Afg‘oniston vitse-prezidenti Muhammad Qosim Fahim vafot etgan

Image copyright AP
Image caption Muhammad Qosim Fahim Afg‘onistonning eng qudratli shaxslaridan biri bo‘lgan

Afg‘onistondagi qudratli shaxslardan biri, vitse-prezident feldmarshal Muhammad Qosim Fahim olamdan o‘tgan.

Rasman e‘lon qilinishicha, Muhammad Qosim Fahimning yuragi tabiiy sabab tufayli urishdan to‘xtagan.

U oxirgi paytda xastalikdan aziyat chekkani xabar qilinadi.

Shu munosabat bilan Afg‘onistonda uch kunlik motam e‘lon qilingan, mamlakat bayrog‘i yarmiga tushirilgan.

Etnik Tojik bo‘lgan Muhammad Qosim Fahim Afg‘onistondagi fuqarolar urushi payti Tolibonga qarshi jang qilgan Shimoliy Ittifoqning eng katta qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan.

2001 yilda Tolibon qudratdan ag‘darilganidan keyin u Afg‘oniston mudofaa vaziri lavozimini egallagan.

2009 yilda Prezident Homid Karzay o‘rinbosari etib tayinlangan.

57 yoshda bo‘lgan Muhammad Qosim Fahimni o‘ta shafqatsizlikda ayblashgan.

Biroq Tolibon qulaganidan keyin u AQSh dastagini qo‘lga kiritgan.

Janob Fahim bir oydan keyin Afg‘onistonda o‘tkaziladigan prezidentlik sayloviga o‘z nomzodlarini ilgari surgan ikki siyosatchi - Zalmay Rasul va sobiq tashqi ishlar vaziri Abdullo Abdullo bilan yaqin bo‘lgan.