"O‘zbekiston Gulnorani hibsga olsa, Shveytsariya pullarni qaytaradi"

Image copyright none
Image caption Gugusha yo Gulnoraning "gullagan" chog‘lari...

Gulnora Karimovaning katta miqdordagi noqonuniy pullarni halollashga oid ulkan jinoyat ishida Shveytsariyada rasman gumonlanuvchi, deb e‘lon qilinishi O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi atrofidagi xalqaro tekshiruvni yangi bosqichga ko‘tardi.

Ishni kuzatayotgan jurnalistlarga ko‘ra, tekshiruv juda jadal kechmoqda va bu allaqachon yolg‘iz Shveytsariya sarhadlarida chegaralanmasdan, Frantsiya, Shvetsiya, Norvegiya va Gollandiya kabi mamlakatlarda ham ko‘rib chiqilmoqda.

Shveytsariya muzlatgan bir milliard dollarga yaqin pulni O‘zbekiston qaytarib olishni istasa, Prezident Karimov o‘z qizi Gulnorani hibsga olishi kerak bo‘ladi, deb bildirilmoqda.

Shuningdek, Gulnora Karimova bugun Ovro‘poga qadam bossa, uni suhbatga chaqirishlari va yo hatto hibsga olinish ehtimollari ham bildirilmoqda. Gulnora Karimova allaqachon diplomatik daxlsizlik mavqeini yo‘qotgan, O‘zbekistonda uning yaqin sheriklari hibsga olingan va tijoriy saltanatini ham qo‘ldan boy berayotgani aytiladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Gulnora Karimova hali 2013 yili sentyabr oyida Shveytsariyada rasman gumonlanuvchi, deb ko‘rilgan. Biroq nega bugunga kelib bu voqelik dunyo jamoatchiligiga e‘lon qilinmoqda?

BBC O‘zbek Xizmati ushbu savol bilan Gulnora Karimova mashmashasiga oid ishlarni yaqindan o‘rganib kelayotgan shveytsariyalik jurnalist Ivis Shteynerni suhbatga tortdi:

Ivis Shteyner: Nega hozir e‘lon qilishganini aniq izohlab bera olmayman. Hali 2013 yili tekshiruv doirasida Gulnoraning Jenevadagi uyini tintuv qilishgan. Shundan keyin bir necha hafta o‘tib, uning o‘zini tekshirishga qaror qilganlar. Ammo shundan keyin ham juda ko‘p tadqiqot olib borishga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Frantsiya, Norvegiya, Gollandiya va Shvetsiya kabi mamlakatlar bilan muloqotlar bo‘lib o‘tgan.

BBC: Ya‘ni ular hozir Gulnora Karimovaga oid ko‘proq dalillarni qo‘lga kiritishganmi?

Image copyright none
Image caption Gulnora Karimovaning yaqin sheriklaridan bo‘lmish Gayane Avakyan O‘zbekistonda tergov qilinayotgani ishoniladi

Ivis Shteyner: Aniq, shunday deyish mumkin. Gulnora Karimovaning Jenevadagi uyini tintuv qilish jarayonida ular juda ko‘plab materiallar, shartnomalar va hujjatlarni qo‘lga kiritishgan. Biz ular orasida ko‘plab dalillar borligiga ishonamiz.

BBC: Gulnora Karimovaga aloqadorlikda ko‘rilgan bu ish anchadan beri davom etadi. Shuncha uzoq vaqt davomida aniq nimalarga erishildi?

Ivis Shteyner: Yo‘q, aslida bu ishning miqyosini nazarda tutsak, tekshiruv ishlari ancha jadal kechayapti. O‘rtacha ikki yil bo‘lib qoldi. Shuncha vaqt ichida hozirgidek natijalarga erishish - ishning jadal kechayotganidan darak beradi. Bu yerdagi adliya tizim ish uslubi ham farqli. Masalan, Gulnoraning himoyachisi va yoki vakillari har bir bosqichda qoralovchi tarafga qarshi o‘z raddiya amallarini bajarishlariga imkon beriladi. Shuni hisobga olganda, jarayon tez kechayapti.

BBC: Mana hozir Shveytsariyada muzlatilgan qariyb bir millard dollarni olsak... Bu pullarning kim tarafidan, qaysi tijorat bilan topilgani borasida nimalar ma‘lum? Shunchalik katta mablag‘ni qanday qilib Gulnora Karimovaga bog‘lash mumkin?

Ivis Shteyner: Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Shveytsariya hukumati 800 million Shveytsariya frankiga yaqin mablag‘ni muzlatishga qaror qilgan. Ammo faqat 500 millon frank mablag‘ korruptsiyaga bog‘liq, deb tasdiqlangan. Tekshiruv markazida esa TeliaSonera shirkatining O‘zbekiston mobil telefon bozoridagi ulkan shartnomasi turadi. Bu holatda Gulnora Karimovaning shirkat daxlsizligini ta‘minlash yo‘lida kechgan oldi-berdilardagi ishtiroki gumon qilinmoqda. Ya‘ni bular - go‘yo shirkatning O‘zbekistonda daxlsiz faoliyat yuritishini ta‘minlash va himoya qilish uchun u va yo yaqinlari pora olganiga oid iddaolar.

