O‘zbekistonda "MDS-Service" tibbiy klinikasi faoliyati to‘xtatilgan

Xabarlarga ko‘ra, Toshkentda ko‘p tarmoqli MDS-Service (Meditsiyana, Diagnostik,. Statistika va Servis) shaxsiy klinikasi yopilgan. Klinikaning barcha xodimlari o‘z hisobidan ta‘tilga chiqarilgan.

Klinikaning aynan nima uchun yopilgani haqida ma‘lumotlar yo‘q. Lekin taxminlarga ko‘ra, bu ish prezident qizi Gulnora Karimovaning biznes hamkorlariga taluqli bo‘lishi mumkin.

Chunki bu shirkat ham uning norasmiy rahbarligida faoliyat yurgizgan.

Fergana.ru web saytining Infocom.uz internet nashriga asosan yozishicha, 1996 yil tuzilgan klinikaga o‘sha paytdagi sog‘liqni saqlash vaziri, hozirda ToshMi rektori Shavkat Karimovning o‘g‘li shifokor-radiolog Furqat Karimov tomonidan ochilgan.

So‘ngra, 2008 yildan boshlab O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova qo‘liga o‘tgani, "Baho shakar" nomi bilan tanilgan tadbirkor Bahodir Karimjonov orqali ish yuritgani aytiladi.

2013 yilda Bahodir Karimjonovga O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining soliq to‘lamaslik, savdo qonunlarini buzganlik va boshqa bir qator bandlari bilan jinoiy ish ochilgan va xalqaro qidiruvga berilgan.

"MDS-Service"ga ishi tushgan o‘zbekistonliklarning bir qanchasi eng oxirgi zamonaviy apparatlar bilan jihozlangan klinikada aksariyat mutaxassislar xizmatidan qoniqmaganlari, lekin oddiy tashxis narxlari ham osmonda bo‘lgani bilan nom chiqarganini aytishadi.

Ularga ko‘ra, ko‘rsatilgan tibbiy xizmatdan va natijasidan qoniqmagan mahalliy aholi orasida o‘qishga pul bilan kirgan amaldorlarning bolalari buning hissasini chiqarish uchun qimmat klinikaga kirib olganliklari haqida fikrlar saqlanib qolgan.