"Qozog‘iston Rossiyaning Qrim borasidagi qarorini tushunadi"

Image copyright Reuters

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Qrimni qo‘shib olish qaroriga munosabat bildirib bayonot e‘lon qilgan.

Tashqi ishlar vazirligining rasmiy web-saytida e‘lon qilingan bayonotda aytilishicha, Qozog‘istonda Qrimda o‘tkazilgan referendum mahalliy aholining o‘z irodasini erkin ifoda etish sifatida qabul qilganlar.

Qozoq tashqi siyosat idorasi Qrimni Qrim Muxtor Respublikasi deb ataydi.

"Qrim Muxtor Respublikasida 2014 yil 16 martda referendum o‘tkazilgani munosabati bilan Qozog‘iston o‘zining BMT nizomiga muvofiq xalqaro huquqning fundamental tamoyillariga sodiqligini urg‘ulaydi", deyiladi bayonotda.

"Qozog‘istonda Rossiya Federatsiyasining yuzaga kelgan vaziyatda qabul qilgan qaroriga tushunish bilan yondoshadi", deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Ayni paytda Qozog‘iston Ukrainadagi inqirozdan chiqishning tinch yo‘llari tarafdori ekani, bu inqiroz BMT va boshqa obro‘li xalqaro tashkilotlar ishtirokida muzokaralar yo‘li bilan hal etilishini istashini bildirgan.

Shu kuni Kremlda Prezident Putin Rossiya parlamentining yuqori va quyi palatalari a‘zolari, mamlakatning boshqa xos doiralari vakillari ishtirokidagi yig‘ilishda ma‘ruza qildi.

Bu nutqda u Rossiyaning Qrim borasida tutgan siyosatini oqladi.

So‘ng Qrimning rossiyaparast siyosatchilari va Sevastopol shahri vakili ishtirokida Ukrainaning bu hududlarini Rossiyaning federatsiya sub‘ekti deb e‘lon qilish haqidagi shartnoma imzolandi.

Qrim referendumini ham, Ukraina hududlarini Rossiyaga qo‘shib olish qarorlarini ham boshqa mamlakatlar tan olganlari yo‘q.