Shia bo‘lgan o‘zbeklar: Nimasi xato?

Image copyright none
Image caption Surayyo sunniy o‘zbek, ammo qizini shia yigitga uzatgach, oilasi malomat ostida qoldi

"Qizim baxtli. Kuyovim uni erkin qo‘ygan, shia mazhabiga kirasan, deb majburlayotgani ham yo‘q. Ollohdan yana boshqa nima tilashim mumkin?"

Mozori Sharif chekkasidagi Bog‘i Bo‘ston mahallasida yashovchi, qirq yoshlar chamasidagi o‘qimishli ayol - Surayyo-opa o‘z oilasi qarorini shunday izohlaydi.

"Qizim g‘ayrimusulmonga tekkani yo‘q. Shia ham bizdek mo‘‘min, ular ham Olloh deydi, Qiblaga bosh qo‘yadi" - deydi suhbatdoshimiz.

G‘arbona jigarrang kiyim kiygan, boshiga ham mos rangli ro‘mol tashlagan Surayyo-xonim asli faryoblik o‘zbeklardan. U Tolibon davridan beri faol ayollardan.

Tolibon qudratda payti uning shia do‘st va qo‘shnilarini o‘ldirmoqchi bo‘lganida, o‘rtaga tushib ularni asrab qolgan.

"O‘z qo‘shnim, oilamiz do‘stini shia bo‘lgani uchun tashqariga olib chiqib, otib tashlashgan. O‘shanda hech nima qila olmay qoldim" - deydi u o‘kinib.

Taqdir ekan, bugun esa shialarga quda tutindi.

Xato nikoh?

Biroq ko‘plab sunniy tanishlari va qo‘shnilari o‘zbek qizining shia tojik-hazora yigitga turmushga chiqishiga qarshilik qilishgan.

Mahalla arbobi Abdulrazzoq hatto sunniy ulamolar va mullalar bilan gaplashib, diniy kitoblarni topib, qo‘shnisini bu to‘yni bekor qilishga undagan.

"Qizingni shiaga uzatma, deb ko‘p urindim, ammo gapimga quloq solishmadi" - deydi ko‘k choyni ho‘plab, yon devor qo‘shnisi hovlisiga ishora qilgancha arbob Abdulrazzoq.

Image copyright none
Image caption Shia masjidida namoz o‘qiyotgan Gulmuhammadning yangi mazhabini barcha qarindoshlari ham qabul qilishmagan

"Biz ulardan qiz olishimiz mumkin, agar u sunniylikka kirsa" - deydi mullalar fikrini bayon etib suhbatdoshim - "Biroq shialarga qiz berolmaymiz".

Sunniy ulamolar bu hassos masalada ochiq gapirishni istashmaydi. Ammo mikrofonni o‘chirishni so‘rab, alal-oqibatda, sunniy qizi shia yigitga turmushga chiqishi mumkin emas, chunki ayol kishi ko‘pincha erining mazhabiga o‘tadi, bolalari otasinign dinida tarbiy topadi, deb aytishadi.

Shia olimlari esa bu masalada biroz erkin qarashlarini va yoshlar istashsa, muayyan shartlar bilan oila qurishlari mumkinligini aytishadi.

Lekin ayni muayyan shartlar bu - kelin yo kuyovning turmush o‘rtog‘i mazhabiga o‘tishi degan gap.

Sunniy qudalar ham, shia qudalar ham o‘z farzandi mazhabini almashtirishini istashmaydi.

Biroq Surayyo-opaning qudalari qizingiz o‘z sunniy mazhabida qolaversin, hatto farzandlarini ham kelajakda sunniy qilib tarbiyalashi mumkin, deb ijozat berganlar.

Shunga qaramay, qator sunniy qo‘shnilar to‘yga kelishmagan. Sunniy mullalar ikki yoshga nikoh o‘qishdan bosh tortishadi.

Qarindosh va qo‘shnilar bosimi ostida qolgan o‘zbek kelinning oilasi nikohni sunniy mulla o‘qitishga majbur bo‘ladi. Nihoyat, uzoq qishloqdan bir yosh sunniy mullani topib keltiradilar.

"Shia bo‘ldim, murtad emas"

Image copyright none
Image caption Kobuldagi shia masjidi

Afg‘onistonda qariyb 20% aholi shia. O‘zbeklardan tashqari qariyb barcha millat tarkibida shialar bor.

Ammo yakkam-dukkam o‘zbeklar ham shialikka kirishmoqda.

Gulmuhammad Davlatobod o‘zbeklaridan. Uylangan, to‘rt farzandning otasi.

U hali 10 yil avval yashirincha shia mazhabiga kirgan. Biroq bu qarorini uzoq yillar hech kimga, hatto ota-onasi va xotiniga ham bildirolmaydi.

Ikki yil oldin u o‘zining shialigini e‘lon qiladi.

"Qator qarindoshlarim meni kofir, deb gaplashmay qo‘yishdi. Hatto xotinimga ham endi nikohing harom bo‘libdi, deb aytishgan".

