Rossiyalik talaba Qurgan o‘rniga Qo‘rg‘ontepaga borib qoldi

Image copyright BBC World Service
Image caption Rossiyalik talaba Qo‘rg‘ontepada mahalliy odatlarga ko‘ra mehmon qilinadi

Ilmiy anjumanga borish uchun Kurganga uchishi kerak bo‘lgan Yoqutiston universiteti talabasi Yevgeniy Samoshkin tasodif tufayli Tojikistonning Qo‘rg‘ontepa shahriga uchgan.

Tojikiston Havo yo‘llari matbuot xizmati xabar berishicha, aeroport kassiri Kurganni Qo‘rg‘ontepa bilan yanglishtirib, 19 yoshli talabaga butunlay boshqa yo‘nalishga chipta yozib bergan.

Moskvaning Domodedovo aeroportida pasport nazoratidan o‘tguncha ham Rossiyaning ichki yo‘nalishlarida bunday jarayon o‘tkazilmasligidan bexabar talaba adashganini bilmagan.

"Men hamma e‘lonlar ruscha e‘lon qilinmayotganidan hayron bo‘ldim. Tojikistondagi aeroportdan chiqqach, taksichilar men bilmagan shahar nomini aytib, olib borishni taklif qila boshlashdi. Shunda men aeroport ichiga kirib so‘rashimga to‘g‘ri keldi. Ular menga Tojikistonda ekanimni aytishdi", deb hikoya qiladi Yevgeniy Samoshkin.

Tojikiston aviashirkati rasmiylari rossiyalik talaba Qo‘rg‘ontepaning mahalliy odatlariga binoan mehmon qilinishi, kechqurun Moskvaga, so‘ngra Yoqutistonga uchib ketishini aytganlar.

Kurganda o‘tadigan ilmiy anjumanda qatnashish talabaga nasib qilmagan. Shunday bo‘lsada, tadbir tashkilotchilari Samoshkinning maqolasini tanlov uchun qabul qilishgan.

Yevgeniy Samoshkindagi kabi bunday holatlar aviayo‘lovchilar orasida ilgari ham sodir bo‘lgan. 2013 yilda britaniyalik ayol Ispaniyaning Grenadasini Karib orollari Grenadasi bilan yanglishtirgan. Shuningdek amerikalik oila Dakara o‘rniga Dakkaga uchib ketgan.

Shu kabi tasodif rossiyalik kinochilarning "Taqdir hazili" filmida ham aks etgan.

O‘tgan yili Ukrainada Lvov—Zaporoje yo‘nalishidagi poyezd haydovchisi adashib Dnepropetrovskga ketib qolgani xabar qilingan edi.