Ronaldu boyvachchalik bobida Messini ham ortda qoldirib ketdi

Image copyright AFP

Ha, ishonavering, Devid Bekhemning iste‘fosi jahon futbolida yangi boyvachchalarning paydo bo‘lishiga yo‘l ochdi.

Buning uchun Goal.com internet nashrining bu yilgi boylar ro‘yxatiga ko‘z tashlashning o‘zi kifoya.

Yangi ro‘yxatda boyvachchalik bobida Portugaliya va Madridning nahang "Real"i yulduziga dunyoning manaman, degan nomdor futbolchilari ham bas kelisholmagan.

Hatto, o‘zining, "Xudo bergan iqtidori", bilan jahonning istalgan burchida kattayu kichik futbol ahlini birdek tan oldirgan Lionel Messi ham "ashaddiy raqibi" Krishtianu Ronalduga yetolmagan.

"To‘rt karra jahonning eng zo‘r futbolchisi" bu yilgi boylar ro‘yxatida ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanishga majbur bo‘lib turgan bir paytda, qolgan beshlikni kimlar to‘ldirganini aytsam, balki ko‘zlaringizga ishonmassiz:

Samuel Eto'O, Ueyn Runey va Kaka...

Agar, Goal.com to‘plashga muvaffaq bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanilsa, dunyoning eng boyvachcha futbolchisi bo‘lgan Ronalduning sof boyligi bugun naq 122 million funt sterlingga yetibdi.

Lekin, xolislik o‘rnida shuni ham ta‘kidlab o‘tish kerakki, bu - iste‘foda ekani sabab, boyvachchalarning yangi ro‘yxatiga kirolmagan Angliya futboli yulduzi Devid Bekhemning umumiy boyligidan 43 million funt sterlingga kam.

Lionel Messining boyvachchalik bobida Ronalduga yetishiga esa, bor-yo‘g‘i ikki million funtcha yetmagan, xolos.

Boylik manbai

Image copyright AFP

Maqolani o‘qir ekansiz, xayolingizda Ronaldu buncha boylikni qanday to‘plagan ekan-a, degan savol o‘tayotgan bo‘lsa:

Bunga, bir tomondan, Portugaliya yulduzining o‘tgan yili "Real"(Madrid) bilan yana 5 yilga imzolagan 76 million funt sterlinglik yangi shartnomasi imkon bergan bo‘lsa, boshqa tarafdan, mahsulotlarini reklama qilish uchun Nike shirkati bilan erishgan juda daromadli kelishuvi ham o‘z so‘zini aytmay qolmagan.

Olmoniyaning Adidas va Turk Havo Yo‘llari shirkatlari esa, "Barselona"dan olayotgan maoshu mukofot pullaridan tashqari, Messining boyligiga boylik qo‘shayotgan daromad manbalari ekan.

Goal.com o‘zining yillik boylar ro‘yxatini tuzishda mutaxassislar guruhi bilan ish olib boradi va hali maydonda to‘p surayotgan nomdor futbolchilarning barcha ko‘rinishdagi tushumlarini erinmay hisob-kitob qilib chiqadi.

Image copyright PA

Shundan so‘ng, 200 dan ortiq futbolchi orasidan, daromadining cho‘g‘iga qarab, 10 nafar eng boyvachchasini tartib bilan saralab oladi.

Ueyn Runey qanday qilib dunyoning eng boy to‘rtta futbolchisidan biriga aylandi ekan, desangiz, hammasiga amaldagi Angliya chempioni qizil iblislar bilan imzolagan yangi shartnomasi sabab: Bunaqasi Britaniya futboli tarixida bo‘lmagan - haftasiga 300.000 funt sterling ishlasa-ya!...

Braziliya futbolining yangi yulduzlaridan Neymar esa, Ispaniyaning nahang "Barsa"si bilan hozir katta mashmashalarga sabab bo‘layotgan shartnomasi va klub ota-onasiga to‘lab qo‘ygan qariyb 40 million funt sterlinglik tovon puli bilan birga boylarning yangi ro‘yxatidan oltinchi o‘rinni egallabdi.

Hafsalangiz pir bo‘lmasin, yuqori o‘nlikni O‘zbekistonda ham nomi barchaga birdek tanish va dunyoning eng old ligalarida to‘p surib, tilga tushgan va shunga yarasha karmonlari ham yaxshigina qappaygan Ronaldino, Zlatan Ibrohimovich, Janluiji Buffonu Terri Anrilar to‘ldirishgan.

Yaqinda Madridning "Real"i bilan imzolagan 80 million funt sterlingdan ortiq shartnomasi bilan dunyoning eng qimmat futbolchisiga aylangan Garet Beyl esa, hozircha ularga yetolmabdi.