Qirg‘izistonda yangi Bosh muftiy saylandi

Sobiq Bosh muftiy Rahmatullo Egamberdiyev bilan bog‘liq internetdagi mashmashali voqealar ortidan, yagona nomzod Maqsatbek To‘qto‘mushev uch yilga uning o‘rnini egallaydigan bo‘ldi. Bishkekdagi Qirg‘iziston musulmonlar qurultoyi vakillarining aksariyati buni ma‘qullashdi:

Qurultoyga Qirg‘izistonning barcha viloyatlaridan yig‘ilgan ikki yuz nafar vakildan bir kam qolgan hammasi yangi muftiyga ovoz berishgan.

Nega Maqsatbek To‘qto‘mushevga qarshi ovoz berganini aytgan yagona vakil esa, o‘z ism-sharifini keltirmaslik sharti bilan buning sababini izohlashdan ham qochmagan.

"Mening muftiyga nisbatan shaxsiy adovatim yo‘q. Lekin unga qarshi odamlar ham yo‘q emas. Men ana shu insonlarning ko‘z qarashlarini bildirish maqsadida qarshi ovoz berdim. Hech qachon yuz foiz ovoz bo‘lishi kerak emas", - deydi u.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Maqsatbek To‘qto‘mushev Qirg‘iziston Ulamolar kengashining qarori shu yil yanvar oyidan buyon Bosh muftiy vazifasini vaqtinchalik bajarib kelayotgandi.

Maqsatbek To‘qto‘mushev, yig‘ilgan delegatlarga ovoz berganliklari uchun minnatdorchilik bildirib, bu kabi imkoniyatdan kelajakda diniy boshqarmaning faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida foydalanishini aytdi.

"Qirg‘izistonda Hanafiy mazhabi yo‘nalishida ish olib borib, din ulamolarining savodxonliklarini oshirish, yoshlarni turli xil oqimlardan qaytarish, odamlar orasida Islom dinini to‘g‘ri targ‘ib qilish maqsadida dastur ishlab chiqqanmiz. Kelajakda shu dastur asosida ish olib boramiz", – dedi Maqsatbek To‘qto‘mushev.

Tarjimai hol

Maqsatbek hoji To‘qto‘mushev 1973 yili Qirg‘izistonning janubiy O‘sh viloyatiga qarashli Qora - Qulja tumaniga tavallud topgan.

Avvaliga poytaxt Bishkekdagi Qishloq ho‘jaligi institutida o‘qishni tamomlab, diniy bilimini ham keyinchalik o‘sha yerda olgan.

90-yillar oxirlarida Pokistonning Al – Arabiya universitetini tugatgan.

So‘nggi yillarda Bishkek shahar qozisi, muftiy o‘rinbosari xizmatlarida ishlagani aytiladi.

Qurultoyda, shuningdek, Qirg‘iziston Ulamolar kengashining yangi nizomi ham qabul qilingan.

Kengash a‘zolari tayinlangan va uning yangi rahbari etib Bishkekdagi Islom Universitetining rektori Abdushukur Normatov saylangan.

Ulamolar kengashi Qirg‘iziston Musulmonlar Diniy Boshqarmasining faoliyatini nazorat qiluvchi mustaqil qo‘mita sanaladi.

Unga muftiyat a‘zolari va mahalliy qozilardan tashqari Qirg‘izistondagi mustaqil din olimlari ham a‘zo.

Yagona nomzod va Haj masalalaridagi poraxo‘rlik

Bishkekda joylashgan "Din, huquq va siyosat" tahliliy markazi rahbarining o‘rinbosari Daniyar Muradilovning fikricha, seshanba kungi Qirg‘iziston musulmonlar qurultoyi ham boshqa davlat tuzulmalaridagisi kabi o‘rinlarni bo‘lishish maqsadida, shunchaki, ko‘z-ko‘ronalik uchun o‘tkazilgandek taassurot qoldirgan.

"Qurultoyga kelgan vakillarning muftiylik etib Maqsatbek To‘qto‘mushevni saylashdan boshqa ilojlari ham qolmadi. Sababi, u kishi yagona nomzod edi. Ulamolar kengashini saylashda ham xuddi shunday yo‘l tutildi. Bularning barchasi avvaldan tayyorlangan va shunchaki rasmiyatchilik uchun o‘tkazilgani ko‘rinib turdi", – deydi Daniyar Muradilov.

Din masalalari bo‘yicha tahlilchi Qadir Malikov esa, Qirg‘iziston Musulmonlar Diniy Boshqarmasining yangi nizomida poraxo‘rlikka qarshi kurashish yo‘llari ko‘rsatilmaganligini aytadi.

"Qurultoyda qabul qilingan nizomda Haj bo‘yicha moliyaviy masalalarni nazorat qilish, unda shaffoflikni ta‘minlash haqida yozilgan o‘rni yo‘q", – deydi Qadir Malikov.

Muftiyat atrofidagi tortishuvlar

Joriy yilning 1 yanvarida internetda Qirg‘izistonning sobiq muftiysi Rahmatullo Egamberdiyevning bir ayol bilan jinsiy yaqinlikda bo‘layotgani aks etgan videolavha paydo bo‘lgan.

Ushbu video kim tarafidan, qanday maqsadda qo‘yilgani noma‘lum.

Video avvaliga Youtubega joylashtirilib, undan bir necha mahalliy video resurslari ko‘chirib qo‘yishgan.

Lekin, ma‘lum muddatdan so‘ng, video barcha resurslardan o‘chirib yuborilgan.

Ushbu video Qirg‘iziston diniy ulamolaridan tortib, oddiy aholi orasida ham kuchli bahsu – munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Bularning barchasi ortidan, muftiy Rahmatullo Egamberdiyev o‘z xohishi bilan iste‘fo bergandi.

Mahalliy axborot vositalariga bergan intervyusida Rahmatullo Egamberdiyev ushbu videolavhani izohlarkan:

"Videodagi odam men ekanligimni rad etmayman. Undagi ayol mening nikohimdagi ayolim hisoblanadi. Biz 4 yildan beri birga yashaymiz. Eng asosiysi, men Allohning oldida pokman. Mening shaxsiy hayotim, ayolim bilan bo‘lgan yaqinligim kimni qiziqtirayapti ekan, hayronman", – deb aytgandi.

Videodagi ayol haqiqatan ham Qirg‘iziston muftiysi Rahmatullo Egamberdiyevning rafiqasi ekanini ayolning ota – onasi ham o‘zlarining videomurojaatlarida tasdiqlashgandi.

"Haqiqatan, Rahmatullo bizning kuyov bolamiz. Bu xabarni eshitib, biz ham noqulay ahvolga tushib qoldik. Hech kim o‘ylamagan ish bo‘ldi".

Rahmatullo Egamberdiyev 2012 yilning 16 dekabrida Chubak hoji Jalilovning o‘rniga Qirg‘izistonning Bosh muftiyi etib saylangandi.

Uning ushbu lavozimga kelishi Qirg‘iziston Davlat Milliy Xavfsizlik Xizmati bilan qator nizolarga sabab bo‘lgani ham aytiladi.