Yirik yettilik Rossiyani yana bir marta ogohlantirdi

Image copyright AP

G7 guruhi a‘zolari Rossiyaning Qrimdagi barcha harakatlariga chek qo‘yishga chaqirgan.

Qudratli yettilik rahbarlari shuningdek, keladigan yakshanba kuni o‘tkazilishi rejalangan Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi haqidagi referendum natijalarini tan olmasliklarini bildirishgan.

"Referendum Ukraina Konstitutsiyasini ochiqdan-ochiq buzish bo‘lib, u yuridik kuchga ega bo‘la olmaydi".

Ayni paytda Ukraina milliy xavfsizlik rahbari mamlakat chegaralariga Rossiya qo‘shinlari tobora ko‘payayotganidan ogohlantirmoqda.

Andrey Parubiyga ko‘ra, Moskva Ukrainaning sharqiy va janubiy chegaralariga yaqin hududda harbiy amaliyotlardan so‘ng ularni olib chiqib ketmagan.

Bu Ukraina xavfsizligiga tobora tahdid soladi, deydi Ukraina milliy xavfsizlik rahbari.

Dunyoning yetti rivojlangan davlati - Britaniya, Kanada, Frantsiya, Olmoniya, Italiya, Yaponiya va AQSh Ovro‘po Ittifoqi bilan birga Rossiyani Qrim maqomini o‘zgartirishga urinishlardan to‘xtashni hamda inqirozni yechish uchun rasmiy Kiyev va xalqaro hamjamiyat bilan muloqot qilishga chaqirgan.

AQSh senatorlari chorshanba kuni Rossiyani yirik sakkizlik tarkibidan chiqarish va 2018 yilda o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatidan Rossiya mezbonligini olib qo‘yish uchun ovoz berganlar.

Buni yoqlab 200 dan ortiq senator ovoz bergan.