UzWebiston: "Sham va uyali telefon yorug‘ida" tug‘ilayotgan chaqaloqlar

Image caption Shifoxonalar ham elektr muammosi qarshisida qolgan

Toshkentning ayrim tug‘ruqxonalarida chaqaloqlar sham va uyali telefon yorug‘ida dunyoga kelmoqda

Bu haqda Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi potribitel.uz guruhi ishtirokchilari yozib qoldirgan. Elektr energiyaning tez tez uzilish muammosi poytaxt Toshkentga ham yetib kelarkan, ayrim tug‘ruqxonalarda generatorlarning yo‘qligi farzand dunyoga kelishida muammolarga sabab bo‘lgan.

Chaknona Miledi, ismli foydalanuvchi Sirg‘ali tumanida tug‘ruqxonada yotganini va 4 soat chiroq bo‘lmaganini yozgan. Uning aytishicha, farzandi ma‘lum sabablarga ko‘ra maxsus, elektr vositasida ishlovchi vakuumda yotibdi.

"Bugun taxminan 16:00 da chiroqni o‘chirishdi. Men 18:30 da 1055 ga qo‘ng‘iroq qilib nima bo‘lganini so‘radim. Avariya holati yuzaga kelganini aytishdi va yarim soatdan keyin chiroq berishlarini bildirishdi. Naqd bir soat kutdim va chiroq o‘chganiga 4 soat bo‘lganini hamda bu yerda apparatga solingan bolalar borligini tushuntirdim", - deb yozadi Chaknona Miledi.

Elektr ta‘minotidagilar avvaliga yana bir soat kutish kerakligini aytishgan, ammo ikki daqiqadan so‘ng chiroq yongan.

"Tug‘ruqxonada generator yo‘q ekan. Nimaga yo‘q? Kim ta‘minlashi kerak – davlatmi yoki tug‘ruqxonaning o‘zi", - deya savol beradi u.

"Shifoxonada zahira ta‘minoti bo‘lishi kerak, jonlantirish bo‘limlari elektrsiz qanday ishlashi mumkin? Kesarevo amaliyotini chiroqsiz, paypaslab qilishadimi", - deydi Muzaffar Mahkamov.

Bunga javoban bir necha kishi tug‘ruqxonada chaqaloqlarning chiroqsiz sham yorug‘ida dunyoga kelganiga guvoh bo‘lganini yozishgan.

"Men oxirgi marta tug‘ruqxonada bo‘lganimda kechgi payt chiroqni uzib qo‘yishdi. Bechora ayollar sham yorug‘ida tug‘ishga majbur bo‘lishdi. O‘shanda ham generator yo‘qligiga ajablangandim", - deb yozadi Zilola Rakhimova.

Foydalanuvchilar o‘tgan asrda yashayotgandek, tasavvur paydo bo‘layotganini aytishgan. Bunday holatni jinoyatga tenglashtirishgan.

Lo La ismli foydalanuvchi hattoki Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ham to‘liq generatorlar bilan ta‘minlanmaganini va uning farzandi dunyoga kelayotganda uyali telefon yorug‘idan foydalanishganini yozadi.

"Uzoqqa borib nima qilamiz, aynan AiG (akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi. Izoh BBC.) da generator bor bo‘lsada chiroq bir tug‘ruq zalida bo‘lsa, ikkinchisida yo‘q. Menga aynan chiroq bo‘lmagan tug‘ruq zali to‘g‘ri kelib qoldi. Avvaliga uyali telefon bilan yoritib turishdi. Keyin qo‘shni tug‘uruq zaliga olib o‘tishdi. Bu vaqtda davomida menda to‘lg‘oq tutib turdi", - deydi Lo La.

Guruh a‘zolari poytaxtdagi 12 raqamli tug‘ruqxonada ham chiroq o‘chish muammosi va sham yoqish holatlari uchrab turishini bildirishgan.

Foydalanuvchilar chiroq o‘chishi bilan yuzaga keladigan muammolar faqat tug‘ruqxonada emas, balki jonlantirish bo‘limlarida uchrashini yozishgan.

Guruh ishtirokchilari Tibbiyot vazirligi va my.gov.uz portali orqali ommaviy ravishda shikoyat yozish lozimligini aytishgan.

"Bu kabi maktublar qancha ko‘p bo‘lsa, ular shuncha tezlik bilan munosabat bildirishadi. Bu dahshat!", - deb yozadi Olesya Romashko.