Xitoy hukumati vokzaldagi qirpichoqda Uyg‘urlarni aybladi

Image copyright Reuters

Xitoy janubi-g‘arbidagi Kunmin shahri temiryo‘l vokzaliga pichoqlar bilan qurollangan shaxslar kirib odamlarga hujum qilishni boshlagan.

Oqibatda 29 inson halok bo‘lgan, kamida 130 kishi jarohatlangan.

Xitoy rasmiylari bu hujumda Uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblagan.

Hodisa 1 mart tungi soatlarida ro‘y bergan.

Guvohlarga ko‘ra, qora kiyimlar kiyib olgan bir necha kishi Kunmin vokzaliga kirib kelganlar va duch kelgan odamga pichoq urishni boshlaganlar.

Internet ijtimoiy tarmoqlarida hujumdan keyingi fotosuratlar paydo bo‘lgan.

Bu suratlarda qonga belanib yotgan jasadlar aks etgan.

Biroz vaqtdan keyin fotosuratlar Internetdan olib tashlangan.

Rasmiylarga ko‘ra, politsiya to‘rt hujumchini otib o‘ldirgan.

Yana bir hujumchi tirik qo‘lga olingani xabar qilinmoqda.

Kunmin shahar rasmiylari qo‘lga kiritilgan dalillar ushbu hujumni Uyg‘ur bo‘lginchilari uyushtirganini ko‘rsatayotgani haqida bayonot berganlar.

Hujumchilarning juda yaxshi tayyorgarlikdan o‘tganlari, atigi 12 daqiqaning ichida 29 kishini o‘ldirib, 130 odamni yaralaganlari aytilgan.

Ushbu hujum uchun hech kim mas‘uliyatni olmagan.

Xitoy rasmiylarining Uyg‘ur bo‘lginchilari aybdorligi borasidagi da‘volarini mustaqil tekshirishning imkoni yo‘q.

Xitoy rasmiylari ko‘plab zo‘ravonliklarda musulmon Uyg‘urlarni ayblab keladi.