Rossiya Ukraina bilan inqiroz muzokaralarini rad etayapti

Image copyright Reuters
Image caption Turchinov Ukrainaning janubiy hududlarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun harbiy aralashuv bo‘lmasligini aytdi

Ukrainaning muvaqqat prezidenti Oleksandr Turchinovga ko‘ra, Rossiya Qrimdagi inqirozni yechish masalasida Kiyevning diplomatik takliflariga javob bermayapti.

Shu boisdan rasmiy Kiyevning Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bilan ham yoki undan yuqori hukumat darajasida ham muzokara o‘tkazishining imkoni yo‘q.

Olmoniya va Britaniya doxil G‘arb davlatlari Ukraina inqirozini bartaraf etish masalasida xalqaro muloqot guruhini tuzishga urinishmoqda. Biroq muammoni Rossiya ishtirokisiz hal qilish baribir mushkul.

Shuningdek, janob Turchinov Ukrainaning janubiy hududlarini xavf ostiga qo‘ymaslik uchun Qrimga harbiy aralashuv bo‘lmasligini aytgan Frans Press agentligiga.

"Biz Qrimda harbiy amaliyot boshlay olmaymiz, sharqiy chegara xavf ostida qoladi va Ukrainani bu tarzda himoya qilish ilojsiz", degan u.

Turchinov Qrimdagi referendumning taqdiri allaqachon Moskvada hal qilingani, Qrimning aksariyat aholisi bu yolg‘onni boykot qilishini ta‘kidlagan. "Rossiya kuchlari referendum o‘tkazishmaydi, balki uning natijalarini shunchaki soxtalashtirishadi, xolos", deydi Turchinov.

Bundan oldin muvaqqat prezident Ukrainada milliy gvardiya tuzilishi zarurligi, chunki atigi olti ming askar jangovar holatdaligini qayd etgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy gvardiya harbiy tajribasi bor, ichki va tashqi tajovuzga qarshi bo‘lgan ko‘ngillilardan tuziladi.

Bugun, 12 martda Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Oq Uyda prezident Barak Obama bilan uchrashishi kutilmoqda.

Oq Uy vakilining bildirishicha, Yatsenyukning Amerikaga taklif qilinishi AQSh Ukrainaning yangi hukumatini quvvatlashi belgisidir.

Rasmiy Kiyev ham Arseniy Yatsenyukning Obama bilan uchrashuvi dunyoda yangi tuzilgan va hali sinovdan o‘tmagan hukumatga bo‘lgan ishonchni oshiradi, deb umid qiladi.

Muxbirlarning xabar qilishicha, Yatsenyuk uchun Obama bilan va‘da qilingan 35 milliard dollar yordamni olish tartibini muhokama etish muhim.

BBCning Vashingtondagi muxbiriga ko‘ra, Obama fursatdan foydalanib, yana bir bor Rossiyani o‘z qo‘shinlarini Qrimdan olib chiqib ketishga chaqirishi, 25 maydagi prezidentlik saylovlarini va yangi hukumat bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni quvvatlashi kutilmoqda.

Yatsenyuk bundan tashqari BMTning Xavfsizlik kengashidagi majlisda qatnashadi.

11 martda Rostovda matbuot anjumani o‘tkazgan ag‘darilgan prezident Viktor Yanukovich esa AQSh kongressi, senati va Oliy sudini Ukraina hukumati bilan hamkorlik qilmaslikka chaqirdi.

AQSh va G‘arbning aksariyat davlatlari Yanukovich qudratdan ketkazilgandan buyon Kiyevdagi yangi hukumatni dastaklab, inqirozdan chiqish uchun moliyaviy yordam va‘da qilishmoqda.

E‘lon qilingan referendumga sanoqli kunlar qolar ekan, Ukrainaning Donetsk, Xarkov shaharlarida Rossiyaga qo‘shilishni yoqlab namoyishlarga chiqishgan.

Referendumni boykot qilishni aytayotgan Qrim tatarlariga Qrimning rossiyaparast hukumati turli va‘dalarni bermoqda.

Rasmiy til maqomi, hukumatdan o‘rin va boshqa imtiyoz va yengilliklar shular jumlasidandir.

Seshanba kuni Moskva 4000 desantchilar ishtirokida keyingi 20 yilda eng katta bo‘lgan harbiy mashq o‘tkazgan.

Ayni paytda Vashington va Bryussel Rossiyaning Ukraina hududiy yaxlitligiga daxl qilganligiga qarshi yangi sanktsiyalar kiritishni rejalashtiryapti.