"Qrim Rossiyaning nishoni emas. Nishon - Ukraina"

Image copyright Reuters

Qrimdagi Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi ziddiyat NATO oldiga yangicha maqsadlarni qo‘ysa ajabmas. Bu mojaro NATO, Ovro‘po Ittifoqi, Vashingtonning Ovro‘po bilan aloqalari va energiya ta‘minoti yo‘llarining kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikki tomondan yangrayotgan bayonotlar, yovqarash va hikoya qahramonlari Sovuq Urushni eslatsada, bu endi Sovuq Urushning qayta jonlanishi deb bo‘lmaydi. Chunki Rossiya, avvalambor, Sovet Ittifoqi emas. Globallashgan iqtisod o‘zgacha kontekstni yaratgan, Moskva va G‘arb o‘rtasidagi harbiy adovat o‘tmishda qolgan.

Lekin, bugungi ziddiyatning xavfini tan olmasdan ilojimiz yo‘q. Qrimdagi inqiroz Sovuq Urush oxiridan beri Ovro‘po va Atlantik ummoni hududida yuzaga kelgan eng muhim drama bo‘layotir.

Puchga chiqqan umidlar

Yigirmanchi asr oxiriga yetar ekan, ba‘zi siyosiy tahlilchilar Sovet Ittifoqining qulashini "tarixning yakuni" deya ta‘riflashdi. Ular fikrida, endi hammamiz kapitalist edik va qariyb 100 yil jahonni ikkiga bo‘lgan mafkurafiy adovat endi yakun topgandi.

G‘arbda Rossiya va Xitoyni o‘z sheriklari, hamda xalqaro tizimning mas‘uliyatni o‘yinchilari deb ko‘rish istagi jo‘sh urgandi.

Xitoyning Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi amallari uning qo‘shnilari orasida ana shu umidlarning qanchalar asosli ekani borasida shubhalar uyg‘otdi.

Rossiyaga kelsak, uning Qrimdagi harakati bu umidni bira to‘la yerga ko‘mib qo‘ya qoldi.

Mudofaa xarajatlari dunyo bo‘ylab qisqarar ekan, iqtisodiy qudrat asosiy kuchga aylanishi kutilgandi.

Kelajakning ta‘mi

Biroq, Moskvadagi qarashlar boshqacha edi. G‘arbning Bolqon, Iroq va Liviyadagi harbiy amaliyotlari Kremlga G‘arb istagan vaqtida o‘zboshimchalik bilan harbiy kuchini qo‘llashi mumkin degan ishorani berdi.

NATOning chegaralari Rossiya sari tobora siljib borar ekan, Prezident Vladimir Putinning Moskva sobiq sovet hududlaridagi o‘z mavqeini kuchaytirishi bilangina Rossiyaning obro‘si va xavfsizligi ta‘minlanadi degan qarashi o‘z tasdig‘ini topa boshladi.

Bunga erishish uchun rus ozchiliklarini himoya qilish bir vaqtning o‘zida ham maqsad, va ham taktikaga aylandi.

Gurjiston bilan 2008 yilda yuzaga kelgan ziddiyatida Moskva Gurjiston hududidan ikki hududni kesib olib, u yerda rusiyzabon protektoratlarni barpo qilishi hali oshning tuzini tatib ko‘rishdek bir narsa edi.

Qrim Rossiyaning asosiy nishoni emas. Nishon - Ukraina.

Hech kim Putinning Ukrainadagi uzoq muddatli rejalari qanday ekanini bilmaydi. Lekin, uning qisqa muddatli amallari Kiyevda o‘ta aksil-Rossiya hukumatining o‘rnatilishiga hissa qo‘shdi.

Rossiya butun Ukrainaga ta‘sir qila olishni istaydi. U Ukrainaning boshqa hududlarini yana kemirishda davom etadimi, yoki Kiyevdagi yangi hukumatni ichidan barbod qiladimi, aniq ishora shuki, bu inqiroz Qrim referendumi bilan yakuniga yetmaydi.

Ukraining taqdiri hali ko‘p yillar Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi qarama-qarshilikning markazi bo‘lib qoladi.

AQSh prioritetlari

Qarama-qarshilik kuchayib borar ekan, NATO qayta jonlanadi, biroq unga a‘zo davlatlar faqat dahanaki jang olib boradilarmi, yoki mudofaa salohiyatini oshiradilarmi, bu hozircha ochiq savol.

Vashington xavfsizlik mas‘uliyatlarini Ovro‘podagi ittifoqchilari yelkasiga oshirishni xohlagandi, biroq Qrimdagi mojaro Ovro‘po xavfsizligidagi AQSh roli qanchalar markaziy ekanini yana bir bor namoyish qildi.

Tasodifmi yo‘qmi, Boltiqbo‘yi mamlakatlari ustidan shu kunlarda NATOning havo patrulini amalga oshirgan uchoqlar Amerikaniki bo‘ldi. AQSh bu amaliyotni qo‘llab-quvvatlash uchun yana ko‘proq qiruvchi uchoqlarni yubordi. AQSh, shuningdek, Polyshaga o‘z uchoqlarini yo‘lladi.

Vashington endi uzoq muddatga o‘z ittifoqchilari xavfsizligini ta‘minlashga qanchalar bel bog‘laganini namoyish qilishi kerak bo‘ladi.

Sovuq Urush yakun topishidan 20 yil o‘tib, Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi sovuq va adovatli munosabat oddiy holga aylanadigan ko‘rinadi.

Your contact details
Disclaimer