Ukraina inqirozi: Rossiya telekanallari o‘zbekistonliklar ongini "zaharlayaptimi"?

Image copyright RIA Novosti

Internet ijtimoiy tarmoqlarida o‘zi yashab turgan joydagi gaz, chiroq yoki avtomobil yo‘llaridagi ahvol kabi mavzularda yozishni istamaydigan o‘zbekistonliklar Ukraina inqirozi mavzusida ancha faollashgan.

Ukraina inqirozi o‘zbekzabon Internet ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Tomonlar Ukraina tuproqlariga Rossiya qo‘shinlarining kiritilishi yoki kiritilganiga ikki xil munosabat bildirishgan.

Bir tomon Qrim va rusiyzabon sharqiy Ukraina Rossiya tarkibiga kirishi kerak degan iddoalarni oldinga sursa, ikkinchi tomon Rossiyaning ushbu amaliyoti xalqaro huquq normalariga to‘g‘ri kelmasligi, xuddi shunday holat O‘zbekistonning ham boshiga tushishidan xavotir bildirmoqda.

O‘zbekzabon yoki o‘zbekistonlikar yozadigan Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlaridagi fikr qoldiruvchilarning ko‘prog‘i Rossiya tutgan yo‘lni oqlashi haqida fikrlar qoldirgan.

Kanadada istiqomat qiladigan o‘zbekistonlik jurnalist Ulug‘bek Haydarov Ukrainadagi siyosiy bo‘hron bo‘yicha O‘zbekistondagi ko‘plab tanishlari va do‘stlarining fikrlarini o‘rgangan.

"17 odamdan 11 tasi "E, Putin malades!" dedi. Qizig‘i, ular "Putinboy O‘zbekistongayam yurish qilib, bosib olsaydi, sal yelkamizga shamol tegarmidi!?" deyishyapti. Millatimizning inqirozi bu", - deb yozadi Ulug‘bek Haydarov.

Shunday holat yuzaga kelgan deyish mumkinki, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari yashab turgan joydagi gaz, chiroq yoki avtomobil yo‘llaridagi ahvol kabi mavzularda yozishni istamaydigan qatlam Ukraina inqirozi mavzusida ancha faollashgan.

Va ular Rossiya to‘g‘ri yo‘l tutayotgani va inqilobchilarning tanobini tortib qo‘yish vaqti kelganini aytishmoqda. Yana ortidan "tinchlik bo‘lsin", degan jumlalarni ham ko‘p bora ishlatishganini guvoh bo‘lish mumkin.

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Shvetsiyada istiqomat qiluvchi jurnalist To‘lqin Qorayevning Rossiya Qrimni berib qo‘ymaydi, deb yozgan blogpostiga 70 ga yaqin izoh qoldirilgan.

Mehribon Qadamova ismli foydalanuvchi "Putin ishg‘olchi emas, xaloskor. Rossiya har doim xaloskor rolini o‘ynagan. Birinchi va 2-Jahon urushlarini unutmang. Rossiya dunyoni dahshatli yovuzlikdan qutqargandi", deb yozadi.

Rossiyaning yonini oluvchilar Ukrainadagi inqilobni millatchi shovinistlar qilganini va Rossiya bu ishga aralashmasa oxiri yomon bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirishgan.

Yana Ukrainaning qariyb yarmi Rossiyaga tegishli va Qrimni Rossiyaga bergan Xrushchevning xatosini to‘g‘rilash vaqti keldi, deguvchilar ham bor.

Qarshi chiquvchilar esa, aynan Rossiyada Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari shovinist skinxedlarning qo‘lida qurbon bo‘lishayotganini va Rossiya avvalo o‘z uyidagi fashistlarni tartibga solishi kerakligini urg‘ulashgan.

Rossiya amaliyotini qoralovchilar ushbu mamlakat xalqaro huquq normalarini hurmat qilishi va hududiy yaxlitlikka dahl qilmasdan, Ukrainaning ichki ishlariga aralashmasligi kerakligini uqdirmoqda.

Lekin aftidan Rossiya yonini oluvchilarni bu kabi gaplar bilan fikrini o‘zgartirish besamar va foydasiz ishdek ko‘rinadi.

O‘zbekistonliklarning Rossiya yonini olishlariga eng muhim sabab sifatida O‘zbekistondagi axborot olamida Rossiya ommaviy axborot vositalarining ta‘siri katta bo‘layotganini keltirish mumkin.

O‘zbekistonda davlat kanallarida Rossiya telekanallari rasman olib ko‘rsatilmasada, rus tilini biluvchi aholining aksar qismi axborotni kabel televideniyelar va sun‘iy yo‘ldosh antennalari orqali rus telekanallaridan oladi.

Kuzatuvchilar rus telekanallari Ukrainadagi hodisalar va unda Rossiyaning rolini ochiq va yaqqol targ‘ib qilish bilan shug‘ullanayotganini aytishadi.

Shu sababdan ham ko‘plab o‘zbekistonliklar Rossiyadan suverenitetga xavfni emas, to‘g‘ri qaror qabul qiluvchi xaloskor davlatni ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.

Yana bir muhim jihati shundan iboratki, O‘zbekiston hukumati tomonidan markaziy telekanal va matbuot orqali g‘arb qadriyatlarini salbiy bo‘yoqlarda ko‘rsatilishi, har qanday inqilob yaxshilik keltirmasligi singdirilishi odamlarning Rossiya tutgan yo‘lga ijobiy munosabat bildirishiga sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Mahalliy matbuotda rahbarga bo‘ysunish kerakligi va unga qarshi chiqish yaxshi oqibatlarga olib kelmasligi bot-bot takrorlanadi. Ukrainaliklar esa, aynan mana shu qadriyatlarga qarshi chiqib korruptsiyaga botgan rahbarni hukumatdan olib tashlagani aytiladi.

Ayrim mutaxassislar bu kabi targ‘ibot odamlarni oq bilan qorani ajratolmasliklariga olib kelishi va natijada qattiqqo‘l rahbarning boshqa bir davlatni ishg‘ol qilish harakatini olqishlashiga yetaklashini aytishadi.

Odamlar fikrining bunday tarzda shakllanishini O‘zbekiston hukumati ham istamaydi.

Chunki Ukraina boshiga tushgan hodisalar istalgan sobiq ittifoq davlati boshiga tushishi va Rossiya bu hududlarda o‘z kuchini ko‘rsatib qo‘yishi mumkin.