Istanbuldagi noroziliklar mobaynida jarohatlangan o‘smir vafot etdi

Image copyright Getty
Image caption Беркин Элваннинг онаси ўғлини Бош вазир "олиб кетганлигини" айтди.

O‘tgan yoz oylarida Istanbulda ro‘y bergan keng miqyosli noroziliklar vaqtida politsiya qo‘llagan ko‘z yosh sizdiruvchi gaz kanistri boshiga kelib tekkan 15 yoshli Berkin Elvan olamdan ko‘z yumdi.

Berkin olgan jarohati tufayli 9 oydan beri koma holatida edi.

Uning vafoti haqida e‘lon qilinganidan so‘ng shifoxona o‘ngida yig‘ilgan olomon bilan politsiya o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergan.

Berkin Istanbulning Gezi oromgohini qayta qurish ishlariga qarshilik tarzida boshlanib, keiynchalik keng miqyosli aksilhukumat namoyishlariga aylanib ketgan hodisalar tufayli olamdan o‘tgan sakkizinchi qurbondir.

Shifoxona o‘ngida yig‘ilganlarga qarata Berkin Elvanning onasi faryod bilan uning o‘g‘lini Yaratgan emas, Bosh vazir "olib ketgani" haqida aytgan.

Shifoxona atrofida yig‘ilgan norozi namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun politsiya achimtir modda sepgan.

Shundan so‘ng yig‘ilganlar yaqin oradagi alaviylar ibodatxonasiga yo‘l olishgan.

Berkinning oilasi o‘g‘illari seshanba kuni erta bilan soat 7 da olamdan o‘tganligini Twitter orqali e‘lon qilishgan.

U 269 kundan beri komada edi va oxirgi haftalarda ahvoli og‘irlashib borgan.

Uning boshiga ko‘z yosh sizdiruvchi gaz kanistrasi kelib tekkan vaqti yoshi atigi 14 da edi. Hodisa ro‘y bergan vaqti u non do‘koniga ketayotgan bo‘lgan.

Istanbuldagi noroziliklar dastlab hukumatning shahardagi Gezi oromgohini qayta qurish rejalariga qarshi boshlangan bo‘lib, politsiya tomonidan kuch qo‘llanganidan so‘ng mamlakat bo‘ylab yoyilib, aksilhukumat chiqishlariga aylanib ketgandi.

Hodisalar tufayli olamdan o‘tgan sakkiz kishidan biri politsiya xodimidir.

Bugun Berkinning o‘limiga norozilik chiqishi Anqaradagi Yaqin Sharq Texnika Universiteti o‘ngida ham bo‘lib o‘tdi. Unda 2 mingga yaqin kishi qatnashgan.

Bundan tashqari norozilik chiqishlari shuningdek, Antalya va Izmir shaharlarida xam bo‘lib o‘tdi. Poytaxt Anqarada talabalar o‘qishga borishdan bosh tortib, yerda o‘trib olib norozilik bildirganlar.

Berkin Elvanning dafn marosimi chorshanba kuni bo‘lib o‘tishi ma‘lum qilingan.