Prezidentlik saylovlari: Nomzodning yaxshisini kim biladi?

Image copyright
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ya‘ni, erkakmi va yo ayol? Bu yana qanaqa savol bo‘ldi, desangiz, eng dolzarblaridan biri...

Qayerda deysizmi, taqdiriga O‘zbekiston ham befarq bo‘lmagan qo‘shni Afg‘onistonda.

Prezidentlik saylovlari arafasida Afg‘onistonning anchayin an‘nador chekka hududlarida xuddi shu masala bugun jiddiy shikoyatlarga sabab bo‘lmoqda ekan.

Hali-hanuz oilada so‘zi so‘z bo‘lgan afg‘on erkaklarining da‘vo qilishlaricha, nomzodning zo‘rini faqat o‘zlari bilishadi.

Va erkak kishi turgan paytda, bu masalada ayolga yo‘l bo‘lsin: "Agarki, saylovlarda qatnashsa ham, oila boshlig‘i tanlagan nomzodga ovoz beradi!"

O‘z o‘rnida ta‘kidlab o‘tish joiz, Afg‘oniston aholisining katta qismi xuddi shu kabi kayfiyat hukmron qishloq hududlarida yashashadi.

Mavjud holat mahalliy faollar va hatto, saylov mas‘ullarining o‘zlarini ham xavotirga solmay qo‘ymagan, ular xotin-qizlarni ovoz berishga undash uchun bu gal masjid ulamolarigacha ishga solishgandi.

Ammo, Afg‘onistonning chekka qishloq hududlaridan biz bilan suhbatda bo‘lgan aksariyat ayollarning aytishlaricha, prezidentlik saylovlari bo‘lmaydimi, erlari nima deyishsa, shu bo‘ladi.

Ularga ko‘ra, yillarki shakllanib kelgan an‘anasifat odatni buzishga hadlari sig‘maydi va qanday qilib erlariga hurmatsizlik qilishadi?!: "Butun oilam nomidan borib, erimning o‘zi ovoz berib keladi".

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, qo‘shni Afg‘onistondagi bu galgi prezidentlik saylovlari avvalgi ikkitasidan farqli tarzda, biror bir ayol nomzodning ishtirokisiz bo‘lib o‘tadi.

Qariyb bir oydan beri butun Afg‘onistonni zabtiga olayotganiga qaramay, saylovoldi tablig‘ot amaliyotlarida ham afg‘on xotin-qizlari deyarli ko‘zga tashlanmaydi.

O‘z kampaniyasi chog‘ida prezidentlikka 1-muovin va Afg‘oniston shimolida katta qudratga ega muxolif siyosatchi general Abdulrashid Do‘stumning ilk bor o‘z xonimini xalq ko‘z o‘ngiga olib chiqishi esa, Afg‘onistonda, hatto, yaqinda kunning bosh xabariga aylangan voqe‘lik tusini ham oldi.

Afg‘onistonning yangi prezidentligi uchun bellashayotgan 11 erkak nomzod aksariyatining xotin-qizlar borasidagi va‘dalari esa, ularning huquqlarini yaxshilash va ta‘lim olishlariga ko‘proq yo‘l berish kabi umumiy gaplar bilan cheklanmoqda.

Xuddi shunday manzarada, BBC O‘zbek Xizmati o‘zining o‘ta an‘anadorligi va shafqatsizligi bilan nom chiqargan Tolibon tuzumi qulatilishidan 13 yil o‘tib ham, to‘qnash kelib turgan muammolari ozmuncha bo‘lmagan Afg‘oniston xotin-qizlariga mikrofon tutib, ularning bo‘lajak saylovlar arafasidagi o‘y-fikrlari bilan qiziqqan.