Ukraina inqirozi: "Qrim aeroportlarini rossiyaliklar ishg‘ol qildi"

Image copyright c

Ukraina Ichki ishlar vaziri Rossiya dengizchi kuchlarini Sevastopol havo qo‘nolg‘asini ishg‘ol qilishda ayblab chiqqan.

Arsen Avakov buni "qurolli bosqin" deb ta‘riflagan.

Rossiya Qora Dengiz Floti esa, rus qo‘shinlari bu ishga bosh qo‘shganlari haqidagi da‘voni rad etgan.

Avvalroq, qurollilar Sevastopoldagi eski aeroport binosini qo‘lga olishgani haqida xabar qilingandi.

Ushbu havo qo‘nolg‘asidan uchoqlar havoga ko‘tarilmaydi, ammo parvozlarni nazorat qiluvchi minora joylashgan.

Qurollilar kim?

"Qurollilar tun chog‘i yuk mashinalarida kelishgan", deydi Ukrainadagi muxbirimiz. Uning aytishicha, qurolli shaxslar maxsus belgisi bor harbiy kiyim-boshda emas, faqat boshlariga kaska va ustlariga o‘qdan himoya qiluvchi sovut kiyishgan, biroq bir xilda emas. "Oyoqlarida harbiyliknikiga o‘xshash, ammo ko‘proq oddiy odamlar kiyadigan qora etik", deydi muxbirimiz.

"Ularning Ukraina armiyasiga taalluqli emasligi aniq", deydi muxbirimiz. O‘zlari kim ekanlarini aytishni istashmagan, biroq rossiyaparast faollardan yordam olishgani xabar qilinadi.

Qrimning Simferopoldagi havo qo‘nolg‘asi ham qurollilar tarafidan ishg‘ol qilingan. Ular rossiyaparast jangarilar ekani taxmin qilinmoqda.

Ukraina parlamenti BMT Xavfsizlik Kengashini Qrimdagi vaziyatni muhokama qilishga chaqirgan.

Tanglik

Kiyevda kechgan zo‘ravon to‘qnashuvlar va Yanukovichning ag‘darilishidan keyin Ukraina inqirozi Qrimga ko‘chgandek go‘yo, shunday emasmi?

Ha, Rossiya va Ukriana o‘rtasidagi munosabatlar Prezident Yanukovich qudratdan ketkazilganidan beri taranglashgan.

Ushbu tanglik, ayniqsa, azaldan rossiyaparast bo‘lib kelgan va aholisining aksariyati ruslarni tashkil qiluvchi Qrimda yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Moskvadagi BBC tahlilchisi Bridjet Kendalga ko‘ra, Qrim Ukraina yangi rahbarlari va hamon Rossiyaga sadoqatli siyosatchilar o‘rtasidagi asosiy kurash maydoniga aylangan.

Payshanba kuni noma‘lum qurollilar parlament binosiga kuch bilan kirib borishgan va tom tepasiga Rossiya bayrog‘ini o‘rnatishgandi.

Keyin Qrim parlamenti 25 mayda mintaqa muxtoriyatini kuchaytirish bo‘yicha referendum o‘tkazishi mumkinligini e‘lon qildi.

Ma‘lumki, boya aytganimizdek, aksar etnik ruslar istiqomat qiladigan Qrim muxtor o‘lkasi 1954 yil Rossiya tarkibidan Ukrainaga o‘tkazilgan.

Kiyevga sodiq etnik ukrainlar va musulmon tatarlarning Rossiyaga adovati Ikkinchi Jahon Urushi paytiga, Stalin tomonidan qilingan surgun davriga borib taqaladi. Ular Moskvaga qaytishga qaratilgan har qanday harakatga qarshilik qilish uchun ittifoq tuzishgan.

Rossiya Ukrainadagi vaziyat borasida mavqeini rasman qanday izohlamoqda?

Hafta boshlarida Rossiya Prezidenti Ukraina bilan chegara yaqinida qo‘shinlarni jangovor hushyor holatga keltirishga buyruq berishi ortidan Qo‘shma Shtatlar Davlat kotibi barcha tomonlarni "har qanday ig‘vogarona hatti-harakatlardan tiyilish"ga chaqirgandi.

Kerri janoblari Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan bu haqda gaplashgani va u Ukrainaning "hududi birligini" hurmat qilishga va‘da berganini aytdi.

Rossiya, shuningdek, AQSh, Britaniya va Frantsiya bilan birga Ukraina hududiy birligiga oid 1994 yil imzolangan hujjatni dastaklashga va‘da bergan.

Ayni paytda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘z hukumatini Kiyev bilan aloqalarni davom ettirish va hatto G‘arbning mamlakat iqtisodini dastaklashga oid sa‘y-harakatlariga qo‘shilishga da‘vat qildi.

Ammo, janob Putin Qrim hukumatiga insonparvarlik yordam ham berishini aytgan.