Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasida mashqlarni kuchaytirgan

Image copyright AFP

Rossiya armiyasi Rostov, Belgorod, Tambov va Kursk viloyatlari poligonlarida harbiy dala mashqlari ko‘lamini oshirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, mashqlar mart oyi oxirigacha davom etadi va undan maqsad notanish joy, tekshirilmagan poligonlarda qo‘shinlarning harakatini har tomonlama sinovdan o‘tkazishdir.

Ukraina hukumati Rossiyaning chegaradagi harakatidan xavotirda.

Milliy xavfsizlik kengashi rahbari Andrey Parubiy vaziyat murakkablashgan taqdirda Rossiya qo‘shinlari 2-3 soatda Kiyevga yetib kelishi mumkinligidan ogohlantiradi.

O‘z o‘rnida Ukraina Mudofaa vazirligi qurolli kuchlarini to‘liq jangovar holatga keltirilishini e‘lon qilgan.

Oldinroq muvaqqat prezident Turchinov har qanday holatda ham Qrimga qo‘shin kiritilmasligi, Ukrainaning janubiy sharqiy chegaralarini xavf ostida qoldirilmasligini aytgan.

Rossiya tomoni bunga javoban Kiyevning Ukraina xavfsizligiga tahdid qiluvchi harakatlar yo‘qligiga ishonch hosil qilishi uchun Rossiya havo hududida kuzatuv o‘tkazishga ruxsat berdi.

Chegaradagi Rossiya qo‘shinlarida favqulodda faollik 26 fevralda boshlanib, G‘arbiy harbiy okrugda bir haftalik mashqlar o‘tkazilgan, aytilishicha, jangovar holatga tayyorlik tekshirilgan.

Shu bilan birga Rossiya Qrimdagi hodisalarga aloqadorligini rad qilib, o‘quv mashqlari Ukraina hodisalariga bog‘liq emasligini bildirib keladi.

Qrimdagi Rossiya harbiy bazalarida xavfsizlik holatlari kuchaygani esa mavjud hujum xavfini oldini olish bilan izohlangan.

Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi haqida referendum yaqinlashar ekan, Chorshanba kuni Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Oq Uyda prezident Barak Obama bilan uchrashgan.

Muzoqaralarda Qrimdagi vaziyat va Ukrainaga inqirozdan chiqish uchun va‘da qilingan moliyaviy yordam muhokama qilinganligi aytilmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama Ukrainaning muvaqqat bosh vazirini olqishlagan va Rossiya bilan bo‘layotgan bahsda Ukraina bilan birga turishga va‘da bergan.

Arseniy Yatsenyuk Ukraina Rossiyaga hech qachon bo‘sh kelmasligini ta‘kidlagan.

Image copyright AFP

Janob Obama prezident Putinni Qrimdan Rossiya qo‘shinlari olib chiqilmas ekan, xalqaro hamjamiyat chora ko‘rishga majbur bo‘lishidan ogohlantirgan.

Bundan avval yirik yettilik davlat rahbarlari ham shunday chaqiriq bilan chiqqan edilar.

Katta yettilik murojaatida aytilishicha, Rossiya Qrimdan chiqib ketmas ekan, keyingi choralar "alohida va birgalikda amalga oshiriladi.

Shuningdek, Obama juma kuni Londonda rejalashtirilgan Jon Kerri va Sergey Lavrov muzokaralarida diplomatik say‘ harakatlar natija berishiga umid qilinayotganini aytdi.