BBC: Gulnora Karimova har vaqt o‘zining begunohligini aytib kelgan va ba‘zida ayrim odamlar uning nomini sotib, ish ko‘rishganini ta‘kidlagan. Rostdan ham shunday bo‘lishi mumkin emasmi?

Ivis Shteyner: To‘g‘risi, buni aniq bilmayman. Bu uchun Shveytsariya adliya tizimi yiqqan hujjatlarni o‘rganib chiqish kerak. Shveytsariyadagi ayni ishga yaqin odamlar esa ko‘plab matnlar va hujjatlar borligini hamda ularni ba‘zida Gulnoraning o‘zi, ba‘zida unga yaqin odamlar imzolashganini aytishadi.

BBC: Hozir O‘zbek hukumati Gulnora Karimovaga yaqin bir necha kishini hibsga oldi va ular prezident qizining nomidan foydalanib ish ko‘rishgan, degan da‘volar bildirildi. Bu hibslar ham Shveytsariyadagi mazkur ishga aloqadormi va yo Shveytsariya tarafi talabi bilan amalga oshirilganmi?

Ivis Shteyner: Ayni masalada menda ma‘lumot yo‘q. Ammo Gulnora ham korruptsiyada ayblanishi mumkinligini nazardan soqit qilmaslik kerak. Shveytsariya muzlatgan 800 million frank atrofidagi pul O‘zbekiston uchun katta mablag‘. Shu uchun O‘zbek hukumati bu pullarni qaytarib olishga harakat qilishini kutsa bo‘ladi. Bu uchun ular muayyan choralar ko‘rdik, deb Shveytsariyani ishontirishga harakat qilishlarini ham nazardan soqit qilib bo‘lmaydi.

BBC: Hozir Gulnora Karimova O‘zbekistondagi tijoratlarini qo‘ldan boy bergani, yaqin odamlari hibsga olingani va o‘zi ham hatto tashqi dunyo bilan bog‘lanishdan mosuvo bo‘lgani haqida xabarlar bor. O‘zi esa otasi - Prezident Karimov bilan ham uchrasha olmayotganini aytgandi. Bu ishlar endi O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovani Ovro‘podagi ishlar bois jazolayotganini ko‘rsatadimi?

Image caption Gulnora Karimova o‘z boshiga tushgan "ko‘rguliklarda" onasi, singlisi va kuyovini ayblab keladi

Ivis Shteyner: Agar O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovani jazolashga qaror qilsa, u holda Shveytsariya hukumati muzlatilgan pullarni bu yerda tutib turishiga asos qolmaydi. Ular pullarni O‘zbekistonga jo‘natishadi. Bu axir aslida Gulnoraning emas, O‘zbek xalqining pullari-ku. Ko‘pchilik odamlar hozir bir narsani kutishayapti. Ya‘ni O‘zbekiston Gulnora Karimovani hibsga oladi. Shunday qilishsa, Shveytsariya muzlatilgan pullarni O‘zbekistonga qaytara oladi.

BBC: Lekin bu pullarni qaytargan bilan ular yana O‘zbekistondagi korruptsiyaga botgan rahbarlar qo‘liga va yoki yana birinchi oila cho‘ntagiga borib tushmaydi, deb kim kafolat bera oladi?

Ivis Shteyner: To‘g‘ri, shunday bo‘lishi mumkin. Bu kabi muammolar Qozog‘iston bilan o‘rtaga chiqqan. O‘shanda Shveytsariya ayblagan odamlarni Qozog‘iston ham aybladi. Bu ishlar esa muzlatilgan pullarni qaytarib olish uchun amalga oshirilgandi, xolos. Ammo hukumatlar orasidagi har qanday muqobil kelishuv bu pullarning kelajakdagi taqdiriga biroz oydinlik kiritishga harakat qiladi. Deylik, biron maxsus jamg‘arma ochiladi va O‘zbek hukumati ushbu mablag‘ni qandaydir loyihalarga ishlatadi, deb kelishiladi. Lekin keyin nazorat qo‘ldan chiqadi. Chunki, bu pullar kelajagini Shveytsariya nazorat qilolmaydi.

BBC: Shveytsariya Gulnora Karimovani rasman gumonlanuvchi, deb e‘lon qilishi Gulnora Karimova uchun nimani anglatadi? Masalan, Ovro‘poga kelsa, uni ushlashadimi yo tergov qilishadimi? Yoki unga daxl qilish uchun hech qanday vakolatlari yo‘qmi?

Ivis Shteyner: Ahvol juda murakkab. Shveytsariya hukumati uni suhbatga chaqirishni istashi mumkin. Yana aniq bilmadim. Hozir Gulnora Karimovaning diplomatik daxlsizligi yo‘q va uni Shveytsariyada hibsga olishlari ehtimolini ham chetga surib bo‘lmaydi. Boshqa tomondan, ayni ish Shveytsariyadan tashqari boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham ko‘rib chiqilmoqda. Xususan, Shvetsiya, Frantsiya, Gollandiya va boshqa mamlakatlarni aytish mumkin. Ya‘ni Gulnora Karimovani tergov qilishni birgina Shveytsariya emas, boshqalar ham istashadi.