Britaniyaga keluvchi muhojirlar soni oshib bormoqda

Britaniyaga uzoq muddatga kelayotgan muhojirlar 2013 yil sentyabrgacha bo‘lgan ma‘lumotlarga ko‘ra, 212 mingga yetgan.

Milliy statistika bo‘limi keltirishicha, muhojirlar soni oldingi yillarga nisbatan keskin oshgan.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron hukumat oldiga migratsiya darajasini kamaytirish va 2015 yilgacha muhojirlarning sonini 100 ming kishigacha tushirish vazifasini qo‘ygan.

Bu o‘sishning asosiy sabablaridan biri Ovro‘po davlatlaridan Britaniyaga vizasiz keluvchi muhojirlarning ortganligi bilan izohlanadi.

Polsha, Ispaniya, Italiya, Portugaliyadan keluvchi muhojirlar oqimi ko‘paygani kuzatilgan bo‘lsa, Ruminiya va Bolgariyadan keluvchilar uch baravar oshgan.

Muhojirlar sonining yiliga 60 mingga oshishi Britaniyada umumxalq saylovlari o‘tadigan 2015 yilgacha muhojirlar oqimini kamaytirish davlat loyihasiga kuchli salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

Shunga qaramasdan, koalitsion hukumatning Britaniyaga keluvchi talabalarning shubhali o‘quv vizalarini cheklash va Ovro‘po ittifoqidan tashqaridagi davlat fuqarolarining vizalarini murakkablashtirish choralari muhojirlar oqimini oldingi ikki yilda sezilarli kamaytirgan.

Biroq o‘tgan yilda iqtisodiy inqiroz tufayli Britaniyaga ish izlab keluvchi Ispaniya, Italiya, Portugaliya va Gretsiya fuqarolari hisobiga muhojirlar yana ko‘paygani kuzatilgan.

"Shuning uchun biz Ovro‘po Ittifoqi bo‘ylab harakatlanish imtiyozini suiste‘mol qilishga chek qo‘yish, Britaniyaga muhojirlarni tortuvchi, umid qildiruvchi - nafaqalar va boshqa ijtimoiy omillarni tartibga solish orqali muhojirlik siyosatida ko‘zlangan natijaga erishishga e‘tibor qaratmoqdamiz", deb aytadi.