Rossiya: "Ukrainaga qo‘shin kiritishni Yanukovich so‘radi"

Image copyright Reuters

"Rossiya qurolli kuchlarining Ukrainaga kiritilishi sobiq prezident Viktor Yanukovichning yozma iltimosiga ko‘ra amalga oshirildi", deb aytgan BMTning Xavfsizlik Kengashi navbatdan tashqari yig‘ilishida Rossiyaning doimiy vakili Vitaliy Churkin.

"Prezident Vladimir Vladimirovich Putinga murojaat etib, Ukrainada qonun va tinchlikni o‘rnatish uchun Rossiya kuchlaridan foydalanishni iltimos qilaman", deb iqtibos keltirgan Vitaliy Churkin Yanukovichning 2014 yil 1 martda yozgan xatini ko‘rsatib.

Bundan avval Oliy Rada tomonidan qudratdan ketkizilgan prezident Viktor Yanukovich o‘zini ag‘darilmagani, hali ham Ukrainaning qonuniy prezidenti ekanligini aytgandi.

28 fevraldagi Rostovda o‘tkazgan matbuot anjumanida janob Yanukovich "Ukrainaga harbiy aralashuv va hududiy birligiga daxl qilinishiga qat‘iy qarshi" ekanini bildirgan.

G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlarini keskin qoralab, qo‘shinlarini o‘z bazasiga qaytarishni, aks holda qattiq jazo choralari kiritilishidan ogohlantirdi.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining kecha Bryusselda o‘tkazilgan shoshilinch majlisida Rossiya Rossiyaga qo‘yilgan talablar bajarilishi uchun payshanbagacha muhlat berildi.

Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan vizasiz tizim haqidagi muzokaralarni to‘xtatib turisha qaror qilgan. Rossiya Ovro‘po Ittifoqi 2007 yildan buyon bu borada muzokaralar olib boradi.

Tashqi ishlar vazirlarining murojaatida aytilishicha, Rossiya Qrimdagi qo‘shinlarini harbiy bazalariga qaytarmasa, unga qarshi diplomatik va iqtisodiy sanktsiyalar qo‘llanilishi mumkin.

AQSh Ukrainadagi muammo hal bo‘lguniga qadar Rossiya bilan har qanday savdo va investitsiya aloqalar to‘xtatib turilishini ma‘lum qildi.

Oq Uy shuningdek, Rossiya bilan har qanday harbiy aloqalarni vaqtincha bekor qilgandi.

Yakshanba kuni Barak Obama Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Ukrainadagi vaziyatni 90 daqiqa telefonda muhokama qilgan.

Telefon so‘zlashuvida Prezident Barak Obama Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yuborish bilan Rossiya xalqaro qonunlarni buzayotganini aytgan.

Obamaga javoban Prezident Putin Rossiya o‘z manfaatlari va Ukrainadagi rus tilida so‘zlashuvchi aholini himoya qilishga haqqi borligini ta‘kidlagan.