Qozoqlarda Rossiya bilan yaqinlashuvdan xadiksirash kuchaygan

Image copyright Reuters

Qozog‘istonlik faollar Rossiya boshchiligidagi Ovrosiyo ittifoqiga qarshi anjuman rejalaganlar. Ukraina hodisalaridan so‘ng Qozog‘istonda Vladimir Putin boshchiligidagi Ovrosiyo ittifoqining milliy manfaatlarga foydasi borasida shubhalar yanada chuqurlashgan.

Qozog‘istonda bir guruh jamoat faollari 12 aprel kuni mamlakatning Ovrosiyo ittifoqiga kirishiga qarshi forum o‘tkazishishini bildirdi.

"Ruh bilan til" klubi rahbari Janpo‘lat Mamay Qozog‘iston ushbu ittifoqqa qo‘shilsa respublika siyosati Moskvada hal bo‘lish xavfi borligini aytadi.

Unga ko‘ra, Ukraindagi so‘nggi hodisalar Ovrosiyo ittifoqining Qozog‘iston milliy manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligini yana bir bor ko‘rsatib bergan.

"Ukrainada ro‘y berayotgan hodisalar bizni ushbu ittifoqqa qarshi turishimizga yana bir asos beradi. Rossiyaning noma‘lum harbiylari Qrimga kirishi annektsiya va Ukraina davlati suverenitetiga dahl qilinganlikni anglatadi. Biz bunday davlat bilan bitta ittifoqda bo‘lishni istamaymiz. Agar Qozog‘iston Ovrosiyo ittifoqiga qo‘shilishdan bosh tortadigan bo‘lsa, shunday holat bizning ham boshimizga tushmasligiga kafolat yo‘q", - deydi janob Mamay.

Mamay janoblari Ovrosiyo ittifoqi Sovet ittifoqining yangi shaklda qayta tiklanishini anglatishini va bu Qozog‘istonning mustaqilligi barham topishi bilan tugashi mumkinligini ta‘kidlaydi.

2014 yilning 1 may kuni Qozog‘iston, Belarus va Rossiya Bojxona ittifoqidan Ovrosiyo ittifoqiga o‘tish bo‘yicha barcha hujjatlarni tayyor holiga keltirishi kerak. 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab esa, ushbu yangi ittifoq to‘liq amalga kirishi kutilmoqda.

Rossiyalik siyosatchi va rasmiylar ushbu ittifoqning ko‘proq Rossiyaning geosiyosiy manfaatlarini ko‘zlab tuzilayotganini yashirayotgani yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, Rossiya davlat dumasi deputati Mixail Starshinov ushbu ittifoqning boshqa davlatlarga ham foydali ekanligini aytadi.

"Men ushbu ittifoq faqat Rossiyaga foydali deb savol qo‘ymagan bo‘lardim. Bu, albatta, ushbu ittifoqda ishtirok etmoqchi bo‘lgan barcha mustaqil davlatlar uchun o‘zaro foydali bir qurilma bo‘ladi", - deydi Starshinov.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Rasul Jumali mamlakatda Ovrosiyo ittifoqiga munosabat qatlamlarga qarab turlicha ekanligini aytadi.

"Agar biz jamiyatimizning katta segmenti bo‘lmish qozoq tilli qismini olsak, ularning Bojxona ittifoqi va Ovrosiyo ittifoqiga bo‘lgan munosabati so‘nggi yillar davomida yomonlashib bordi. Ushbu ittifoqning boshlanishi 2010 yilni olsak, ma‘lum shubhalanishlar va qo‘llab-quvvatlashlar bor edi. Ittifoq Qozog‘iston uchun xavfsizlik, iqtisodiy nuqtai nazardan foydali bo‘lishi mumkinligi haqida qarashlar bor edi. Lekin 2-3 yil davomida ushbu munosabat ancha salbiylashdi", - deydi janob Jumali.

Siyosatshunosga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan munosabati va ayrim rossiyalik siyosatchilarining chiqishlari ushbu ittifoqning foydali bo‘lishiga umid qilgan oz sonli qozoqzabonlarning ham hafsalasini pir qilgan.

Biroq, rusiyzabon qozog‘istonliklar haliyam Rossiya bilan integratsiyalashuv mamlakat uchung foydali bo‘lishi mumkin degan qarashlarda sobit turibdi.

Iqtisodchilar Bojxona ittifoqi Qozog‘iston iqtisodiy va ko‘p vektorlik siyosatiga foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirganini aytishadi.

Bojxona ittifoqiga kirgan Qozog‘iston tashqi bozorga yopila boshladi. Tovarlar va xizmatlarga bojxona to‘lovlarining ko‘tarilishi mamlakatda narx-navolarning ortishiga olib keldi.

Bojxona ittifoqiga kirish qozog‘istonlik tadbirkorlarga qo‘l kelishi va ishlab chiqarish gurkirab rivojlanishi kutilgan edi. Biroq, so‘nggi uch yilda ushbu amalning Rossiyalik tadbirkorlar uchun qo‘l kelgani va Qozog‘iston bozori tashqi dunyo uchun biroz yopilib rossiyalik tadbirkorlarning erkin harakatlanuvchi bozoriga aylanib qolgani oydinlashdi.

Mutaxassislar Ovrosiyo ittifoqi borasidagi kelishuvlarning matni to‘laligicha jamoatchilikka oshkor qilinmayotganidan xavotir bildirishmoqda.

Janob Jumali ittifoqning boshlang‘ich loyihalaridagi kelishuvlar internetda chop qilinganini, biroq kelishuvning so‘nggi yakuniy loyihasi hech qayerda chop qilinmaganini aytadi.

"Bu narsa Qozog‘iston konstitutsiyaga zid. Chunki barcha xalqaro shartnomalar imzolanishidan oldin rasmiy matbuotda chop qilinishi kerak. Biroq hali uni hech kim ko‘rgani yo‘q", - deydi Jumali janoblari.

Unga ko‘ra, Qozog‘istonning Bojxona ittifoqida ko‘p narsa yo‘qotgani e‘tiborga olinsa, Ovrosiyo ittifoqida ham ko‘p narsa yo‘qotishi mumkinligini hech kim inkor qilolmaydi.

Siyosatshunos fikrida bu kabi masalalarda shartnomani imzolashda shoshilmaslik lozim. Ammo nimagadir, tashabbuschi Vladimir Putin Qozog‘iston va Belarusning Rossiya boshchiligidagi ittifoqqa tezroq kirishini istamoqda.

Your contact details
Disclaimer