Mixail Saakashvili: Rossiyaga jazo choralarini qo‘llash kerak

Image copyright AFP

Gurjistonning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili Rossiya bilan qarama-qarshilikning nima ekanini juda yaxshi biladi.

O‘zining prezidentligi davrida, 2008 yil Gurjiston Rossiya armiyasiga qarshi 5 kun jang qilgan.

Gurjistonning sobiq prezidenti hozirda Kiyevga kelib, yangi Ukraina hukumatiga maslahatlar bermoqda.

BBC janob Saakashvilidan sizningcha, hozir Ovro‘po rahbarlari qanday qaror olishlari kerak, deb so‘radi.

Mixail Saakashvili: Mening o‘ylashimcha, ular jazo choralarini joriy etishlari kerak. Bu ishni qilishmasa, Ovro‘podagi qonun ustuvorligiga asoslangan xalqaro tartib buziladi. Bu Ovro‘po Ittifoqi uchun o‘ta muhim palla va inkor qilib bo‘lmas voqe‘likdir.

BBC: Ayrimlar hozir qattiqqo‘llikning vaqti emas, muammoga uzoq muddatli yechim qaysidir ma‘noda yon berish bilan topilishi kerak, deyishadi. Ularga ko‘ra, rossiyaliklarga yuzingizni saqlagan holda etagingizni yig‘ib olish imkoni bor, degan yo‘l ko‘rsatish lozim. Sizningcha ham, shunday qilinishi kerak emasmi?

Mixail Saakashvili: Hozirgacha, Vladimir Putin o‘rta yo‘lni tutmoqchiligi belgilarini ko‘rsatmadi. Aksincha, mustaqil bir davlatning kattagina qismini, yirik gaz zahiralariga ega qismini ishg‘ol qilib turibdi. Bu xuddi Iroq Quvaytga chang solgan paytiga o‘xshaydi. Manzara xuddi shunday hozir, chunki Qrimdagi gaz zahirasi 2-3 yildan beri Ovro‘po gazi uchun muqobil manba‘ bo‘lib kelmoqda. Vladimir Putin buni biladi. O‘tgan gal, siz aytgandek, yon berish haqida gapirgan odam sizning bosh vaziringiz - Nevill Chemberlen edi. U ham Ikkinchi Jahon urushi payti Hitlerga yon berish va o‘rta yo‘lni topish xususida gapirgandi. Va biz oqibat nima bilan tugaganini bilamiz. Hozir juda, juda o‘xshash vaziyatga guvoh bo‘lib turibmiz...

BBC: Bitta katta o‘xshamaydigan tomoni, mening bilishimcha, Hitler ommaviy qotilliklarga mas‘ul bir telba edi. Siz Vladimir Putinni Hitlerga jiddiy qiyoslayapsizmi?

Mixail Saakashvili: Vladimir Putinning Rossiyadagi muxolifatni qanday bostirgani, qo‘shni mamlakatga qay yo‘sin hujum qilgani... Deylik, mening mamlakatimda yarim million kishi qochqinga aylandi, Chechenistondagi amaliyotlari chog‘i minglab insonlar nobud bo‘ldi. Sizga eslatib o‘tay, u yerda 100 mingdan ortiq odam o‘ldirildi. Bular inkor qilib bo‘lmaydigan faktlar. Allaqachon minglab insonni umriga zomin bo‘lgan, muxolifatni butunlay sindirgan, to‘g‘rirog‘i, muxolifatning siyosiy asosini yo‘q qilgan, nima istasa shuni qilayotgan odam haqida gapirarkansiz... bilaman, odamlar bu qiyoslashdan hayratga tushishlari mumkin, lekin faktlarga qarasangiz, u qo‘l urgan ishlarni qonun tarozisiga qo‘ysangiz, aqlni shoshtiradigan o‘xshashliklarni ko‘rasiz.

BBC: Siz NATO Ukrainani harbiy jihatdan dastaklashi, boring, u yerga qo‘shin yo‘llashi kerak, deya olgan bo‘larmidingiz? Bunda Ukrainaning NATOga a‘zo emasligini ham nazardan qochirmaylik.

Mixail Saakashvili: Bilasiz, Ukraina Lissabon, Budapesht shartnomalari asosida Britaniya, Frantsiya, AQShning kafolatini olib turibdi... Shu shartnomalar asosida Ukraina yadroviy qurollaridan voz kechgandi. Endi aksincha bo‘lganini, Ukraina yadro quroliga ega bo‘lganini tasavvur qiling, Rossiya bunga jur‘at qilolmagan bo‘lardi. Boshqalar biron kor-hol ro‘y bersa, himoya qilish kafolatini bergani uchun Ukraina o‘z yadro qurolidan voz kechgandi. Agar bu kafolatlar ishlamasa, ertaga Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlariga hujum qiladi. Putinning taktikasi - payti kelganda yashindek tez harakat qilish. U G‘arb buni uzoq payt muhokama qilishini, keyin boshqa biron bir joyda inqiroz ro‘y beradigan bo‘lsa, diqqat o‘sha tomonga qaratilib, hammasi esdan chiqishini biladi... Haqiqiy voqe‘lik juda aniq-ravshan. Biz qayerdandir boshlashimiz kerak, shundagina ilgari siljish bo‘ladi. Hozir biz hech narsa qilmayapmiz.