Qirg‘izistonda fuqarolikni olish osonmi?

Image copyright b
Image caption Qirg‘izistonda chorak asr yashab ham fuqarolikni ololmayotganlar bor

Qirg‘izistonda ko‘plab odamlar qonuniy haqqi bo‘lishiga qaramay, fuqarolik olisholmayapti.

Parlament vakillariga ko‘ra, muammo sabablari turlicha. Qo‘shni davlatlardan ko‘chib kelgan va yo Qirg‘iz fuqarolari bilan oila qurgan yaqin xorij fuqarolari uzoq yillardan beri vatandoshlik maqomi olisholmayapti.

Qirg‘iziston parlamenti a‘zolari ko‘shni mamlakatlardan o‘nlab yillar oldin ko‘chib kelib odamlar shu paytgacha Qirg‘iziston fuqarolari bo‘la olmaganligini tanqid qilgan.

Qirg‘iziston janubiy viloyatlarida ham bunday holatlar ko‘plab uchraydi.

Asli o‘zbekistonlik, 48 yoshdagi Asqarali To‘rayev ayni paytda O‘sh viloyatining Aravon qishlog‘ida istiqomat kiladi. Tajribali dehqon, ko‘p yillar davomida paxta yetishtiradi. O‘nlab yillar oldin u qirg‘izistonlikka uylangan. Biroq hanuz, ko‘p bolaning otasi bo‘lib ham chet ellik fuqaro sanaladi.

"Muammolar bo‘layapti. Bolam pasport olgani borsa, otangning pasporti ko‘chirmasini ham olib kel, degan. Lekin men Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lmasam, qanday ko‘chirma qilib beraman? Ayolim qirg‘izistonlik, bolalarim xam barchasi Qirg‘izistonda tug‘ilgan. Uchta o‘g‘lim, ikki kelin, ikkita nevaram bor. Lekin o‘zimga pasport ololmayapman", deydi u.

Yaqinda Oliy Kengashning Ijtimoiy siyosat qo‘mitasi rahbari Damira Niyazaliyeva esa Qirg‘iziston fuqarolariga turmushga chiqqan ayollarning achinarli taqdiri haqida gapiradi.

"Bu ayollar yigirma-o‘ttiz yildan buyon vatandoshlarimizning rafiqalari bo‘lgani bilan, ular shu kungacha davlatimizning fuqarolari emas. Ayniqsa bu ziddiyat Qirg‘iziston janubiga xos va shunday holatlar aksariyati ham – xuddi janubda qayd etilgan", deydi u.

Parlament a‘zosi aytishicha, joriy yilda shu muammoni hal qilish uchun harakat qiladi.

Asqarali Turayev aytishicha, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi bordi-keldi aloqalari murakkablashib ketgan. Shu bilan birga, u shaxsan o‘zi Qirgiziston fuqarosi bo‘lmagach, O‘zbekistonda yashayotgan keksa ota-onasi bilan ko‘p vaqt davomida uchrasha olmayapti.

"Men xozir O‘zbekistonga, ota-onamning oldiga borib kelishdan juda qiynalib yuribman. Ota-onalar qarib qolgan, ular ba‘zida og‘rib, qiynalib qolayapti, lekin menda hozir hech kanday imkoniyat yo‘q, shu tomondan kiynaldim. Mana shaharga xam chiqib kelish muammoga aylanadi, chunki ko‘chada ketayotsang, militsiya tuxtatib: "hujjating qani?", deb so‘raydi. Menda esa asosiy hujjatim shu kungacha yo‘q. Rasmiy xolda "Pasportlar berilmoqda" degani bilan, amalda unday emas", deb aytadi Asqarali.

Asqarali hikoya qilishicha, u ko‘p marotaba tumandagi mas‘ullarga murojaat qilganiga qaramasdan, tez-tez almashadigan rahbarlar uning muammosini e‘tiborsiz qoldirgan.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining boshlig‘i Juraboy Abduraimov shunday deydi:

- Qanday muammo bo‘lsa ham, mahalliy rahbarlarning doimiy faoliyat ko‘rsatishi yoki almashib ketishidan qat‘iy nazar, fuqarolarning murojaati konunda belgilangan muddatda hal qilinishi yoki javob berilishi kerak. Fuqarolik masalasiga bog‘lik eng kam muddat ikki hafta qilib belgilangan. O‘sha muddat yetarli bo‘lmasa, fuqarolarga buning sababini tushuntirib, bir oy davomida muammosini hal qilish shart.

Juraboy Abduraimov shuningdek, insonlarda Qirg‘iziston fuqaroligini olishga bog‘liq muammolar kelib chiqsa, o‘zlariga murojaat qilishlari mumkinligini bildirgan.