O‘zbekiston: xorijiy elektron pochta ishonchli emas!

O‘zbekistonda davlat idorasi xodimlariga ma‘lumotlarni almashish uchun xorijiy elektron pochtalardan foydalanish taqiqlangan.

Bu haqda davlat aloqa xizmati vakili Jamshid Xudoyorov matbuotga bergan intervyusida aytgan.

Aloqa xizmati rasmiysiga ko‘ra, bunday qarorga kelinishiga sabab, milliy manfaatlar uchun muhim bo‘lgan ma‘lumotlarning tashqariga sizib chiqishining oldini olishdir.

Shu boisdan, ish joylarida elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat ishiga aloqador xabarlarni almashish taqiqlanadi. Shuningdek, yangi tartibga binoan davlat idoralarida internetdan shaxsiy maqsadlarda foydalanish mumkin emas.

Ish joyida kirish taqiqlangan ijtimoiy tarmoqlar o‘rniga milliy elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlar xizmat ko‘rsatadi.

Xabarda aytilishicha, ishga taluqli hujjatlar va ma‘lumot almashinuv faqat himoyalangan milliy tarmoqlar va rasmiy elektron pochtalar orqali amalga oshirilishi kerak.

Ayni paytda davlat idoralari va tashkilotlarida ma‘lumotning haqiqiyligini, daxlsizligini kafolaydigan elektron imzo joriy qilingani aytiladi.

Unga ko‘ra, hokimiyat qoshidagi kompyuterlashtirish markazi bilan hamkorlikda shahar va tuman hokimiyatlarida, tegishli boshqarma va tashkilotlarda maxsus dasturlar o‘rnatilgan.

O‘zbekistonda davlat idoralarida joriy qilinayotgan tartibga munosabat bildirgan hukumat gazetasi jurnalistining so‘zlariga ko‘ra, ish joyida internetga kirishni taqiqlash va milliy elektron pochtalardan foydalanishni talab qilish ma‘lumot almashinuvni himoya qilmaydi.

"Bu aslida yangilik ham emas. Aksincha bu milliy xavfsizlik xizmatlarining avval yashirincha olib borgan faoliyatlarini endi qonun orqali oshkora olib borishlarini ta‘minlab beribdi xolos", deydi u.

"Shundoq ham kompyuterlarimiz, ayniqsa biz jurnalistlarning ishxonadagi yozishmalarimiz nazoratda. Telefonimiz nazoratda. Shundoq bo‘lsa ham internetga kirsak uydan, telefon orqali kiramiz. Facebookda faolroq bo‘lib, voqealarga bir-ikki munosabat bildirib baloga qolganlar ham bo‘ldi yaqinda. Rahbariyat ehtiyot bo‘lib yozishni so‘radi. Ishxonada ko‘pchilikning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunti bor, lekin aksariyat atrofdagi voqealarni jimgina kuzatishni maqul biladi", deydi yangi tartib haqida fikr bildirgan toshkentlik jurnalist.

Toshkentdagi tuman maorif bo‘limida ishlovchi xodim ham bunday holat yangi emasligini aytadi.

Bundan oldin O‘zbekistonda Facebook va Twitterga muqobil ijtimoiy tarmoq turlari tuzilgani xabar qilingan edi.

Yaqin Sharq mamlakatlaridagi, Ukrainadagi so‘nggi hodisalar shubhasiz internet, xususan ijtimoiy tarmoq saytlariga diqqat-e‘tiborni yanada kuchaytirdi.

O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilar ham ijtimoiy tarmoqlarda faollashib, dunyodagi voqealarga o‘z munosabatlarini bildirishga harakat qilmoqdalar.

Bunday holatda tuzum internet nazoratini tobora kuchaytirish yo‘llarini izlashi tabiiy.