Qrim parlamentida Rossiya tarkibiga kirish uchun ovoz berildi

Image copyright Getty

Qrim Oliy kengashi Rossiya Federatsiyasi tarkibiga muxtor respublika bo‘lib kirish haqida qaror bergani xabar qilinmoqda.

Shu bilan birga bu borada referendum o‘tkazishga kelishilgan.

Qrim parlamenti qaroriga ko‘ra, 2014 yil 16 martda umumqrim referendumi o‘tkazilishi kerak.

Ko‘pchilik ovoz olib qabul qilingan qaror Qrim xalqining istagini aks ettiradi, deyiladi hujjatda.

Qrim parlamenti shuningdek Rossiya prezidentiga murojaat etib, Qrimni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish jarayonini boshlashni taklif qilgan.

Bundan oldin muxtor respublika oliy kengashi tarqatgan xabarga qaraganda, referendumda "Qrimning Rossiyaga tarkibiga kirishini yoqlaysizmi?" va "Qrimning 1992 yil konstitutsiyasi tiklanishiga ovoz berasizmi?" degan savollar qo‘yiladi.

Qrim Oliy kengashi rais maslahatchisi Andrey Nikoforov Rossiya hukumatining ushbu qarorga munosabatini kutayotganini aytadi BBCga.

"Rossiya o‘z munosabatini bildirgach, muxtoriyat to‘g‘risida referendum bo‘lib o‘tadi", deydi Nikoforov.

"Adolatli Rossiya" partiyasi raisi Sergey Mironovning so‘zicha, Davlat Dumasi keyingi haftada Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishi mumkin.

Ayni vaziyatda Ovro‘po Ittifoqi Bryusselda o‘tkazayotgan shoshilinch majlisida Rossiya armiyasining Qrimga kiritilishini muhokama qilmoqda.

Ittifoqqa a‘zo ba‘zi sharqiy Ovro‘po davlatlari Rossiyaga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi tarafdori. Olmoniya doxil bir qator davlat vakillari Rossiyaga diplomatik bosim o‘tkazish taklifini bermoqda.

Ovro‘po Ittifoqi yig‘ilishiga Ukraina muvaqqat vaziri Arseniy Yatsenyuk ham qatnashyapti.