Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vazirligi: "Yanukovichning qaytish haqidagi bayonoti o‘rinsiz"

Image copyright Getty

Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vazirligining seshanba kuni kechga tomon tarqatgan bayonotida aytilishicha, Ukraindagi vaziyat tufayli xalqaro hamjamiyat his etayotgan xavotirlarga sherikdir.

"Qirg‘iziston Respublikasi Ukraindagi vaziyatni izdan chiqarishning har qanday harakatlariga qarshidir. Shuning uchun 11 mart kuni Viktor Yanukovich tomonidan qilingan bayonotni o‘rinsiz, deb hisoblaymiz", deyiladi vazirlik bayonotida.

Bayonotda aytilishicha, har qanday mamlakatda haqiqiy qudrat xalq qo‘lidadir.

"O‘z xalqi ishonchi, prezidentlik salohiyatini yo‘qotgan va mamlakatdan qochib ketgan shaxs legitim rahbar bo‘la olmaydi", deyilgan Qirg‘iziston Tashqi Ishlar vazirligi tomonidan chiqarilgan bayonotda.

Unda shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Ukraindagi vaziyatning tinch yo‘llar bilan, dialog va muzokarlar orqali, Xalqaro qonunchilik normalari va BMT Ustaviga rioya qilgan holda hal qilinishi tarafdori ekanligi ham aytilgan.

Avvalroq Ukrainaning qudratdan ketkazilgan prezidenti Viktor Yanukovich Rostov Don shahrida ikkinchi matbuot anjumani o‘tkazgan.

"Men Ukrainaning nafaqat qonuniy prezidenti, mamlakatning oliy qo‘mondoni ham bo‘lib qolaman. Men tirikman. Men albatta Kiyevga qaytaman, bunga juda oz vaqt qoldi", - degan Yanukovich janoblari.

Yanukovich shuningdek, yangi hukumatni Ukrainani fuqarolar urushi girdobiga tortmoqchi bo‘layotganlikda ayblagan.

28 fevralda ham Rostovda matbuot anjumani o‘tkazgan Yanukovich o‘zining qonuniy prezident ekanligini ta‘kidlagan edi.

4 mart kuni Ukrainadagi voqealarga ilk bor munosabat bildirgan O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham hodisalardan chuqur xavotir va tashvishda ekanini aytgandi.

Vazirlikning "Jahon" axborot agentligi tomonidan tarqatilgan bayonotida aytilishicha, "Ukrainada ro‘y berayotgan voqealar... mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga jiddiy xavf solishi mumkin".

O‘zbekiston ham Ukrainada yuzaga kelgan ziddiyatni xalqaro huquq doirasida tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgandi.

"O‘zbekiston Ukrainadagi muammmoli jarayonga aralashgan tomonlar bosiqlik ko‘rsatib, tez orada kelishuvga erishilishiga umid bildiradi", deyilgandi "Jahon" agentligi murojaatida.

Ukrainada o‘tgan yildan buyon davom etib kelayotgan norozilik chiqishlari, qurbonlar berilishi, nihoyat prezident Yanukovichning hokimiyatdan ag‘darilishiga munosabatini aytmagan O‘zbekiston voqealarning yanada rivojlanishi manzarasida Qozog‘istondan keyin bunga jur‘at qilgan.

Lekin bunda ham bayonotni O‘zbekiston Tashqi Ishlar vazirligining o‘zi emas, "Jahon" axborot agentligi tarqatgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi 3 mart kuni bergan bayonotda Rossiya va Ukrainani muammoni kuch ishlatmay muzokaralar orqali yechishga chaqirgan edi.