"Donetskliklar tartibsizliklar yana takrorlanishidan xavotirda"

Image copyright AFP

Ukraina sharqidagi Donetsk shahrida prezident Yanukovichning qudratdan ag‘darlishidan beri eng jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan xabar qilingan. Rossiyaning Qrimga harbiy mudoxalasiga qarshi bo‘lgan namoyishchilar bilan rossiyaparast namoyishchilar orasidagi to‘qnashuvda bir kishi halok bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, rossiyaparast namoyishchilar qo‘lbola portlovchi modalar va mushaklarni otib, ikki tomonni ajratib turgan politsiya safini buzib o‘tgan vaqtlari to‘qnashuvlar boshlanib ketgan. BBC O‘zbek xizmati hozirda Donetsk shahrida bo‘lgan BBC muxbiri Dariyush Rajabiyon bilan bog‘lanib tafsilotlarni so‘radi.

Dariyush Rajabiyon: Boshida aytildiki, Ukraina, Kiyev hukumati tarafdorlari va Ukraina birligini yoqlaganlarning mitingi bo‘ladi deb. Yig‘ilganlar boshida yangi hukumat, birdamlik himoyasiga shiorlar aytishdi. Keyin qayoqdandir boshqalar paydo bo‘lishdi. Ular ham yuzlarcha edi. Ular militsiya kardonini bosib o‘tib, boshqa tomondagilar bilan urishib ketishdi. Keyin portlash emasku, petartlar otishdi. Sovuq qurol bor edi odamlarda. Hozir bizga ma‘lum halok bo‘lgan kishi pichoqlanish natijasida o‘lgan. Mahalliy hukumat uni ukraina hukumati tarafdori ekanini aytmoqda. Ya‘ni u maydonning Kiyev hukumati tomonidagilar orasida bo‘lgan.

BBC: Kechagi tartibsizliklardan so‘ng bugun shaharda ahvol qanday va odamlarning kayfiyatlari haqida nima deyish mumkin?

Dariyush Rajabiyon: Bir qarashda hozir vaziyat izga tushganga o‘xshaydi. Lekin kecha sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng shaharda taranglik baribir sezilib turibdi. Odamlarda bu faqat boshlanishi degan xavotirlar bor. Yana bunga o‘xshash qarama-qarshiliklar takrorlanishi mumkin. Biz bilamiz, 16 martda Qrimda referendum bo‘ladi. Qrim Ukrainaning bir qismi deb hisoblovchi odamlar bundan keyin ham shunday bo‘lishi kerak degan fikrda, shu bilan birga Qrim 60 yil oldin Xrushyov tomonidan Ukrainaga berilgan va Rossiyaga qaytarilishi kerak deydiganlar ham bor. Kechagi voqea esa aytish mumkin, Yanukovich qudratdan ketgandan so‘ng yuz bergan ilk qon to‘kilishidir. Bu Yanukovich tug‘ilib o‘sgan Donetskda sodir bo‘ldi. Ya‘ni bunday voqealar nafaqat Maydonda, yoki Kiyevda balki Ukrainaning sharqiy qismida ham sodir bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu tartibsizliklar butun sharqiy hududlariga ham tarqalishi mumkinligi haqida yangi hukumatning xavotirini ham aks ettiradi. Kiyevdagi hukumat Rossiyani go‘yoki ekstremistlarni yuborayotganlikda ayblamoqda. Shu yo‘l bilan Ukraina hukumatida vaziyatni nazorat ostida saqlab turish uchun kuch yo‘qligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgani aytilmoqda. Bugun hatto shu haqda murojaat ham e‘lon qilindi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi aytishicha, Donetskdagi voqealar Ukraina yangi hukumati vaziyatni nazorat qilolmaganini ko‘rsatadi. O‘z navbatida Rossiya ham rasmiy Kiyevni Donetsga turli hududlardan buzg‘unchilarni yuborib, voqeani sodir etganlikda ayblagan.

BBC: Odamlar nima deyishmoqda? Bu tartibsizliklarning tashkilotchilari kimlar bo‘lishi mumkin. Ular haqiqatdan Donetskning Rossiyaga qo‘shilishni xohlagan aholisimi yoki tashqaridan kelgan provakatorlar deb bilishadimi?

Dariyush Rajabiyon: Bu borada albatta aniq bir nuqtai nazar, bitta fikr yo‘q. Hozir Ukraina ikki qismga bo‘lingan deb aytish mumkin. Naqat jug‘rofiy tomondan, balki ideologik va sodiqlik tuyg‘usi jihatidan ikkiga bo‘lingan. Shuning uchun kim Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi kerak deb bilganlar bu tartibsizliklar Ukraina buzg‘unchilarining ishi desa, ukrainaliklar yoki Ukraina hukumati tomonidagilar voqeada Rossiyaning qo‘li bor deb bilmoqda.

BBC: Mahalliy aholida xavotirlar bormi, Qrimdan so‘ng Donetskda ham Rossiyaga qo‘shilish istagi paydo bo‘lishidan?

Dariyush Rajabiyon: Albatta. Bunday xavotirlar bor edi, kechagi voqealardan so‘ng kuchaydi. Bugun shaharni aylanganimda, odamlarning gap-so‘zlaridan kuzatdimki, aholi referendumdan keyin nima bo‘lishi haqida o‘ylamoqda. Bunday voqealar ham ko‘proq sodir bo‘lishidan xavotirlanyaptidar. Lekin ular bu haqda hech narsa aytolmasalarda, biz bilamizki, Donetsk hududi, mintaqasida ikki tomon tarafdorlari ham bor. Ularda o‘zlarining bosim qiluvchi tomonlari, o‘z mavqelari, nuqtai nazari bor. Ukraina hukumati tarafdorlari va Rossiya tarafdorlari bor. Shuning uchun ular qancha va qaysi nuqtai nazarga ko‘proq egaligini aytish juda qiyin.