Gulnora Karimovaga bog‘liq tergov AQSh va Gollandiyada ham ochildi

Image caption Gayane Avakyan egalik qilgan Takilantga yirik mablag‘lar to‘langan, biroq aslida shirkatga Gulnora Karimova egalik qilgani gumon qilinadi

O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga qarshi Shveytsariyada noqonuniy pullarni o‘zlashtirish aybi bo‘yicha tergov ochilishi bilan bir vaqtda O‘zbekistonda Bilayn brendi ostida amal qiluvchi Vimpelkom shirkati ham tekshirilmoqda.

Rossiyalik milliarder Mixail Fridman va Norvegiyaning Telenor shirkati tomonidan nazorat qilinuvchi Vimpelkom shirkati Gollandiya va AQShda O‘zbekistondagi biznes kelishuvlari borasida tergov qilinayotganini bildirdi.

Gollandiya prokurorlari seshanba kuni shirkatning Amsterdamdagi bosh qarorgohiga tashrif buyurganlar.

AQShning qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha komissiyasi ham Amerikaning Nasdaq shirkatida ro‘yxatda turuvchi Vimpelkomni tergov qila boshlagan.

Vimpelkom shirkati ham, Teliasonera kabi, qog‘ozda Gulnora Karimovaning yaqin do‘sti Gayane Avakyan egalik qilgan Takilant shirkatiga aloqador bo‘lgan.

Rossiyaning Vimpelkom shirkati 2006 yilda O‘zbekistondagi mahalliy mobil operatori Unitelning 100% aktsiyalarini sotib olib, o‘zbek mobil bozoriga kirgandi.

Vimpelkomning o‘tgan yil mart oyida chiqqan yillik hisobotida Takilant 2007 va 2009 yillar orasida Vimpelkomning o‘zbek bo‘limining kichik hissadori bo‘lgani aytilgan.

Vimpelkom, shuningdek, O‘zbekistondagi mobil aloqasi bozoriga kirish litsenziyasini olish uchun Takilant bilan ishlaganini ma‘lum qilgan.

"Obro‘ga putur"

Shirkatga yaqin ekani ishonilgan manbaning Faynenshl Taymsga bildirishicha, hozircha Vimpelkom shirkatidagi aniq shaxslar tergov qilinmayapti.

O‘tgan yilgi hisobotida Vimpelkom Takilant bilan bo‘lgan aloqalari tufayli "tergov qilinishimiz va obro‘imizga putur yetkazilishi" mumkinligini aytgandi.

Gulnora Karimovaga yaqin doiralarga katta miqdorda pora berganlikda ayblangan Teliasonera shirkatiga nisbatan Shvetsiyada tergov hali ham davom etmoqda.

Teliasonera Takilantga pul to‘laganini o‘z bo‘yniga olgan, biroq buning pora yoki jinoyat ekanini rad etgan.

Teliasoneraning ijrochi diretori Lars Nayberg o‘tgan yili o‘z hissadorlari va tergovchilar bosimi ostida iste‘foga chiqdi.

Ovro‘podagi korruptsiya tergovlari bir vaqtlar otasining me‘rosxo‘ri deb ko‘rilgan Gulnora Karimovaning obro‘siga katta putur yetkazdi.

Kelgusi yil o‘tkazilishi mo‘ljallangan O‘zbekiston prezidentligiga saylovlar arafasida o‘zbek elitasi va Milliy Xavfsizlik Xizmati bilan yuzaga kelgan tortishuvlari doirasida Karimova xonimning qator bizneslari, matbuot va xayriya tashkilotlari yopildi.

O‘tgan oy esa unga yaqin sanalgan uch kishi Toshkentda hibsga olindi. Karimova xonim mazkur hibsga olinishlar amalga oshirilganidan beri o‘zining odatda ma‘lumotga boy bo‘lgan Twitter va Instagram sahifalarida ko‘rinmay qoldi.

Your contact details
Disclaimer