OXHT kuzatuvchilarini Rossiya Qrimga kiritmoqchi emas

Image copyright RTRS

21 mart kuni Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotiga a'zo 57 mamlakat vakillari xavfsizlik vaziyatini kuzatish uchun Ukrainaga xalqaro kuzatuvchilarni yuborishga qaror qilgan.

100 kishidan iborat monitoring guruhini Ukrainaning zo'ravonliklar kuzatilgan janubi-sharqiy mintaqalari, xususan, Odessa, Donetsk, Dnepropetrovsk va Lugansk shaharlariga olti oy muddatga yuboriladigan bo'lgan.

OXHT yig'inidan keyin noharbiy kuzatuvchilar 24 soat mobaynida Ukraina mintaqalarida joylashtirilishi xabar qilingan.

Kuzatuvchilar e'tibori rossiyaparastlar va Ukraina tarafdorlari o'rtasida to'qnashuvlar ro'y bergan joylarga qaratiladi.

Agar zarur bo'lib qolsa, Ukrainaga 400 kuzatuvchi yuboriladi.

OXHT missiyasi borasida AQSh bayonot e'lon qilgan.

Bu bayonotda kuzatuvchilar Ukrainaning barcha hududlarida faoliyat yuritish mandatiga ega ekanliklari ta'kidlangan.

Biroq Rossiya elchisi Andrey Kelinga ko'ra, Qrim endi Rossiyaning tarkibiy qismi bo'lgan hudud va OXHT kuzatuvchilarining Qrimga kirishlari mumkin emas.

Bundan oldin Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti vakillari Qrimga kirishga harakat qilganlarida guruhga qarata o'q uzilgan va ular ortga qaytishga majbur bo'lgan edilar.