Toshkentda oq qon kasalligiga qarshi yangi usul qo‘llana boshlandi

Image copyright Science Photo Library
Image caption Oq qon kasalligida o‘zak xujayralarni ko‘chirib o‘tkazish usuli dunyoda keng qo‘llaniladi

Xabar agentliklarida aytilishicha, Toshkentdagi Qon quyish va gematologiya tadqiqot markazida o‘zak xujayralarni ko‘chirib o‘tkazish usuli qo‘llana boshlagan.

Asosan oq qon kasalligiga qarshi kurash yo‘llaridan biri hisoblangan bu usul jahon mamlakatlarida 20 yilcha avval ishlatilgani ma‘lum.

BBC o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish usullarining turlari va kasalikka qarshi kurashda ne qadar samarali bo‘lishi mumkinligi haqida Britaniyaning Lids universtitetidan genetik mutaxassis Nodira Yo‘ldosheva bilan suhbatlashdi.

Nodira Yo‘ldosheva: Men albatta o‘zbek hamkasblarimni bu muvaffaqiyat bilan qutlashni istardim. Bu muammo har qanday boshqa mamlakat singari O‘zbekiston uchun ham juda dolzarbdir. Kasalikka qarshi kurashda bu juda muhim qadam. Umuman o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish usuli juda jiddiy jarayon. Bu yerda eng avvalo o‘zak hujayralar nima ekanligini tushuntirib bersam. O‘zak hujayralar bu ibtidoiy, asl hujayralar bo‘lib, keyinchalik differentsiatsiya natijasida voyaga yetgan hujayraga aylanuvchi hujayralardir. Oq qon kasalligi, yoki qon raki kasalligiga chalingan vaqtida patologik ravishda differentsiallashmagan, lozim vazifasini bajara olmaydigan va organizmni muhofaza qila olmaydigan hujayralarning noodatiy raivshda ko‘payib ketishi kuzatiladi. O‘zak hujayralar qayerdan olinadi? Ular qon tizimida aylanuvchi qondan, ilikdan yoda platsenta, yoki homila yo‘ldoshidagi qondan olinadi. Platsentadan o‘zak hujayra olib ko‘chirish juda kam hollarda yuz beradi. Qon tizimida aylanuvchi qondan o‘zak hujayra olish anchayin keng tarqalgan usul. Bu usulda qon tsentrifuga orqali o‘tkazilib, oq va qizil qon hujayralariga aylantiriladi. Oq qon kasalligi organizmda voyaga yetgan oq qon hujayralarining yetishmasligi kasalligi bo‘lgani uchun bu jarayon asosida olingan oq hujayralar kasalga qaytarilib, qizil qon hujayralar donorga qaytariladi. Menga ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda inson organlarini ko‘chirib o‘tkazishga rasman ruxsat berilmaydi. Shuning uchun aynan ana shu qondagi o‘zak hujayralarni ko‘chirib o‘tkazish usuli haqida gap ketmoqda bu yerda, fikrimcha.

BBC: Bu usul oq qonga qarshi kurashda ne qadar samarali?

Nodira Yo‘ldosheva: Bu usulda asosan kasallikning hali rivojlanmagan bosqichida bo‘lgan inson o‘zining qonidan foydlaniladi. Qonni olib undan kasalikka chalinmagan oq hujayralar ajratib olinganidan so‘ng saqlab qo‘yiladi va kasal kimyo yoda radio terapiyasidan o‘tkazilganidan so‘ng qayta unga quyiladi. G‘oyada bu usul juda samarali. Lekin muammo shundaki, qonni yoda qon hujayralarini saqlab turish juda mushkul narsa. Qonni boshqa organlarga o‘xshab muzlatib, keyinchalik muzdan tushirib ishlatib bo‘lmaydi. Boshqa donor qonidan o‘zak hujayralrni olib o‘tkazish usuli ham bor, lekin tom ma‘noda har jihatdan to‘g‘ri keladigan qon donorini topish juda murakkab masala. Lekin O‘zbekiston sharoitida qoni to‘liq to‘g‘ri keladigan insonni topish nisbatan osonroq bo‘lishi mumkin. Chunki bizda oilalar ko‘pincha katta va aksar hollarda irsiy jihatdan qoni to‘g‘ri keladigan aka-uka, opa-singillar bor.

BBC: Taxmin qilishimcha, O‘zbekistonda ilikdan o‘zak hujayrani olib o‘tkazish qo‘llanmayotgan bo‘lsa kerak, deb aytdingiz. Umuman boshqa davlatlarda bu usul ne qadar keng qo‘llanadi?

Nodira Yo‘ldosheva: Anchayin keng qo‘llanadi. Lekin bu anchayin murakkab usul, chunki oqibatlari juda jiddiy bo‘lishi mumkin. Bu usulda kasalning o‘zining iligi butunlay yo‘q qilinadi va o‘rniga donor iligi o‘tkaziladi. Bu usulga qo‘l urishdan oldin shifokorlar ijobiy natija ehtimoli deyarli mutalaqo bo‘lishiga ishonch hosil qilish kerak bo‘ladi. Boshqa tomondan imkoniyatlar ham cheklangan, chunki ilik donorlarini topish juda murakkab masala.