Prezident Karimov ayollarni yoshlarni "ommaviy madaniyat"dan asrashga chaqirdi

Image copyright UzA

8 Mart - Xalqaro Xotin-qizlar kuni bayrami munosabati bilan mamlakatdagi ayollarni tabriklagan Prezident Islom Karimov xotin-qizlar jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol ishtirok etayaptilar, deb urg‘ulagan.

Har doimgidek Prezident Karimov tabrigini davlat telekanalining suxandoni o‘qib eshittirgan.

Toshkentdagi "Turkiston" saroyida tashkil qilingan tantanada tabrikni Prezident Islom Karimovning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov e‘lon qilgan.

Prezident Karimov tabrigida O‘zbekiston xotin-qizlar yuqori davlat lavozimlariga tayinlangan kam sonli mamlakatlardan biri, deb ta‘kidlangan.

"Bu haqda gapirganda, avvalo, minglab ayollar siyosiy partiyalar, mahalliy hokimiyat va vakillik organlarida, nodavlat tashkilotlar tizimida samarali ish olib borayotganini aytish o‘rinlidir. Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tarkibida 33 nafar, Senat tarkibida 16 nafar ayol deputat borligini, dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida mamlakatimiz parlamentining quyi palatasining raisi hamda yuqori palatasi rahbarining o‘rinbosari sifatida ayollar faoliyat ko‘rsatayotgani, shuningdek, Bosh vazir muovini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, barcha viloyat, shahar va tuman hokimlarining o‘rinbosarlaridan biri ayol ekanini alohida ta‘kidlash lozim", deyilgan O‘zbekiston prezidenti tabrigida.

Prezident Karimov tabrigida O‘zbekistonda xotin-qizlar dehqonchilik, tibbiyot, biznes, sanoat ishlab chiqarishi, ilm-fan va maorif sohalarida faoliyat yuritayotganlari olqishlangan.

Prezident Islom Karimov mustaqillik yillarida 13 ayol "O‘zbekiston Qahramoni" bo‘lganini ta‘kidlagan.

O‘zbekiston rahbari xotin-qizlardan yoshlarni yot tahdidlardan muhofaza qilishni so‘ragan.

"Yurtimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va ahillikni yanada mustahkamlash, yoshlarning ongini chetdan yopirilib kelayotgan turli xavf-xatarlar, "ommaviy madaniyat" xurujlaridan saqlash, oilalarda, mahallalarda olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizning samarasini oshirishni bugun tobora keskinlashib, murakkablashib borayotgan hayotning o‘zi talab etmoqda", deyiladi Prezident Karimov tabrigida.

O‘zbekiston prezidenti tabrigida 2014 yil mamlakatda "Sog‘lom bola yili" deb e‘lon qilingani eslatilgan, shu maqsadga hukumat 4 trillion 509 milliard so‘m (2 milliard 200 ming dollar) mablag‘ o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgani aytilgan.