"Yirik yettilik Sochi sammitiga kelmaydi"

Image caption AQSh Prezidenti Obama Rossiya Prezidenti Putinni Suriya masalasida ham ko‘ndira olmagan edi

G‘arb davlatlari rahbarlari Rossiyaning Qrimdagi harbiy harakatlariga qarshi keskin bayonotlariga Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov javob qaytargan.

"Vaziyatni bosqinchilik deb atab, turli sanktsiyalar bilan qo‘rqitayotgan bizning hamkorlarimiz, o‘zlari Ukrainadagi siyosiy vaziyatni muloqot yo‘li bilan hal etilishini xohlamadilar, Ukraina sharq va janubi o‘rtasidagi taranglikka e‘tiborsizlik bilan munosabatda bo‘ldilar, natijada ushbu bo‘linish yuzaga keldi", deb aytgan Lavrov.

Janob Lavrov shuningdek, Vladimir Putinning Rossiya qo‘shinlarini Ukrainadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat barqarorlashganiga qadar ushlab turish taklifi Ukrainadagi radikallarni xushyor qiladi, deb umid bildirgan.

Sergey Lavrov ayni paytda Rossiyaning Qora Dengiz flotiga qarshi buzg‘unchilik tayyorlanayotgani haqida xabarlar borligini uqtirgan.

Rossiya hukumati Ukrainaning yangi hukumatini hamon noqonuniylikda ayblamoqda.

BBC muxbiri Rossiya qo‘shinlari ikki kundirki, Qrimdagi bazalarni qamal qilib turganini xabar qiladi.

Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Qrimni hech kimga berilmasligini aytdi. "Rossiyaning Ukrainaning tinch fuqarolariga qarshi kuch ishlatish va qo‘shinlarini kiritishga hech bir asos yo‘q edi", degan u matbuot anjumanida.

21 asrda Ovro‘podagi eng katta inqiroz

Kiyevda Ukraina rahbarlari bilan uchrashayotgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Rossiyaning Ukrainaga munosabatini "21 asrda Ovro‘podagi eng katta inqiroz" ga qiyosladi.

Biz qabul qilib bo‘lmaydigan xalqaro munosabatni ko‘rib turibmiz va bu amal Rossiyaga juda qimmatga tushadi, deb ta‘kidlagan Xeyg.

Dushanba kuni dunyoning yetakchi yetti davlati rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga qo‘shin kiritganini qoralab, iyun oyida Sochida o‘tishi rejalashtirilgan yirik sakkizlik sammitida qatnashishga tayyorgarlikni bekor qilganlar.

Shuningdek, Rossiyaning sakkizlik tarkibidan chiqarilishi ham istisno qilinmayapti.

"Biz, Kanada, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSh rahbarlari, hamda Ovro‘po Ittifoqi va Ovro‘po Komissiyasi prezidentlari Rossiyaning Ukraina hududiy birligi va mustaqilligiga daxl qilganini qoralaymiz", deyiladi yettilik murojaatida.

"Haqiqiy dunyodan uzilgan"

Yakshanba kuni Olmoniya kantsleri Angela Markel vaziyatning murakkabligiga qaramasdan, Rossiyaning "yirik sakkizlik" tarkibidan chiqarish maqsadga muvofiq emasligi, bu Rossiya bilan vositachilarsiz muzokara qilish imkonini berishini aytgandi.

Unga ko‘ra, Putin Qrimdagi vaziyat borasida xalqaro kuzatuv guruhini tuzishga rozilik bildirgan.

New York Times gazetining o‘z manbalariga iqtibosan keltirishicha, Putin bilan muloqotdan so‘ng Obama bilan gaplashgan Merkel xonim Rossiya prezidenti haqiqiy hayotdan uzoqlashgani borasida shubhasini aytgan.

Undan oldin Barak Obama Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborish bilan Rossiya xalqaro qonunlarni buzayotganini aytgandi Putin bilan telefon so‘zlashuvida.

Prezident Obamaga javoban Prezident Putin Rossiya o‘z manfaatlari va Ukrainadagi rus tilida so‘zlashuvchi aholini himoya qilishga haqqi borligini urg‘ulagan.

AQSh Ukrainaning iqtisodiy bo‘hrondan chiqib olish uchun katta miqdorda moliyaviy yordam va‘da qilmoqda.

Dushanba kuni Ukrainaga AQSh Davlat kotibi Jon Kerri tashrif buyurishi kutiladi.