O‘zbekiston sintetik yonilg‘i ishlab chiqarishda Yaponiya bilan hamkorlik qilmoqchi

Image caption Sintetik suyuq yoqilg‘i turlaridan biri aviatsiya kerosini

O‘zbekiston Sho‘rtandagi sintetik yonilg‘i ishlab chiqarish loyihasiga Yaponiyaning neft, gaz va metall bo‘yicha milliy korporatsiyasi JOGMEC jalb qilmoqchi.

Bu haqda Energo-newsportali hukumatdagi manbaalariga tayanib xabar tarqatgan.

Uzbekistan GTL qo‘shma korxonasida Janubiy Koreyaning Sasol va Malayziyaning Petronas shirkatlarining hissalari bor. Biroq ikki shirkat ham ayrim sabablarga ko‘ra aktsiyalarining foizini kamaytirgan.

Portal JOGMEC ning loyihaga qo‘shilish masalasi shu yilning yoz oyida yechilishi kerakligini bildirgan.

Yaponiya tomoni qo‘shma qorxona aktsiyalariing necha foiziga egalik qilish haqida ma‘lumot berilmagan.

2013 yili Uzbekistan GTL qo‘shma korxonasidan Janubiy Koreyaning Sasol shirkati loyihadagi ulushlarini 44,5 foizdan 25, 5 foizga tushirgan. "O‘zbekneftgaz" shirkati esa 44,5 foiz aktsiyalarga egalik qilmoqda.

Malayziyaning Petronas kompaniyasining loyiha boshlangan vaqtda ulushi 33,3 foiz bo‘lgan biroq, shirkat O‘zbekistondagi faoliyatini ixchamlashtirish maqsadida hissalarini 11 foizga tushirgandi.

Neft va gaz sohasi bo‘yicha mutaxassis toshkentdan iqtisodchi Anvar Husainov Yaponiya shirkatining loyihaga qo‘shilmoqchi bo‘layotgani ijobiy holligini aytadi.

"Yaponiya hamkor bo‘ladigan bo‘lsa, bunday zavodni bemalol bir ikki yilda ishga tushirish mumkin".

2017 yili Sho‘rtanda ishga tushishi kutilayotgan sintetik yonilg‘i ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod O‘zbekistonning ehtiyojini qondirish bilan birga chetga eksport qilish imkoniyatini berishi mumkinligi kutilmoqda.

Yiliga 3,5 milliard kub metr gazni qayta ishlashga mo‘ljallangan zavodning umumiy qiymati 4 milliard 100 million dollarga baholangan. Shuning 70 foizi banklardan kreditga olingan mablag‘ bo‘lishi kutilgan.

Texnika fanlari nomzodi hozir Amerikada istiqomat qilayotgan muxolifat faoli Sanjar Umarov bundan 10 yil oldin O‘zbekistonda Amerikaning "Ecoil Technologies, Inc" vakili sifatida O‘zbekistonda sintetik yonilg‘ining istiqboli to‘g‘risida loyiha tayyorlagan.

Sajar Umarov o‘zining Twitterdagi sahifasida Sho‘rtanda qurilayotgan zavodning tannarxi korruptsiya aralashgani bois ko‘paytirib yozilganini ta‘kidlaydi.

"10 yil oldin bizning UzGTL yiliga 2 milliard kub metr gazni qayta ishlash salohiyatiga ega bo‘lib qiymati 1 millard dollarga baholangandi. Endi O‘zbekiston hukumati yiliga 3,5 milliard kub metr gazni qayta ishlovchi Uzbekistan GTL korxonasini 4 millard dollarga qurmoqchi", - deb yozgan Sanjar Umarov.

Umarovning tushuntirishicha, ularning UzGTL korxonasi 3,5 milliard kub gazni qayta ishlash salohiyati bilan 1,5 milliard oshib borsa, 1,75 milliard dollarni tashkil qilishi mumkin edi.

"Hozirgi 4 milliard dollarlik qiymatni hech qanday inflyatsiya tushuntirib bera olmaydi. Bu yerda yaqqol korruptsiya bor", - deb yozgan Umarov.

Toshkentdan iqtisodchi Anvar Husainov Sanjar Umarovning taxminlarida jon bo‘lishi mumkinligini aytadi.

"Bu afsuski, umumiy bir kasallik. Bizda masalan, to‘qimachilik va boshqa korxonalar ham qurilishi va asbob uskunalari sotib olinishi juda ham yuqori narxda bo‘lib unda korruptsiyaning o‘ljasi katta. Keyin korxona ishga tushadi, lekin uni hech qanday boshqaruv foyda ko‘rishga olib chiqolmaydi".