Tahlil: Bugun dunyoning zo‘rlariga kim bas kela oladi?

Image copyright AFP

Agar, agar yetakchi mintaqaviy tahlilchilarning xulosalariga tayanilsa, hech kim:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bugun aksariyat ekspertlar o‘zlarining birdek tan olishlaricha, dunyoning tashqi tahdid ostida bo‘lgan davlatlarini tajovuzkor kuchdan asrashi lozim bo‘lgan eng yirik tashkilot BMT bo‘lsa, uning faoliyat mexanizmi allaqachon eskirib bo‘lgan.

Ularga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkiloti o‘tgan 20-asrning ikkinchi yarmiga taalluqli bo‘lgan real voqe‘likni aks ettiradi, xolos.

"Aytaylik, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashi va uning doimiy besh nafar a‘zosi bor. Ular esa, aynan BMT tuzilgan paytdagi yadroviy klub a‘zolaridir. Ya‘ni, bu yerda ham eng asosiy bo‘lib, qudrat masalasi turibdi. Ya‘ni, bu masalada dunyodagi boshqa bir omillar mutlaq inobatga olinmagan. Xuddi shuning uchun ham, Birlashgan Millatlar Tashkilotining o‘zi eskirgan qurilma", - deydi, jumladan, Frantsiyadan tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

O‘z o‘rnida, tahlilchi suhbatdoshimizning e‘tirof etishicha, hozir dunyoda xalqaro qonunchiliklardan chekinish tendentsiyasi kuzatilmoqda va bu holat xavfli tus ham olib borayotir.

Image copyright AFP

"Buni aslida AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush Ikkinchi boshlab bergan edi. Aynan Iroq masalasida xalqaro qonunchilik butunlay chetlab o‘tildi. Bunga, hatto, Amerikaning doimiy ittifoqchisi bo‘lgan Frantsiya va Olmoniya ham veto qo‘ygandi. Lekin, baribir, Jorj Bush Iroqqa bostirib kirdi", - deydi u.

Tahlilchilarga ko‘ra, xalqaro qonunchiliklar aslida jamoatchilik tafakkuri bilan, dunyodagi global ijtimoiy fikr bilan birgalikda qabul qilinganiga qaramay, ularga amal qilmaslik hollari ilk bor yuz berayotgani yo‘q.

Xuddi shu o‘rinda, tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning tan olishicha, hozir dunyo davlatlarini tashqi tajovuzdan asrashi ko‘zda tutilgan xalqaro konventsiyalarning amal qilishini ta‘minlashi mumkin bo‘lgan yangi xalqaro mexanizmga umid qilish uchun ham asos yo‘q.

"Ko‘pdan beri Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini kengaytirish borasida fikr-mulohazalar bor. Lekin kengashga doimiy a‘zo beshta davlat bunga hamisha o‘zining vetosini qo‘yib keladi. Xuddi shuning uchun ham, bu yaqin davr, ya‘ni kelajak o‘n yilliklar ichida bunday xalqaro tashkilotning paydo bo‘lishiga umid qilish qiyin. Chunki bundan boshqa bir xalqaro maydoncha mavjud emas yoki ufqda ko‘rinayotgani ham yo‘q", - deydi Frantsiyadan tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Yuqori Sakkizlik yoki Yuqori Yigirmatalik kabi bir qancha global iqtisodiy maydonchalarning faoliyati borgan sari samarali bo‘lib borayotgan esa-da, Birlashgan Millatlarning Tashkilotining xalqaro huquq masalasida, global xavfsizlik masalasidagi maqomi juda keng.

Tahlilchiga ko‘ra, mavqeining qanchalik baland ekaniga qaramay, ziddiyatli xalqaro masalalarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining nomutanosib yoki adolatsiz munosabati borgan sari kuchayib bormoqda.

Xuddi shunday manzarada, aksariyat tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha, o‘zining geo-siyosiy joylashuvi yoki boy tabiiy zaxiralari sabab, zo‘rlarning ko‘z ostiga tushgan davlatlar xalqaro qonunlar doirasida o‘zlarining himoyalariga ko‘z tikishlari deyarli imkonsiz.

Ularga ko‘ra, Rossiyaning Gurjiston va AQShning Iroqqa so‘nggi ishg‘oli buning yorqin misolidir.

Jumladan, tahlilchi suhbatdoshimiz Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, "Xalqaro qonunchilik bo‘yicha, Ukrainaning yaxlitligi to‘laligicha ta‘minlanishi kerak. Lekin, Gurjiston stsenariysidan keyin, Rossiyada bir ishonch borki, u yerdagi aholini himoya qilish bahonasi ostida u yerga o‘zining ta‘sirini o‘tkazish yoki harbiy kuch kiritish mumkin, degan tafakkur mavjud".

O‘z o‘rnida, suhbatdoshimizga ko‘ra, Ukraina juda katta masala va bu yaqin yarim asr, bir asrlik davrni ko‘zda tutib, Rossiya davlatchiligi, Rossiya imperiyasining taqdiri hal bo‘layapti, deyish mumkin.

"Chunki Vladimir Putinning uchinchi muddatga prezidentlikka kelgandan so‘nggi eng markaziy g‘oyasi – Ovro‘osiyo Ittifoqi edi. Ukrainadagi xalq inqilobidan keyin esa, bu g‘oya o‘ldi", - deydi Kamoliddin Rabbimov.

O‘z o‘rnida ta‘kidlab o‘tish joiz, Ukraina inqirozi va unga rasmiy Moskvaning munosabati Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar nihoyatda chigallashgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi yillarda jahon bozorida neft narxlarining barqarorligidan foydalanib, kattagina boylik to‘plashga muvaffaq bo‘lgani Rossiyaga o‘z ambitsiyalarini anchagina tiklashiga imkon bergan.

Rossiya Suriya, Yaqin Sharq va yana bir qancha boshqa jabhalarda kattagina muvaffaqiyatlarga erishgan. Rasmiy Vashingtonning jig‘iga qanchalik tegishi mumkinligidan qo‘rqmay, AQSh Josuslik Xizmatining sobiq xodimi Edvard Snoudenga siyosiy boshpana berishgacha borgan.

Ular G‘arb, deylik, Iroq yoki Liviya masalasida xalqaro konventsiyalarga zid ish tutgan esa-da, ularning xatti-harakatlarida muayyan qonuniy nuqtalari bo‘lgani, ammo Ukrainada bugun vujudga kelgan vaziyat tamom boshqacha ekani borasida yakdillar.

G‘arblik tahlilchilar esa, dunyoda tutgan mavqeiga qarab, xalqaro mojarolarda tarozining posangisida muvozanat saqlashi mumkin bo‘lgan AQShni ham Gurjiston va ham Ukraina misolida xuddi "kabutar" misol ish tutayotganlikda ayblashadi.

Ularga ko‘ra, rasmiy Vashington qanchalik jiddiy nizo bo‘lmasin, jahondagi sanoqli yadroviy qudratlardan biri bo‘lgan Rossiya bilan ochiqchasiga ziddiyatga borishni istamaydi.