Gulmuhammad o‘z rafiqasiga qilgan ishi xato emasligini, shia ham, sunniy birdek tan olingan musulmon ekanligini tushuntirgan.

"Agar shialik xato bo‘lsa, sunniylik ham xato bo‘lmaydimi?" - deydi qizishib Gulmuhammad - "Islomda ikki mazhab ham birdek tan olingan. Men Islomdan kechib murtad bo‘lganim yo‘q-ku?"

Gulmuhammad bugun rafiqasi uning holatini anglaganini, birga yashayotganini aytadi. Lekin oilasidagi barcha ham uni tushunayotgani yo‘q.

U bilan birga qurilishda ishlaydigan ukasi esa akasi Gulmuhammadning qarorini oqlamasligini, hech qachon sunniylikdan voz kechmaslik kerakligini uqdiradi.

"Boshida akam bilan gaplashmay qo‘ydim, olishdim ham. Ammo onam uzilib ketmanglar, deb o‘tingani uchun yana munosabatlarimizni tikladim".

Siyosiylashgan farqlar

Image copyright none
Image caption Arbob Abdulrazzoqqa ko‘ra, sunniy qizning shia yigitga turmushga chiqishini ulamolar ham qabul qilishmagan

Aslida shia va sunniy farqi Muhammad Payg‘ambar o‘limidan so‘ng yuzaga chiqqan.

O‘shanda yangi Xalif faqatgina payg‘ambar oilasidan tanlanishi kerak, deb aytgan ozchilik musulmonlar keyinroq shialar, deb atalgan.

Bunday shart qo‘yish muhim emasligini ta‘kidlagan ko‘pchilik esa endi sunniylar sifatida ma‘lum.

Muayyan marosimlar, maishiy munosabatlar va ibodat borasida juz‘iy farqlarni aytmasa, ikki mazhab boshida ko‘p ajralib turmagan.

Ammo Payg‘ambarning nevarasi, Karbaloda o‘ldirilgan Imom Husaynga hamon aza tutadigan shialar butun mazhabga motamsarolik baxsh etganlar.

Har yili Imom Husayn o‘ldirilgan Muharram oyida shialar qora kiyib, o‘zlarini urib, ko‘ksilarini tig‘lab yig‘lashadi.

Shialar hamon Muharramda ashula aytgandek nolayu fig‘on bilan Husayn o‘limidan qissa qiladilar, ko‘chalarda g‘amgin islomiy girya aytadilar.

"Yoshligimda shia-sunniy farq qilmasdi" - deydi Kobuldagi shia yetakchilaridan biri Oyatullo Ahmad Mudarrisiy.

"Otam sunniy do‘stlari bilan birga uyimizda oqshomgacha suhbatlar qurar, namoz vaqti birga ibodat qilishardi" - deb davom etadi Oyatullo - "Ammo dunyodagi yirik kuchlar bugun ikki musulmon birodarni, ya‘ni shia va sunniyni urishtirib qo‘yishdi".

Image copyright none
Image caption Shialar Imom Husayn ta‘ziyasi uchun masjidda osh tortishmoqda

"Iroq, Suriya va yo Pokistondagi shia-sunniy urushlari aslida Islom dinidan kelib chiqmagan" - deya xulosa qiladi Ahmad Mudarrisiy - "Agar dunyoni boshqarayotgan yirik kuchlar Afg‘onistondagi shia va sunniyni urishtirishni istashsa, bemalol buni eplashadi, deb qo‘rqaman".

Afg‘onistondagi sunniy ko‘pchilik va shia ozchilik shuncha yillik urushlarda ham hech qachon o‘zaro mazhabiy nizoga kirishmagan. Biroq bugun ko‘plab mamlakatlarda ikki musulmon bir-biriga hujum qilib, urushayotgan ekan, ayni holat Afg‘onistonda ham ko‘pchilikni chuqur xavotirga solib qo‘ygan.

Hozircha musulmon olamidagi mazhabiy nizolardan o‘zini saqlab kelayotgan Afg‘onistonda esa juz‘iy farqlar va ayrim odamlar shuuridagi o‘zgachalik eng zaif nuqta bo‘lib o‘rtaga chiqishi ehtimoli ko‘plarni qo‘rquvga soladi.

Mozori Sharifda esa shia mazhabiga o‘tgan Gulmuhammad ham, uning sunniy ukasi ham peshin namozi oldidan tahorat olib, yaqindagi ikki masjidga yo‘l oladilar.

Aka shia masjidiga, uka sunniy masjidiga borib, Qiblaga bosh qo‘yishadi, ikkovlon ham Ollohga hamd-sano o‘qishadi, uning Rasulini ulug‘lashadi.

Xuddi shu joyda, shu daqiqada shia va sunniy orasida farq chizig‘ini tortib ham, topib ham bo‘lmaydi.

Ammo bu chiziq esa qayerdadir tashqarida, balki siyosiy doiralarda, balki muayyan qarashlarga moyil shuurlardagina tortilgandek tuyuladi, xolos.