Mirjalol Qosimov: "Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi o‘yin printsipial bo‘ladi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Kuni-kecha Saudiya Arabistonidan qaytgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi bu haqda BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida bildirdi.

Uning aytishicha, maqsadlari o‘zbekistonlik futbol muxlislarini xursand qilish va arablar ustidan g‘alaba qozonish.

Mirjalol Qosimovga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash bellashuvlarining yakuniy uchrashuvi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun bu yil hisobidan ilk rasmiy o‘yin bo‘ladi.

Bosh murabbiyning aytishicha, xuddi shu bois ham, 5 martga rejalangan uchrashuv O‘zbekistonning reytingi uchun muhim ahamiyat kasb etadi va o‘zlari mezbonlik qiluvchi o‘yin printsipial bo‘ladi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, ham O‘zbekiston va ham Birlashgan Arab Amirliklari 2015 yilgi Osiyo Kubogiga muddatidan ilgari yo‘llanmani qo‘lga kiritishgan.

Biroq, Mirjalol Qosimovning aytishicha, allaqachon bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarliklarni boshlab yuborishgan va maydonga faqat g‘alaba uchun tushishni maqsad qilishgan.

Ikkovlon o‘rtasida o‘tgan yilning aynan mart oyida bo‘lib o‘tgan dastlabki uchrashuvda O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklariga 1:2 hisobida yutqazgan.

Bu - O‘zbekiston uchun guruh bosqich saralash bellashuvlarining ilk uchrashuvi bo‘lgandi.

Toshkentdagi o‘yin bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasi bahslari start olganidan qisqa vaqt o‘tmay bo‘lib o‘tmoqda.

Liga o‘yinlarida O‘zbekistonning aynan Mirjalol Qosimov Bosh murabbiylik qiluvchi "Bunyodkor" jamoasining yakka o‘zi namoyon etmoqda.

Klub kuni-kecha safarda guruh bosqich saralash bellashuvlarining ilk uchrashuvini o‘tkazgan va Saudiya Arabistoni chempioni "Al-Fotih" bilan 0-0 durang natija qayd etgandi.

Bosh murabbiy Mirjalol Qosimovning biz bilan xuddi shu suhbatida aytishicha, keskin qarama-qarshi hujumlar ostida kechgan o‘yin natijasi to‘g‘ri, degan fikrda.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, birlamchi maqsadlari guruhdan chiqish bo‘lsa, jamoasi undan uyog‘iga ham o‘z oldiga, har doimgidek, oliy maqsadlarni qo‘ygan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, "Bunyodkor" o‘zining qisqa tarixida ikki bor Osiyo Chempionlar Ligasining yarim finaliga chiqqan ikkita O‘Zbekiston jamoasidan bittasi bo‘ladi.

Osiyo Kubogi

2015 yilgi Osiyo Kubogi o‘yinlari O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun oltinchisi bo‘ladi.

Jamoa o‘z tarixida turnirning ikki bor chorak va bir marotaba yarim final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi o‘yinlarida qayd etgan eng yuksak natija esa, 2011 yilga to‘g‘ri keladi.

Qatarda bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda O‘zbekiston chorak finalda Iordaniyani mag‘lub etib, finalga chiqish uchun Avstraliyaga qarshi to‘p surgan, biroq ashaddiy raqiblaridan 0:6 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Bu – ham O‘zbekiston va ham Avstraliya milliy terma jamoasining o‘z tarixlarida ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaliga chiqishlari edi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘shanda o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni olib, 2011 yilgi Osiyo Kubogining yakuniy bosqich bellashuvlarida to‘p surish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Ular o‘yinlarning ochilish uchrashuvida mezbon Qatarni, keyin boyvachcha Quvaytni yengib, Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan Xitoy bilan durang hisobiga erishishga muvaffaq bo‘lishgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilar o‘zlarining hujumkor o‘yinlari bilan Qatarda nafaqat finalda to‘p surish, balki Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga ham haqli ravishda da‘vogarlik qilishgandi.

Ammo final uchrashuvida avstraliyalik raqiblarini 0:1 hisobida mag‘lub etgan Yaponiya o‘z tarixida to‘rtinchi bor Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik futbolchilarning guruh bosqich saralash bellashuvlari 6 fevraldan 2014 yilning 5 martiga qadar davom etadi.

2015 yilgi Osiyo Kubogi bahslariga Avstraliya mezbonlik qiladi.