Yangi ro‘yxatda: Alisher Usmonov yana Rossiyada boylarning boyi

Image copyright PA
Image caption Forbes janob Usmonovning boyligini $18.6 milliard dollar, deb baholagan

Ha, Amerikada chop etiluvchi nufuzli Forbes jurnalining xulosasiga tayanilsa, xuddi shunday.

Bunga asli o‘zbekistonlik milliarderning yangi yillik ro‘yxatda 6 pog‘ona pastlagani ham to‘sqinlik qila olmagan.

Forbes janob Usmonovning boyligini $18.6 milliard dollar, deb baholagan.

Shuncha boyligi bilan Alisher Usmonov dunyo milliarderlari orasida 40-o‘rinni egallagan.

Yangi ro‘yxatning eng katta yangiligi esa, "Microsoft" shirkati asoschisi Bill Geytsning yana jahonda boylarning boyiga aylangani bo‘lgan.

O‘z o‘rnida ta‘kidlab o‘tish joiz, bu yil amerikalik yuzlab milliarderlardan birortasi ham qanchalik boy ekanlik bobida janob Geytsning oldiga tusholmagan.

Dunyo eng badavlat odamining boyligi qancha bo‘ldi ekan, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz - $76 milliard dollar.

Image copyright Reuters
Image caption "Microsoft" shirkati asoschisi Bill Geytsning yana jahonda boylarning boyiga aylangan

Bu – o‘tgan to‘rt yil davomida Forbesning yillik ro‘yxatida hech kimni o‘ziga yaqinlashtirmay kelayotgan meksikalik milliarderlarning milliarderi Karlos Slimning shuncha to‘plagan boyligidan $4 milliard dollarga ko‘p.

Bundan o‘zingiz ham allaqachon xulosa chiqarib olgan bo‘lsangiz kerakki, janob Slim bu yil ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lgan.

Agar, Forbes jurnali hisob-kitoblariga tayanilsa, bir yilning ichida Bill Geytsning boyligiga $9 milliard dollar qo‘shilgan.

"Milliarderlarning Mark Tveni" bo‘lgan Uorren Baffet janoblari esa, o‘tgan bir yil ichida biroz kambag‘allashib, Amerikada ikkita, jahonda esa, to‘rtta boy odamdan bittasi, deb topilibdi.

Xo‘sh, bu kishining boyligi qancha bo‘ldi ekan, desangiz, $58.2 milliard dollar. Shunda ham ozmuncha emas ekan-ku, deya taajjublanayotgan bo‘lsangiz, haqsiz.

Uchinchi o‘rin esa, $64 milliard dollarga teng boyligi bilan dunyoda o‘zining Zara do‘konlar tarmog‘i bilan tanilgan ispaniyalik taniqli tadbirkor Amansio Ortegaga nasib etgan.

Eng ko‘p boyiganlar ham bor

Image caption Bu yil eng ko‘p boylik to‘plagan "Facebook" ijtimoiy muloqot tarmog‘i asoschisi Mark Tsukerberg bo‘lgan

Ammo, Forbes jurnalining yangi yillik ro‘yxatida kamtargina 21-o‘rinni egallaganiga qaramay, bu yil eng ko‘p boylik to‘plagan "Facebook" ijtimoiy muloqot tarmog‘i asoschisi Mark Tsukerberg bo‘libdi.

Tarmoq hissalari narxlarining osmonga o‘rlashi sabab, naqd boyligining umumiy qiymati $28.5 milliard dollarga yetibdi.

O‘z o‘rnida so‘nggi xabarning ta‘kidlab o‘tish lozim bo‘lgan yana bir jihati, bu yil jahondagi ayol milliarderlarning soni ham chorak foizga ortib, rekord son – 172 taga yetibdi.

Milliarderlarining soni bo‘yicha esa, Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning qolgan barcha davlatlarini ortda qoldirib ketibdi.

Agar, jurnal keltirgan ma‘lumotlarga tayanilsa, bugun Amerikada 492 ta milliarder yasharkan.

O‘zining 152 ta milliarderi bilan Xitoy yangi ryo‘xatda ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, bu ikki davlatniki bilan taqqoslanganda, bor-yo‘g‘i 111 ta milliarderi bilan Rossiya yuqori uchlikni to‘ldiribdi.

Ammo, ta‘kidlab o‘tish lozim bo‘lgan jihati shundaki, yuzdan oshiq rossiyalik milliarderdan 8 tasi ilk bor Forbes jurnalining yillik boylar ro‘yxatiga ilk bor kirishga muvaffaq bo‘lishgan.

O‘zbekistonda ko‘pchilikka yaxshi tanish rossiyalik ikki milliarder: Londonning "Chelsi" klubi sohibi Roman Abramovich ($9.1 milliard) va Maxachqa‘laning "Anji" jamoasi egasi Suleyman Kerimov ($6.9 milliard) bu yilgi ro‘yxatda 137 va 196-o‘rinlarni egallashgan.

Markaziy Osiyoda eng katta boy kim?

Image copyright Reuters
Image caption Markaziy Osiyo davlatlari boylari orasidan esa, yuqori mingtalikka Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi va kuyovi kirishgan, xolos

Markaziy Osiyo davlatlari boylari orasidan esa, yuqori mingtalikka Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning qizi va kuyovi kirishgan, xolos.

Temur Kulibayev va Dinara Kulibayevalar $1.8 milliard dollarga teng boyliklari bilan Forbes jurnali tasnifida 988-o‘rinni egallashgan.

Agar, eng so‘nggida xulosa qilinadigan bo‘lsa, butun dunyoda milliarderlarning soni o‘tgan bir yilning ichida rekord darajada ortib, 1.426 kishidan 1.645 kishiga yetibdi.

Ularning umumiy boyligi esa, $6.4 trillion dollarni tashkil etarkan.

Dunyoning milliarderlari shuncha boylikni qanday qilib qo‘lga kiritishgani sizni qiziqtirayotgan bo‘lsa: Ulardan qariyb uchdan ikki qismi o‘z peshona teri bilan, 13 foizi meros qilib, qolgan 21 foizi esa, yaqinlaridan qolgan ana shu boylikning ustiga boylik qo‘shib...

O‘z o‘rnida, o‘tgan bir yil ichida kuchayib borayotgan inflyatsiya, fond birjalarining "o‘tirib qolayotgani" va milliy pul birligi qadrini yo‘qotib borayotgani sabab, eng ko‘p milliarderlarini yo‘qotgan davlatlardan biri Turkiya bo‘libdi: Bir yilning ichida 19 ta milliarderi millionerga aylanib qolibdi.

Ta‘kidlab o‘tish lozim bo‘lgan yana bir muhim jihati shundaki, o‘z qudratlari yoki mavqe‘laridan foydalanib, boyishgani uchun ham Forbesning yillik boylar ro‘yxatiga qirollik oilasi a‘zolari yoki diktatorlar kiritilmaydi.