Rossiyaning madaniyat vakillari Putinni quvvatlashdi

Image copyright Reuters
Image caption Putinning Ukrainaga nisbatan siyosatiga Rossiyaning o‘zida turli munosabat bildirilmoqda

Rossiyaning 100 dan ortiq san‘at va madaniyat arboblari prezident Putining Ukrainadagi vaziyat borasida tutgan mavqeini qo‘llab-quvvatlashgan.

Rossiya Madaniyat vazirligi saytida mamlakatdagi taniqli shaxslar imzo chekkan xat e‘lon qilingan.

Ushbu ro‘yxatda Aleksey Batalov, Oleg Tabakov, Vasiliy Lanovoy, Mixail Boyarskiy, Nikolay Burlyayev, Yuriy Solomin, musiqachilar Vladimir Spivakov, Yuriy Bashmet, Valeriy Gergiyev, aktrisa Lyudmila Chursina, Irina Miroshnichenko, Valentina Talizina, rejisserlar Stanislav Govoruxin, Karen Shaxnazarov, Pavel Lungin, Fedor Bondarchuk, Vladimir Xotinenko, qo‘shiqchilar Lyudmila Senchina, Nadejda Babkina, baletchi Nikolay Tsiskaridze va boshqalar bor.

Madaniyat vazirligiga ko‘ra, xat ochiq hisoblanadi va unga imzo chekuvchilar soni oshib borishi mumkin.

Oldinroq Rossiya Yozuvchilar ittifoqi Vladimir Putinning Ukrainadagi voqealarga munosabatini yoqlab chiqqandi.

Shu bilan birga, Putinning Ukrainaga nisbatan siyosatiga mamlakat ichida turli munosabatlar yangramoqda.

Nikita Mixalkov boshchiligidagi Putinni dastaklab keladigan kinochilarga qarshi 100 dan ortiq kino arboblari ukrainalik hamkasblari bilan birga ekanliklarini aytib, Rossiyaning Qrimga kirishiga noroziliklarini bildirganlar.

"Biz haqimizda shubhalanmang. Biz haqiqat tomondamiz va siz bilan birgamiz!" degan shior ostida Eldar Ryazanov, Liya Axejakova, Aleksey Smirnov, Yuriy Bogomolov, Aleksey Popogrebskiy, Yelena Koreneva, Andrey Proshkin, Garri Bardin, Andrey Zvyagintsev, Andrey Plaxov, Daniil Dondureylar imzo chekishgan.

Rossiya hukumatining amalini yoqlab imzo chekkani uchun aktyor Bezrukovning Tbilisiga ijodiy safari Gurjiston hukumati tomonidan bekor qilingan.

Taniqli qo‘shiqchi Iosif Kobzon ro‘yxatga imzo qo‘ymagan bo‘lsa ham, Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini, hamkasblarining fikrlarini ma‘qullashini aytadi.