Jangarilar garovida bo‘lgan rohibalar ozod qilindi

Image copyright Reuters

Suriyaning Malula shahridagi monastirdan o‘g‘irlanib uch oy jangarilar tomonidan garovda ushlab turilgan bir guruh yunon pravoslav rohibalari ozod qilinib Damashqqa olib kelinganlar.

Rohibalar dushanba tongida Livan chegarasiga yaqin Arsal shahriga olib kelinganlar. Ular avvaliga Livan rasmiylariga topshirilganlar, so‘ngra Suriyaga olib ketilganlar.

Ular charchaganlari, biroq aksar hollarda ularga yaxshi munosabatda bo‘lishganini aytganlar.

Rohibalar jangarilar va Suriya hukumati o‘rtasida erishilgan mahbus almashinuvi kelishuviga asosan ozod qilinganlar. Suriya hukumati 150 nafar ayol va bolalarni ozod qilgan.

Kelishuvga Qatar va Livan vositachilik qilganlar.

Rohibalarni al-Qoidaga aloqador deb ko‘riluvchi al-Nusra fronti tutqunlikda ushlab kelgani ishoniladi.

Maluladagi Mar Takla monastirining bosh rohibasi Pelageya Sayyaf rohibalarga yaxshi munosabatda bo‘lishganini aytdi.

Image copyright AFP

"Xudo bizni tashlab qo‘ymadi. Al-Nusra Fronti bizga yaxshi qaradi... Lekin biz xochlarimizni yechib oldik, chunki u xoch taqib yuradigan joy emasdi", - deb aytdi u.

Dekabrda qo‘lga olinishlari ortidan rohibalar Livan bilan chegaraga yaqin Yabrud shahriga ko‘chirilganlari xabar qilingandi.

Yabrud Suriya armiyasi va Livanning shia Hizbulloh guruhi dastagi bilan Suriya armiyasi o‘rtasida ketayotgan jang markazidadir.

Isyonchilar ayollarni hukumat bombardimonidan himoya qilib kelganlarini aytishgan, biroq Suriya rasmiylari rohibalarni o‘g‘irlash orqali isyonchilar Suriyaning nasroniy aholisini qo‘rqitib qo‘yishni istaganlarini da‘vo qilganlar.

Yabruddagi ikki isyonchi rahbar BBCga gapira turib, Qatar rohibalar ozodligi uchun 4 million dollar to‘lashni taklif qilgani, lekin Al-Nusra Fronti 50 million dollar, hamda Suriya hukumati ushlab turgan ayollar va bolalar ozod qilinishini talab qilganini bildirishdi.

Suriya davlat matbuoti hech qanday to‘lov yo mahbuslar almashinuvi haqida xabar tarqatmadi.

Rohibalar qismati Suriya nasroynilarining nozik mavqeiga yana bir bor e‘tiborni jalb qildi.

Ko‘plab nasroniylar agar Bashar al-Assadning dunyoviy hukumati ag‘darilsa, Islomiy davlat barpo etilishiga chaqirayotgan jihodchi isyonchilar nasroniylarni nishonga olishidan qo‘rqadilar. O‘xshash xolat 2003 yildan beri Iroqda davom etib kelmoqda, u yerdan nasroniy aholi quvg‘in qilingan.

Your contact details
Disclaimer