Turkmanistonda xorij diplomlari tan olinmaydigan bo‘ldi

Image copyright AP

Turkmaniston inson haqlari bo‘yicha tashabbus guruhiga ko‘ra, Turkmaniston hukumati xorij o‘quv yurtlarining diplomlari mamlakatda amal qilishiga cheklovlar kiritgan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammedov farmoniga binoan, xorijdagi oliy va maxsus ta‘lim o‘quv maskanlarini kechki va sirtqi bo‘limlarini bitirganlik haqidagi hujjatlar bilan ishga qabul qilinmaydi.

Shuningdek, 1993 yil 1 yanvardan keyin xorij o‘quv yurtlarining diplomiga ega fuqarolar Turkmaniston Maorif vazirligida maxsus suhbatdan o‘tishlari kerak.

Hukumatning to‘satdan chiqargan qarori xorij o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan 10 mingdan ortiq turkmanistonliklarni tashvishlantirib qo‘ygan.

Turkman inson haqlari faollariga ko‘ra, chet eldagi bilim yurtlarining oxirgi bosqichlarda o‘qiyotgan talabalar endi nima bo‘lishidan xavotirlanib, ularga murojaat etmoqdalar.

Ma‘lumotlarga qaraganda, Turkmanistonda 1993 yil 1 yanvardan so‘ng xorij diplomini oligan 38 ming mutaxassis bor. Ularning hujjatlari davlat tomonidan tan olinishi uchun imtihon topshirishlari lozim.

Tahlilchilar ayni paytda Turkmanistonda hamma sohalarda malakali, oliy ma‘lumotli mutaxassislarning yetishmasligi kuzatilib turganda hukumatning diplomli mutaxassislar sonini sun‘iy ravishda qisqartirishga urinishi tushunarsiz holligini aytadi.

Yangi tartibga binoan, o‘qish muddati 2 yildan 4 yilgacha bo‘lgan xorij o‘quv yurti diplomlari ko‘rib chiqiladi.

Mutaxassislar Turkmanistonda jamiyatshunoslik va turkman tili bo‘yicha imtihon topshirishadi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov ham mamlakatning oldingi rahbari Niyozov kabi kutilmagan qarorlar chiqarishi bilan tanilgan.

Janob Berdimuhammedov fevral oyida sport sohasida mutaxassislar yo‘qligi bois, bundan buyon mamlakatda sport maktablari qurilmasligini aytgan edi.