘ur go‘sht qolmagani-yu, guruch bilan yog‘ning tagi ko‘ringanidan shikoyat qiladigan bo‘lsa, ko‘zlarimizni olaytirib, dag‘dag‘a qilishni ham eplay olamiz ba‘zan.

Qilar ishining tayini yo‘q uy-joy mulkdorlari shirkati (oddiygina JEK desak ham bo‘lardi) raisi deganlari allaqanday to‘lov pulini talab qilib darg‘dag‘a qilsa, ba‘zan yurak yutib: "Opajon o‘zi nimaga pul to‘layapmiz?" deyishimiz ham mumkin...

Viloyatlarni emas, hatto Toshkentning o‘zida yuz-ikki yuz yillik minglab chinoru soya-salqin berguchi xiyobonlarni tag tugi bilan qo‘porib tashlashlariga kim e‘tiroz bildira olardi bugun? Balki, shu yerda to‘xtatsam bo‘lar. Bularning hammasi oddiy turmush tashvishlari, ikir-chikirlar, xolos.

Qulochni kattaroq oladigan bo‘lsakchi? Ahvol qanday aslida? Toshkentdan bir qadam nariga o‘tib ko‘raylik. Bugun na gaz, na elektr va na-da, suvi bo‘lmagan o‘zbekistonliklar arzi dodini, e‘tirozini yurak yutib kimgadir ayta oladimi? Hukumatning shahar yoki viloyat markazlarini qayta qurish, rekonstruktsiya qilish borasida chiqargan qarorlari natijasi o‘laroq, uy-joyidan mosuvo bo‘lganlar, qishning qirovli va izg‘irin kunlarida hokimlikdan "Uying buziladi" degan mazmunda ogohlantirish olganlar e‘tirozini ovoz chiqarib ayta oladimi?

Pensiyasi o‘n-o‘n besh kilo un-u o‘n litr paxta yog‘iga yetmaydigan keksalar, oyligining yarmidan ko‘prog‘i plastik kartochkaga tushirilib, qo‘liga tekkani hemiram bo‘lmaydigan ishchi-xodimlar, domlasidan sessiyani berkitish uchun besh yuz "ko‘ki" kerakligini eshitgan talabalar, sinf fondi, maktab fondi uchun har oyga o‘n besh-yigirma mingdan yuz dollargacha talab etilishini ota-onasiga qanday aytishni bilmayotgan o‘quvchi yoshlar e‘tirozini kimgadir ayta oladimi?

Inson huquq va erkinliklari to‘g‘risida aytadigan bo‘lsak, bu holni ko‘rgan maymunlar ham "dod" solib yig‘lashi tayin bugungi mustaqil O‘zbekistonda.

Nazarimda, respublika fuqarolarining faqat va faqat majburiyati qolganga o‘xshaydi. Mamlakat Konstitutsiyasida erkin fikr bildirish, namoyishlar o‘tkazish, ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilish, qonun bilan belgilangan huquqlarini talab qila olishi kabilar belgilab qo‘yilgan esada, aslida bularning hammasi g‘irt yolg‘on va bundan boshqa narsa emas. Qani bugun Oliy Majlis qabul qilayotgan qonunlarning omma orasida muhokama qilinishi?

Qani gazetalar orqali qonunlar loyihasining muhokamaga tashlanishi? O‘n besh yilning nari berisida bu amaliyotga to‘laligicha barham berildi. Qonunlarni qonun e‘jodkorlari e‘jod etib o‘zlari qabul qiladigan bo‘lishdi. Qonun kimlarning manfaatiga xizmat qilishini bilish qiyin emas bu holdan. Hukumat qabul qilgan yuzlab, balki minglab qaroru hukmi farmolar shundog‘am abgori chiqib qolgan o‘zbekistonliklarning ahvolini tobora tanglashtirayotgan bir paytda biron kishi e‘tiroz bildira olarmikan?

Image copyright Getty

Davlat rahbarining tom-tom kitobu irod etgan nutqi va ma‘ruzalarida qalashib yotgan yolg‘onu sayoz fikrlarga kim ham bir nima deya olardi yurak yutib?! O‘n besh kunlik kelinchakni ota-onasiga tashlab, qarzlaridan qutilish ilinjida Rossiya sari yo‘l olgan yosh kuyovni taqirboshlar kaltaklab o‘ldirgani yuzasidan onaizor kimga arzi dod qila oladi O‘zbekistonda?

Masjidga juma nomoziga ikki karra ziyodroq chiqqani uchun MXXga chaqirilib "vahhobbiy" yoki "xizbutchi" tamg‘asi urilib, Jasliqdagi turmaga tiqilgan o‘g‘ilning otasi kimga arzini aytsin, kimga yolvorsin bugungi O‘zbekistonda?

Uch kishi bozorboshida qaysi choyxonaga chiqishidan gurunglashib turgani mahal, melissa atalmish qaroqchilar tomonidan o‘lasi qilib kaltaklangani uchun kimga e‘tiroz bildirsin bu xalq?

Emishki, uch kishidan ortiq to‘planish man etiladi O‘zbekistonda! Asosiy qonunimizda esa turli uyushmalarga a‘zo bo‘lish, namoyishlar orqali fikrni bildirish erkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Absurd!

Kamina e‘tiroz bildirishning eng maqbul va xatarsiz yo‘lini topgandekman. Hozircha, O‘zbekiston telekanallari orqali berilayotgan "jannatdan xabarlarni" tomosha qila turib, gapiruvchi, tirjaygan, irshaygan kallalarga ovoz chiqarib e‘tiroz bildira boshladim.

Ba‘zan boplab so‘kishga ham jazm qilayapman. Ayniqsa, tanishroq basharani ko‘rgudek bo‘lsam (ko‘proq deputatlar, yozuvchi, shoir va jurnalistlar) bo‘ralib so‘kishniyam eplayapman. Uydagilar hayron. Bir balo bo‘ldimikan, degan xavotir ham yo‘q emas. Ularning xavotirlari va tanbehlariga e‘tiroz bildirmayapman.

Chunki, e‘tirozlarimga ular menikidan-da kattaroq e‘tiroz bildirishini yaxshi bilaman. Xullas, bugungi Mustaqul O‘zbekistonda faqat televizorga e‘tiroz bildirish mumkin bo‘lsa kerak. Balki, buyam hozirchadir...

Aziz o‘quvchi, Hurriyat siz uchun nimani anglatadi? Siz Hurlikni qanday tasavvur qilasiz? Fikru mulohazalaringizni bbcuzbek.com ga quyidagi forma orqali yo‘llashingiz mumkin.