Qo‘shni Turkmanistonga toliblar "bostirib kirdi"mi?

Image copyright none

Afg‘onistonning Khaama Press axborot agentligi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, xuddi shunday.

Xabarda aytilishicha, Tolibon jangarilari Turkmaniston hududiga bostirib kirib, kamida uch chegarachini o‘ldirishgan.

Ammo harakatning o‘zim jim. Mahalliy harbiy tahlilchilar esa, shubhada.

Agar, Afg‘oniston axborot agentligi tarqatgan xabarga tayanilsa, hodisa chorshanba kuni tunda yuz bergan.

Afg‘onistondagi Tolibon harakatining Mulla Abdulla va Ahmad ismli qo‘mondonlari boshchiligidagi jangarilar Bodg‘iz viloyatidan qo‘shni Turkmanistonga bostirib kirishgan.

Axborot agentligining viloyat hokimi so‘zchisidan iqtibos keltirishicha, shundan so‘ng turkman chegarachilariga qarata o‘t ochib, ulardan kamida uch nafarini o‘ldirishgan.

Xabarda aytilishicha, yuz bergan hodisani Turkmanistonning Afg‘oniston g‘arbida joylashgan konsulligi tasdiqlagan.

Ammo, aytilayotgan hujumdan ikki kun o‘tgan esa-da, Afg‘oniston Tolibon harakati bu xususda biror bir rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Bodg‘izdagi voqea tafsilotlarini o‘rgangan mintaqadagi tahlilchi Shohmuhammad Taloqoniyning aytishicha esa, hujumchilar toliblar bo‘lmay, Afg‘onistondan giyohvand moddalar olib o‘tishga uringan kontrabandachilar bo‘lishgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Harbiy tahlilchiga ko‘ra, Turkmaniston bilan chegarada yuz bergan voqea bevosita so‘nggi yillarda Afg‘oniston shimolida qayta faollashgan toliblarning Markaziy Osiyo davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilish qudratiga yetganini anglatmaydi.

Taloqoniy janoblariga ko‘ra, bunga o‘xshash hodisalar Afg‘oniston bilan mintaqaning qolgan davlatlari orasidagi o‘zaro chegaralarida ham tez-tez yuz berib turadi.

O‘z, o‘rnida, suhbatdoshimiz jangarilarining sonini aniq aytish qiyin esa-da, hozir qo‘shni Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh qator shimoliy viloyatlarida Tolibon harakati yana faol ekanini e‘tirof etadi va ularning ochiq jangdan ko‘ra, partizanlik yo‘lini ko‘proq afzal bilishlarini ta‘kidlaydi.

Ammo...

Image copyright BBC News Interactive

O‘tgan yili afg‘onistonlik mulozimlarning o‘zlari ham qator shimoliy viloyatlarda afg‘on Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati ham juda faollashgani va hatto, Qunduzda o‘z qarorgohiga ega ekanini ham aytib chiqishgandi.

Aynan so‘nggi yillarga kelib, xorijiy ittifoq qo‘shinlarining Afg‘oniston shimolida harakatning yuqori martabali qo‘mondonlarini o‘ldirishgani va qo‘lga olishganiga oid xabarlar ham ko‘paygan.

Yaqinda qo‘shni Tojikiston rahbari Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida noqonuniy jangarilar to‘planayotganidan oshkora xavotir bildirib chiqqan, uning bu tashvishlariga Qirg‘iziston tomoni ham qo‘shilgandi.

Bu kabi qo‘rquvlari ortidan, ikki davlat rahbarlari o‘z chegaralarini mustahkamlash masalasini muhokama etib olishgan, hatto, Ovro‘po Ittifoqi bu ishda ularga ko‘mak berishini ham aytgandi.

O‘tgan yil mart oyida esa, 12news.uz web-sayti 30 ga yaqin Afg‘oniston fuqarosi Afg‘on-O‘zbek chegarasini buzib o‘tishga harakat qilgani va o‘zbek chegarachilariga hujum qilishgani haqida yozgandi.

Afg‘oniston Chegara qo‘shinlari rahbari O‘zbek harbiylari uch afg‘on fuqarosini Afg‘oniston hududida otib o‘ldirganliklarini aytgandi.

Hodisa o‘zaro chegaradagi Amudaryo o‘rtasida joylashgan va O‘zbekistonga tegishli Payg‘ambar Orolida yuz bergandi.

O‘zbek Chegara qo‘mitasi esa, o‘sha xabarlar manzarasida 2013 yil boshidan buyon 22 marta ana shunga o‘xshash voqea kuzatilgani, Afg‘onistonning 105 fuqarosi qo‘lga olingani haqida xabar qilgandi.

Tahdid qanchalik jiddiy?

Image copyright BBC News Interactive

Pokistonlik ko‘zga ko‘ringan tahlilchilardan biri Ahmad Rashid yaqinda BBC uchun yozgan so‘nggi maqolasida Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmanistonni Afg‘onistondan kelayotgan tahdid qarshisida eng zaif mamlakatlar sifatida tilga olgandi.

Mintaqadagi bu uch davlat esa, birgalikda Afg‘oniston bilan qariyb 2.000 chaqirimlik chegaraga egalar.

Tahlilchi o‘ziga imkonli bo‘lgan ayrim xabarlarga tayanib, Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati Markaziy Osiyo va Afg‘oniston chegarasida yangi bazalarini o‘rnatishga urinayotgani, 2005 yilgi qonli Andijon voqealari ortidan, ular yanada ko‘proq yangi jangarilar yollashga muvaffaq bo‘lgani haqida yozgandi.

Muallifga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati Tojikiston janubi, Pokiston shimoli-g‘arbidagi chegara va Afg‘oniston sharqiga osongina qo‘l uzatish mumkin bo‘ladigan yirik hududni egallab olish istagidadir.

Ammo, pokistonlik hamkasblarining bu kabi fikrlariga qo‘shilmasliklarini aytgan ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, harakatni bugun birgina O‘zbekiston misolida 30 millionlik davlatni izidan chiqarib yuboradigan yoki unga jiddiy talofat yetkaza oladigan resursga ega, tahdid deyish noo‘rin bo‘ladi.

Ham Afg‘oniston va ham Pokistondagi Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakati 2001 yildan buyon jiddiy talofatlarga uchragan va qator rahbarlari ham o‘ldirilgan. Ammo butkul mavh bo‘lmagan.

O‘z o‘rnida harakat muallaq ma‘lum bir resurslarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘layotganini nazarda tutib, tahlilchilar, "Afg‘onistonda toliblarning hokimiyatga qaytishi va yoki qo‘shinlarning chiqib ketishi mintaqa uchun jiddiy muammo ekanini inkor etishmaydi”.

Afg‘onistonda o‘tgan 13 yildan buyon hozir bo‘lgan xorijiy ittifoq qo‘shinlari esa, Tolibon muammosi va afg‘on mojarosiga butkul yechim topmay, shu yil boshidan Afg‘onistondan ommaviy safarbarlikni boshlashgan.

Ayni o‘rinda shuni ham alohida eslatib o‘tish joizki, agar rasmiy Kobul va AQSh hukumati o‘rtasida muhim xavfsizlik bitimi imzolanmaydigan bo‘lsa, Afg‘onistonda birorta ham harbiy baza yoki xorijiy askar qolmaydi.