Rossiyaning Qrimga xuruji nima uchun xalqaro qonunlarga zid

Image copyright Reuters

Rossiya Parlamentiga ko‘ra, agar hudud aholisi 16 martga rejalangan referendumda qaror bersa Qrim Rossiya hududiga qo‘shila oladi.

Lekin Rossiyaning Qrimga mudoxalasi xalqaro qonunchilikka ne qadar mos keladi? Kembrij Universitetida Xalqaro Qonunchilik bo‘yicha professor Mark Veller tahlil qiladi.

Qrim 1954 yili Ukraina Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kirtilgandi. 1991 yili Sovet Ittifoqi qulashi ortidan ham mintaqa mustaqil Ukraina tarkibida qoldi.

Rossiya aniq-taniq Ukrainaning o‘sha vaqtdagi chegaralari miqyosidagi hududini tan oldi.

Bu holat 1. Sovet Ittifoqini tarixga aylantirgan 1991 yilgi Olma Ota deklaratsiyasida 2. Ukrainaning o‘z hududidan yadro qurollarini yo‘qotish evaziga uning xavfsizligini ta‘minlovchi 1994 yilgi Budapesht memorandumida 3. Qora Dengizdagi Qrim bandargohlaridan Rossiya kuchlari foydalanishi haqida erishilgan 1997 yilgi bitimlarda qayd qilingan.

1997 yilgi bitim muddati 2010 yili yana 25 yilga uzaytirildi.

Ushbu bitim Rossiya kemalarining Qrim bo‘g‘ozida mavjudligi, harbiy infrastruktura, mashq markazlari, artilleriya nuqtalari va qator boshqa harbiy inshootlarning mavjudligini ham nazarda tutadi.

Lekin Rossiya kuchlarining harbiy qarorgohlardan tashqari yirik harakatlari albatta Ukraina tomoni bilan kelishilgan tarzda amalga oshirilishi va mavjud askarlar soni bir tomonlama ravishda ko‘paytirilmasligi ham bitimda aytib o‘tilgan.

Bitimning bu moddasiga zid ravishda Rossiya Ukraina tarafining roziligisiz harbiy mavjudligi miqyosini kengaytirdi.

O‘z qo‘shinlarini harbiy bazalar tashqarisida harakatlanishiga izn berib, hatto qo‘nalg‘alar doxil qator inshootlarni egalladi va Ukraina harbiy qarorgohlarini qamalga oldi.

Rossiyaning bu amallari rossiyaparast mahalliy ma‘murlarga Ukrainaning qonuniy rasmiylarini inkor qilish imkonini yaratdi.

Huquqiy jihatdan bu tajovuz amaliga barobardir.

Harbiy tajovuzmi?

Image copyright Reuters

Xorijiy kuchlarning o‘zga mamlakat rahbariyati roziligisiz o‘sha hududda mavjudligining o‘ziyoq kuch ishlatishni taqiqlovchi xalqaro qonunlarning buzilishini anglatadimi? Vaholanki bu xorij kuchlari bironta ham o‘q uzmagan bo‘lsalar.

1974 yilgi BMT ta‘rifiga ko‘ra, xorijiy kuchlarning o‘zga mamlakat hududida mavjudligini belgilovchi bitimga zid ravishda amallari tajovuz hisoblanadi.

Lekin hozircha, BMT xartiyasiga binoan Ukraina uchun o‘z-o‘zini himoya qilish harakatlariga turtki beruvchi "qurolli hujum" ro‘y bermagan ko‘rinadi.

Dastlab prezident Putin Rossiya Parlamentining yuqori palatasidan Qrimdagi rusiyzabon aholini muhofazalash yo‘lida harbiylardan foydalanish uchun ruxsat oldi.

Lekin hozircha Rossiya ishonchsiz ravishda bo‘lsa ham, o‘zining harbiylari Qrimdagi qarama-qarshilikda ishtirok etmayotganliklarini ta‘kidlab kelmoqda.

"Xorijdagi millatdoshlarni qutqarish doktrinasi" o‘zga mamlakatda yashayotgan zabondoshlarni kuch bilan "qutqarish" maqsadida millatdosh, deya e‘lon qilishni nazarda tutmaydi.

Bundan tashqari bu doktrina rusiyzabonlarni Rossiyaga ko‘chirish amaliga turtki berish mumkindir, lekin o‘zga davlat hududini bosib olishni nazarda tutmaydi.

Moskva shuningdek, "insonparvarlik yordami maqsadida aralashuv" doktrinasidan ham foydalan olmaydi. Bu doktrinaga asosan biron davlat butun boshli millatning kelajagi xavf ostida bo‘lgan vaqti, favqulloda holatda aralashishi mumkin.

Qrimda hozircha bu kabi favqulloda holat ro‘y berganligining dalillari yo‘q.

Rossiyadan yordam so‘raganlari uchun kelishdimi?

Image copyright Reuters

Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Sergey Lavrov BMTda qudratdan ag‘darilgan prezident Viktor Yanukovich tomonidan yozilgan "ko‘mak berish haqidagi" maktubni ko‘z-ko‘z qildi.

Lekin janob Yanukovich amalda mamlakat ustidan nazoratni qo‘ldan bergan ekan u biron xorijiy kuchlarning mamlakatga kelishlariga ruxsatni ham bera olmaydi.

Rossiyaning janob Yanukovich noqonunuiy ravishda qudratdan ag‘darilgani haqidagi da‘volari bu manzarada asosiy belgilovchi dalil bo‘lib xizmat qilmaydi.

Viktor Yanukovich Ukraina Konstitutsiyasida qayd qilingan ishonchsizlik bildirish jarayoni natijasida qudratdan chetlatilmagan bo‘lsa ham, Parlamentda yakdillik bilan vazifasidan mosuvo etilgan.

Shunga o‘xshash, Rossiyaning "ko‘magi"ni so‘ragan yangi Qrim ma‘muriyati ham bu kabi amalga qonuniy huquqi yo‘q.

Qrim avtonom hududi o‘z mavqeini o‘zgartirish yo‘lida harakat qilish huquqiga egadir, lekin xalqaro sahnadagi hodisalar tarixidan kelib chiqsak, mahalliy aholi bu qadamni qo‘llab ovoz bersa ham Qrim shunchaki bir tomonlama ravishda ajrab chiqish haqida qaror qabul qila olmaydi.

Buning o‘rniga Qrim ehtimoliy ajrab chiqish imkoniyatlarini mubohasa qilish uchun markaziy Kiyev hukumati bilan muzokaralarga kirishishi kerak bo‘ladi.

Xalqaro voqelik ko‘p hollarda biron hududning bo‘lginchilik intilishlarini mavjud hududiy chegaralar doirasida qo‘llaydi.

Bundan tashqari xalqaro qonunchilik "qurol mili ostida ajrashish" kontseptsiyasini ham tan olmaydi. Ya‘ni Qrim zaminida Rossiya askarlari qurol ko‘tarib, nazoratni amalga oshirayotgan ekanlar mintaqa ajrab chiqish, yo-da Rossiya hududiga qo‘shilish jarayonida ilgari siljiy olmaydi.