O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi hodisalarga ilk munosabat bildirdi

Ukrainadagi voqealarga ilk bor munosabat bildirgan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi hodisalardan chuqur xavotir va tashvishda ekanini aytgan.

Vazirlikning Jahon axborot agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotda aytilishicha, "Ukrainada ro‘y berayotgan voqealar... mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf solishi mumkin".

O‘zbekiston Ukrainada yuzaga kelgan ziddiyatni xalqaro huquq doirasida tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.

"O‘zbekiston Ukrainadagi muammmoli jarayonga aralashgan tomonlar bosiqlik ko‘rsatib tez orada kelishuvga erishilishiga umid bildiradi", deyiladi "Jahon" agentligi murojaatida.

Ukrainada o‘tgan yildan buyon davom etib kelayotgan norozilik chiqishlari, qurbonlar berilishi, nihoyat prezident Yanukovichning hokimiyatdan ag‘darilishiga munosabatini aytmagan O‘zbekiston voqealarning yanada rivojlanishi manzarasida Qozog‘istondan keyin bunga jur‘at qilgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi kecha bergan bayonotida Rossiya va Ukrainani muammoni kuch ishlatmay muzokaralar orqali yechishga chaqirgan edi.

Qozog‘istonlik bir guruh faollar esa Rossiya elchixonasi oldida noroziklik aktsiyasi o‘tkazib agressiyani to‘xtatishni talab qilishgan.

O‘zbekistondagi boshqa ommaviy axborot vositalarida Ukraina hodisalariga munosabat hanuz ko‘rinmaydi.

O‘zbekistonliklarning Ukraina voqealaridan qanchalik xabardor va qanday fikrda ekanligini ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan kuzatish mumkin.

Toshkent va viloyatdagi aksariyat aholi Ukrainada nimalar bo‘layotganini Rossiya kanallari orqali kuzatayotganlarini aytishadi.

Ba‘zi tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston ham Rossiyaning aralashuvisiz muammolarni yecha olishga ko‘zlari yetmagani bois, bunday nozik mavzularda fikr bildirishni xohlashmaydi.

Ukraina Maydonidagilarni yoqlab Toshkent ko‘chasiga chiqqan bir necha faollar militsiya tomondan to‘xtatilib, mahkama orqali jazoga tortilgandi.