Afg‘onistonni istilo etib bo‘lmaydimi?

Image caption Sho‘ro qo‘shinlari Afg‘onistonni 1988 yili tark eta boshlashgandi

Sho‘rolar Afg‘onistonni tark etishganiga 25 yil bo‘ldi.

Bu yil AQSh ham o‘z qo‘shinlarini chiqarishi kerak.

Bu ikki urush bizga nimalardan saboq beradi?

O‘tgan yil ramazon oyi men Qandahorga Prezident Karzay tug‘ilib o‘sgan uyni ko‘rish uchun safar qildim.

Menga Karzayning akasi Mahmud Karzay hamrohlik qildi.

"Tanib bo‘lmaydi uyimizni...Masjidni eslayman. U yerda men Hamid bilan o‘ynardim. Ammo uyimiz qayerda qoldi?", deb ajablanadi Mahmud. Haydovchimiz mashinani to‘xtatadi.

"Shu yermi? Yo‘q, ishonmayman", deydi u.

Biz to‘xtagan joy atrofida tappak bilan tepalangan uylar... Mahmud haydovchi bilib to‘xtaganini aynan shu yerda ular voyaga yetgan uy bo‘lganini aytadi.

Nima bo‘lganini so‘rayman Mahmuddan...

"Ruslar", deb javob qiladi u.

"Nimaga?"

"Mujohidlar orasida har qanday obro‘li shaxsning uylari vayron qilingandi. Mana bu uylarda mening amakivachchalarim yashashgan... Sho‘rolarning hokimi bizni uyimizni vayron qilgan tunda amakivachchalarimni shu yerda to‘plashgan va otib tashlaganlar... Hammasini o‘ldirganlar".

Oradan 25 yil o‘tdi. Bu davr ichida Amerikaliklar istilosi... Sho‘ro va Amerika istilolarining farqi nimada?

Tashqaridan qarasangiz har ikki istilo bir biridan farq qiladi.

Sho‘rolar o‘z imperiyalari hududlarini kengaytirish uchun kelishgan G‘arb esa... bizga aytishlaricha, 11 sentyabr voqealaridan keyin terrorchilikning ildizini quritib bu mamlakatda demokratiya olib kelishmoqchi bo‘lgan.

Ammo shunda ham bu ikki istiloning o‘xshash taraflari juda ko‘p.

Ikkala istilochi ham Afg‘onistonga kirib u yerda do‘stona hukumatlarni o‘rnatamiz va bir yil ichida bu mamlakatdan chiqamiz deb o‘ylashgan.

Ammo ruslar ham amerikaliklar ham yillarki bu mamlakatdagi o‘zlari bunyod etgan botqoqdan chiqish yo‘lini topmadilar.

Sho‘rolar istilosi qonliroq edi. Qariyb bir yarim million inson qurbon bo‘ldi.

Amerikaliklar istilosi oqibatida qurbonlar soni yuz ming atrofida ekani aytiladi.

Sho‘rolar yiliga bu urush uchun 2 milliard dollar sarflashdi, Amerika esa hozirga qadar 700 milliarddan ortiq xarj qildi.

Bundan tashqari so‘nggi istilo davomida Afg‘onistonga avvalgisiga nisbatan naf oz bo‘ldi.

25 yil avval Sho‘rolar nisbatan barqaror va do‘stona bo‘lgan Najibulloh hukumatini qoldirib chiqishgandi.

Bu hukumat faqatgina Afg‘onistonga Sho‘ro harbiy yordami to‘xtaganidan keyin mag‘lub bo‘ldi.

Amerika va uning ittifoqchilari 13 yildan beri Afg‘onistonda... Bu yil lash-lushlarni yig‘ishtirib chiqish arafasida ekan G‘arb kuchlari o‘z oldilariga qo‘ygan ikki maqsadning birortasiga ham erishmadi.

Image copyright ALAMY
Image caption 1842 yili Afg‘onistondan qochishga urinayotgan Britaniya kuchlari qoldig‘i

Maqsad Al Qoidani mavh qilib Toliblarni quvish edi.

Al Qoidaning qoldiqlari qo‘shni Pokiston hududlariga chekindi, Toliblar esa Afg‘oniston janubining yetmish foizdan ortiqroq hududida jiddiy ta‘sir kuchiga ega.

Bu yil Amerika va Britaniya askarlari ayni hududlarni tashlab chiqishar ekan, Toliblarning "oshig‘i olchi" bo‘lishi tabiiy.

Men o‘tgan besh yil ichida Birinchi Afg‘on-Ingliz urushi haqida kitob yozmoqdaman.

Bu kitobda G‘arbning Sharqda eng buyuk "burun qonashi" va sharmanda bo‘lishi haqida hikoya qilinadi.

Dunyoning o‘sha paytlar eng qudratli bo‘lgan armiyasi g‘ariblarcha qurollangan mahalliy qabila jangarilari tomonidan yanchib tashlangandi...

Kobuldan chekinayotgan qariyb yigirma ming Britaniya askaridan faqat bir nafari - jarroh yordamchisi bo‘lgan Britan fuqarosi Doktor Braydon Jalolobodga qadar omon keladi.

Afg‘onistonni istilo qilgan har qanday armiya ham pul va ham qon to‘kadi, nihoyasida esa bu yerni tark etish qarorini beradi... Britaniya 1842 yili, Rossiya 1988 va NATO bu yil oxirida Afg‘onistonni tashlab chiqadi.

1963 yilda Harold Makmillan Bosh vazirlikdan ketar chog‘i Alek Duglas-Homga an‘anaviy maslahat berishi kerak edi.

"Azizim, Afg‘onistonni istilo qilmasang hamma ishlaring yaxshi bo‘ladi", deydi u.

Afsuski, bu maslahatni hech kim Toni Bleyrga bermadi.

Hegalning so‘zlari yodingizdami, "tarixdan faqat bir saboq olasiz, bu ham hech kim tarixdan saboq olmaganidir".