Nyu-Yorkda gaz portlashi ikki binoni qulatdi

Image copyright AP

Nyu-Yorkda gaz sirqib chiqishi oqibatida yuz bergan portlash ikki binoni qulatishi va kamida yetti kishini o‘ldirishi ortidan qutqaruv ishlari davom etmoqda.

O‘t o‘chiruvchilar Garlemdagi binolar qoldiqlari ostida qolib ketgan odamlarni topishga urinishayapti. Halok bo‘lganlar soni o‘sishi kutiladi.

Politsiya voizi besh kishi daraksiz qolayotganini bildirdi.

Chorshanba kuni yuz bergan o‘ta kuchli portlash bino qoldiqlarini atrofga sochar ekan, 60dan oshiq odam jarohat olgan.

Mahalliy yashovchilar yaqin kuchlarda "chidab bo‘lmaydigan" gaz hidi haqida shikoyat qilganlari aytiladi.

Image copyright Getty Images

Yuqori Manhattandagi hodisa joyiga tez orada yetib kelgan shahar hokimi Bil de Blazio ilk ma‘lumotlar portlashga gaz sirqib chiqishi sabab bo‘lganiga ishora qilayotganini aytdi.

Tunda harorat deyarli 0 gradusga tushishiga qaramay, o‘t o‘chiruvchilar tun bo‘yi vayronalar ichidan odamlarni qidirganlar.

Ular payshanba tongida qoldiqlar ostida uchta jasadni chiqarib olishgan. Yettinchi talafot ertalabki 8:00da tasdiqlandi.

Portlash qo‘shni binolarning ham derazalarini sindirgan. Yaqin oradagi temir yo‘llarga bino qoldiqlari borib tushishi ortidan Markaziy temir yo‘llar bekati chorshanba kuni bir necha soatga yopilgan.

Image copyright Getty

Jarohatlanganlarning kamida uch nafari yosh bolalar bo‘lgani aytiladi. 15 yoshli bolaning ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Ayni damda shahar rasmiylari va Kon Edison shirkati portlashdan avval gaz sirqib chiqishi borasidagi shikoyatlarga beparvolik bilan munosabatda bo‘lingani borasidagi da‘volarga yuz tutishmoqda.

Kon Edison voiziga ko‘ra, hodisadan biroz avval qo‘shni bino yashovchisi gaz hidi haqida xabar bergan, biroq muhandislar guruhi yetib kelguncha portlash yuz bergan.