Sovuq urush shamoli esmoqdami?

Image copyright crimea

20 yildan ortiqroq vaqt muqaddam sovuq urush tugaganidan beri Rossiya va G‘arb bu qadar yuzma-yuz qarama-qarshilikka bormagandi.

Qrim referendumida 97 foiz Rossiyaga qo‘shilishni ma‘qullab ovoz bergani e‘lon qilingani avj nuqta bo‘ldi.

Moskva va Vashington munosabatlari bugun qanchalar pastga sho‘ng‘igani borasida tasavvur qilishingiz uchun Rossiya davlat nazoratidagi Birinchi kanalga qarashingiz kifoya.

Yakshanba kuni yangiliklar tahliliga oid dasturda Kremlga sodiqati bilan tanilgan boshlovchi yadroviy bomba portlashi aks etgan surat qarshisida turib oldi.

"Rossiya Qo‘shma Shtatlarni radioaktiv changga aylantirishga qodir dunyodagi yagona mamlakat", dedi u.

Va u hazillashmayotgan edi.

Narigi burchakda esa, Prezident Obama Ovro‘poga safar qilishi va Vitse-prezidenti Jo Bayden Polsha va Litvaga borayotganini e‘lon qildi.

"Biz aytmoqchi bo‘lganimiz aniq", dedi janob Obama.

"Biz NATO ittifoqchilari jiddiy mudofaa majburiyatiga egamiz va bunda sobitmiz", deya qo‘shimcha qildi u.

Rossiya G‘arbning Qrimdan qo‘shinlarni olib chiqish va u yerdagi referendumni to‘xtatish borasidagi chaqiriqlariga pisand qilmas ekan, munosabatlar diplomatiyadan qarama-qarshilikka aylanishi muqarrar edi.

Moskva o‘z istagida ortga boqmay oldinga qadam bosishda davom etdi va seshanba kuni Kremlda ma‘ruza qilgan Prezident Putin Rossiyaning Qrim borasidagi amallarini oqladi.

Qizil Maydonda esa, "Biz birgamiz" deb nomlangan kontsert rejalangandi.

Jazo choralari

Image copyright AFP
Image caption Vladislav Surkov AQSh jazo choralarini bepisandlik bilan qabul qildi

AQSh va Ovro‘po Ittifoqi esa, qator jazo choralari bilan javob qaytardi.

Har ikki tomon ham Qrim va Rossiya rasmiylarini nishonga oldi.Rossiya va Ukrainaning 21 davlat mulozimi Ovro‘po davlatlari hududiga kirishi taqiqlandi va bank hisoblari muzlatilishi bildirildi.

Vashington qudratliroq siyosatchilar va maslahatchilarni nishonga oldi. Ro‘yxatning boshida Vladimir Putinning yaqin yordamchisi Vladislav Surkov turibdi.

O‘tgan 10 yil asnosida u tepasida Putin turgan avtoritar hukumatni yaratishga ko‘mak bergan bosh aqidaparast deb ko‘riladi.

Ikkinchi o‘rinda Rossiya rahbarining yana bir yordamchisi, Ukraina masalalari bo‘yicha asosiy maslahatchi Sergey Glazev qo‘yilgan.

Qolgan 9 nafari - Rossiya parlamenti yuqori palatasidan va Qrimdagi etnik ruslar.

Ammo, ularning Qo‘shma Shtatlarda muzlatishga arzigulik bank hisoblari, hissalari yoki mol-mulki bormi yo‘qligi ma‘lum emas.

Jazo choralari esa, ro‘yxatdagilar tarafidan nazar-pisand qilinmay kutib olindi.

"Vashington ma‘muriyatining qaroriga men Rossiyaga xizmatlarimning tan olinishi deb qarayman", deb aytgan Vladislav Surkov Rossiya ro‘znomalaridan biriga.

"Bu men uchun katta sharaf", deya qo‘shimcha qilgan u.

18 martda parlament qarshisida chiqish qilgan Vladimir Putin Qrimning Rossiyaga kirishi haqidagi shartnomani imzolash maqsadga muvofiq deb bilishini ma‘lum qildi.

Endi G‘arbning jazo choralari kimga va yo nimaga qaratiladi?

Janob Putin Ukraina sharqiga qo‘shin yo‘llasa oqibati nima bo‘ladi?

Keyin G‘arbning ushbu sovuq urushga munosabati qanday bo‘ladi?