O‘zbekiston: Konstitutsiya o‘zgaradi, prezident vakolati cheklanadi

Image copyright none
Image caption Sobiq Ittifoqda eng uzoq muddat amalidan tushmay kelayotgan ikki prezident - Islom Karimov va Nursulton Nazarboyev qolishdi

O‘zbekiston Oliy Majlisi hozir qator yuqori martabali rahbarlar va idoralar vakolatlariga o‘zgartirish kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqmoqda.

Xususan, Prezident, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimlari vakolatlari konstituitson o‘zgarishlarga yuz tutishi mumkin.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, yangi qonuniy o‘zgarishlar O‘zbekiston prezidenti vakolatlarini cheklab, uni ijro va qonun chiqaruvchi organlarga berishni ko‘zda tutadi.

Ayni qadamlar esa mamlakatdagi prezidentlik sayloviga bir yil vaqt qolganda qo‘yilmoqda.

Hozir Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston konstitutsiyasi ayrim moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni muhokama qilmoqda.

O‘zgarishlar, asosan, boshqaruv idoralariga taalluqli.

"Xalq So‘zi" gazetasining yozishicha, ushbu o‘zgarishlar jarayonida O‘zbekiston prezidenti vakolatlarining bir qismini Bosh vazirga o‘tkazish nazarda tutilgan.

Biroq prezidentning aynan qanday vakolatlari cheklanishi ko‘zda tutilayotgani haqida hech qanday ma‘lumot berilmagan.

"So‘nggi o‘n to‘rt yil davomida O‘zbekistonda prezident vakolatlari torayib, ular Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasiga oshirilayotgani kuzatiladi" - deydi Ovro‘poda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Image caption Islom Karimov dunyodagi eng shafqatsiz va yakkahokim rahbarlardan sanaladi. G‘arbda Islom Karimov rasmi va nomi bilan "Diktator" degan chipslar ham ishlab chiqiladi

Darhaqiqat, bir vaqtlar Vazirlar Mahkamasi raisi ham prezident edi. Endi esa xo‘jalik hamda iqtisodiy mas‘uliyatlarning ayrimlari Bosh vazir zimmasiga o‘tgan.

Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, endi O‘zbekistondagi ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat ustidan mas‘uliyat ham ko‘proq Bosh vazir vakolatiga o‘tishi mumkin.

Biroq tahlilchilarga ko‘ra, baribir, prezident boshqaruvi, O‘zbekiston sharoitida esa yakka hokimligi saqlanib qolish ehtimollari katta.

"Prezident Karimov 1990-yillari davlatdagi barcha boshqaruv amallarini o‘z mas‘uliyatiga kiritgandi" - deydi Kamoliddin Rabbimov - "Lekin bu holat uning nomi, obro‘si va imkoniyatlariga faqatgina salbiy ta‘sir qildi".

"Endi Islom Karimov mavjud vaziyat ustidan nazoratni to‘laligicha saqlab qolgan holda, ayrim vakolatlarni imkon qadar boshqalarga bo‘lib bermoqchi".

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritilishi matbuotda e‘lon qilingan. Lekin bu o‘zgarishlar aynan nimalardan iborat bo‘lishi noma‘lum qolmoqda.

Shu asno, ushbu o‘zgarishlar ko‘lami va ulardan ko‘zlangan maqsad nima bo‘lishi mumkin, degan masalada aniq xulosa chiqarish qiyin bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, kutilayotgan qonuniy yangilanishlar 2015 yilgi prezidentlik sayloviga neqadar aloqadorligi ham mavhum.

Biroq Islom Karimov O‘zbekiston konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish yo‘li bilan har vaqt o‘z prezidentlik muddatlarini cho‘zib keladi.