Shveytsariya prokuraturasi Gulnora Karimova ustidan tekshiruv boshladi

Karimova va Avakyan

Shveytsariya davlat prokurori O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani noqonuniy pullarni o‘zlashtirishda gumon qilib, tekshiruv boshlaganini ma‘lum qilgan.

Davlat prokuroriga ko‘ra, prokuratura Gulnora Karimova bilan tijoriy va shaxsiy aloqalarga ega bo‘lgan to‘rt shaxs ustidan boshlagan tekshiruvni kengaytirib, ishga O‘zbekiston prezidentining qizini ham qo‘shishga qaror qilgan.

Shveytsariya rasmiylarining ma‘lum qilishlaricha, ular O‘zbekiston telekomunnikatsiya bozoridagi aloqador ekani aytilgan va Shveytsariya banklarida saqlanayotgan mablag‘larning noqonuniy o‘zlashtirilishi ehtimollari yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlaganlar.

Hozirga qadar 910 million AQSh dollaridan ortiqroq mablag‘ muzlatib qo‘yilgani xabar qilingan.

O‘tgan yil avgust oyida Shveytsariya politsiyasi Jenevadagi to‘rt manzilda tintuv o‘tkazishi ortidan, to‘rt O‘zbekiston fuqarosiga qarshi noqonuniy pullarni o‘zlashtirish gumoni bilan jinoiy ish ochgandi.

BBCning ishonchli manbalarining aytishicha, tintuv o‘tkazilgan uylardan biri O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli villa bo‘lgan.

O‘tgan yilning 17 va 18 iyun kunlari Gulnora Karimovaga tegishli Parijdagi hashamatli uy va San Trope oromgohidagi villaga muhr bosilgani xabar berilgandi.

Frantsiya politsiyasi mazkur tintuvni Shveytsariyada tergov qilinayotgan noqonuniy pullarni yuvish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida amalga oshirgani aytilgandi.

Shveytsariya prokuraturasi Frantsiya huquq-tartibot idoralarining o‘z so‘roviga binoan O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qiziga tegishli ekani aytilgan bir necha manzilga reyd uyushtirganini tasdiqlagan.

Aytilishicha, amaliyotdan maqsad "hujjatlarni qo‘lga kiritish bo‘lgan".

Keyinchalik Gulnora Karimovaning o‘zi Twitter mikroblogida Frantsiyadagi tergovga munosabat bildirgandi.

Gulnora Karimova pul yuvish va korruptsiya da‘volarini rad etgan va g‘arb matbuotidagi chiqishlarni o‘zini yomonotliq qilish kampaniyasining bir qismi, deb atagan.

Twitterdagi sahifasida Frantsiyalik jurnalist ekanini aytgan foydalanuvchining bu borada intervyu berish haqidagi so‘rovini rad etgan Karimova xonim "Sen kir qidirayotganingni bilardim. Axlat kavlashda senga omad yor bo‘lsin!" deya zaharxanda qilgan.

O‘tgan yili Shvetsariya prokuraturasi "Teliasonera" mobil telefon shirkatining O‘zbekiston bozoriga kirib borishi uchun Gulnora Karimovaning yaqin sherigi hisoblangan 24 yoshli Gayane Avakyan nazorat qiluvchi Gibraltardagi kompaniya hisobiga 250 million dollar to‘lagani yuzasidan ayblovlar asosida jinoiy tekshiruv jarayoni boshlagandi.

Keyinchalik Shvetsariyadagi Gayane Avyakan va yana qator o‘zbekistonliklarga tegishli bank hisoblaridagi millionlab dollarlar muzlatib qo‘yilgani haqida ma‘lum qilingan.